Линклар

logo-print

O‘zbekiston Bosh prokurori Rashid Qodirov ishdan olindi​


Rashid Qodirov bosh prokuror lavozimini 15 yildan beri egallab kelgan.

Rashid Qodirov bosh prokuror lavozimini 15 yildan beri egallab kelgan.

O‘zbekiston Bosh prokurori Rashid Qodirovning ishdan olinib¸ uning o‘rniga prezident devonida davlat maslahatchi maqomida ishlagan Ixtiyor Abdullayev tayinlangani haqidagi xabarni O‘zbekiston boshqaruv elitasiga yaqin manbalar Ozodlikka bildirgan bo‘lsa-da, rasmiylar bu xabarni izohlamayotir.

Ozodlik manbalarining iddaosiga ko‘ra¸ shu kunlarda mehnat ta‘tilida bo‘lgan 63 yashar Rashid Qodirov zudlik bilan prezident devoniga chaqirtirilgan va o‘z ixtiyori bilan ishdan ketish to‘g‘risida arizasi yozdirib olingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin bir-biridan mustaqil manbalarning Ozodlikka bildirishicha, Bosh prokuror lavozimini 15 yil egallab kelgan Rashid Qodirov nafaqaga chiqarilgan.

O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimiga prezident devonida kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lgan Ixtiyor Abdullayev tayinlangani aytildi. Abdullayev prezident devonidan oldin O‘zbekiston Adliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy saytida Rashid Qodirovning ishdan olingani haqida ma‘lumot yo‘q. Rasmiy saytning idora rahbariga doir bo‘limida Qodirovning ismi qolmoqda.

KGBdan chiqqan prokuror

1952 yili Andijonda tug‘ilgan, ToshDU (Milliy Universitet) huquq fakultetini tugatgan Rashidjon Hamidovich Qodirov 1980 yildan boshlab O‘zbekiston davlat xavfsizlik xizmati (KGB) tergov bo‘limida ishlagan.

Andijon oblasti partiya qo‘mitasi sobiq sekretarining o‘g‘li Rashid Qodirov 1992 yilda O‘zbekiston MXX rais o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. 1994 yili esa O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari lavozimini egallaydi.

2000 yilda bosh prokuror etib tayinlangan Qodirov bu vazifada ikki muddat ishlaganidan keyin 2010 yilda mamlakat parlamenti tomonidan uchinchi marta lavozimida qoldiriladi.

Rashid Qodirov 1-darajali davlat adliya maslahatchisi maqomiga ega.

Korruptsiya iddaolari

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Rashid Qodirov O‘zbekistondagi yashirin boylardan biridir. Dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatida Rashid Qodirov oilasiga oid mol-mulk borligi iddao qilinadi.

Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati nashri o‘tgan yili Rashid Qodirov mulki deb ishonilgan Latviyadagi ikkita villaning fotosuratini chop qilgan edi.

Ayni nashrda Qodirovning Shveysariya¸ Avstriya va Chexiyada ko‘chmas mulklari borligi da‘vo qilinadi.

Ozodlik muxbirlari bu iddaolarni tasdiqlovchi Latviya ko‘chmas mulk reyestlariga doir hujjatlarni ko‘rgan.

Shuningdek, Rashid Qodirovning o‘g‘li Alisher Qodirov va kuyovi Temur Karimov juda katta pul mablag‘larini nazorat qilishi haqidagi ma‘lumotlar ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lgan edi.

Ozodlik tasarrufidagi ma‘lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyati Zangiota tumanida faoliyat olib borayotgan va bir martalik shpritslar hamda boshqa dori-darmonlar ishlab chiqaradigan “Asia Trade” shirkati muassisi Rashid Qodirovning o‘g‘li Alisher Qodirovdir.

Rashid Qodirov “yirik tadbirkor”lar G‘afur Rahimov hamda Salim Abduvaliyev bilan ham yaqin aloqada ekani da‘vo qilinadi.

Rashid Qodirovning kushandasi MXXmi?

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yil yozgan tvitlarida O‘zbekiston MXXsi Rashid Qodirovni "qo‘rquv iskanjasida ushlab turishini" yozgan edi.

Ozodlik manbalarining ishonishicha, O‘zbekiston Bosh prokurorining ishdan olinishi ortida MXX¸ xususan¸ uning raisi Rustam Inoyatov turibdi.

XS
SM
MD
LG