Линклар

Jizzax shahridagi 5-umumta‘lim maktabining yettinchi sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. 14 yashar qiz, Ozodlik manbalariga ko‘ra, maktabda o‘qituvchisi tomonidan tahqirlangandan so‘ng o‘zini osgan. Biroq, maktab direktori bu iddaolarni keskin inkor qildi.

Jizzax shahridagi 5-umumta‘lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qizchaning ismi-sharifi Ozodlikka ma‘lum. Lekin tergov jarayoni nihoyasiga yetmagani va ahloqiy sabablarga ko‘ra, uning shaxsini ochiqlamayapmiz.

Voqea 11 aprel kuni qizcha vaqtincha yashab turgan xolasining uyida sodir bo‘lgan.

Qizchaning ota-onasi Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lganligi sababli, u vaqtincha Bobur mahallasidagi xolasining uyida yashab turgan.

Mazkur voqea tafsilotlaridan xabardor Ozodlik manbasiga ko‘ra, qizcha tobi qochgan bo‘lsa, ham o‘qishlarini qoldirmagan:

“Uch to‘rt kun tobi qochib yurgan qiz, o‘qishlarini qoldirmaslik uchun maktabdan qolmagan. 11 aprel kuni u dars vaqtida o‘zini yomon his qiladi va ko‘ngli aynib, qusib yuboradi. O‘qituvchi esa uning bu holatini xomiladorlikka yo‘yadi va buni qizning sinfdoshlari oldida ochiq aytadi”, deydi manba.

Unga ko‘ra, shundan so‘ng bu gap tezda tarqalib ketadi va sinfdoshlari qizni masxaralay boshlaydi:

“Ota-onasi uzoqda bo‘lgan qiz bu gaplarga chidolmay o‘zini osib qo‘yadi. Qiz o‘limi oldidan xat qoldirmagan, ammo bilagiga shishani sinig‘i bilan bilan “Men tozaman” deb yozgan va boshini sirtmoqqa tiqqan”, dedi manba.

Ozodlik suhbatlashgan 5-umumta‘lim maktabi direktori Inobat Saidolimova bu iddaolarni keskin rad etar ekan, o‘quvchining o‘zini osib qo‘yishiga maktab aybdor emas deydi:

- Buni men rad etaman. Bu informatsiyani sizlarga yuborgan odam ahmoq odam. Bunaqa narsa bo‘lmagan. Bu o‘quvchining nima sababdan bunday qilgani hozircha noma‘lum. Balki sog‘lig‘i yuzasidanmi, balki ruhiy holatidanmi, bu ichki ishlar tomonidan o‘rganilyapti. Bu yaxshi o‘quvchimiz edi, uni maktabda hamma yaxshi ko‘rgan, oqila qiz bo‘lgan,- dedi Inobat Saidolimova.

Maktab direktori hozircha bu voqea yuzasidan hech kimga chora ko‘rilmaganini qo‘shimcha qildi.

Ismi sir qolish sharti bilan suhbatlashgan maktab o‘qituvchilaridan biri qizning bilagida o‘tkir tig‘ bilan yozilgan so‘zlar borligi haqida Ozodlikka gapirdi:

“Bu ishni o‘rganayotgan militsiya xodimlaridan birining aytishicha, qiz o‘limi oldidan bilagiga nimalarnidir yozishga uringan. Lekin bu narsani militsiya ham, direktor ham yashirishga harakat qilib, bu tig‘ izlari eski jarohatdan qolgan deb aytishyapti. Aynan sinfda nima gap bo‘lganini bilmadimu, lekin qizga maktabda kuchli ruhiy zarba yetkazilgani aniq”, dedi o‘qituvchi.

O‘qituvchining aytishicha, Rossiyadan yetib kelgan qizning ota-onasiga mahalla fuqarolar yig‘ini, shahar xalq ta‘limi bo‘limi vakillari tazyiq o‘tkazmoqda:

“O‘zingning aybing, yosh qizni tashlab Rossiyaga ketmasliging kerak edi, deyishgan. Ota-onaning o‘ziga do‘q qilib, ishni bosti-bosti qilishmoqchi. Vaholanki, bu ishga maktab aloqador bo‘lmasa, direktor ma‘naviy ishlar bo‘yicha o‘zining o‘rinbosarini vazifasidan bo‘shatib yubormasdi”, dedi manba.

O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi.

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida paxta terimiga safarbar etilgan Taxiatosh kasb-hunar politexnika kollejining uchinchi kurs o‘quvchisi, 18 yoshli Majid O‘teganov o‘tgan yilning 28 sentabr kuni o‘zini osgan edi.

2014 yilning avgust oyining ilk haftasida Samarqand viloyati Nurobod tumaniga qarashli Sazag‘an qishloq fuqarolar yig‘inida 17 yashar ikki qiz kuppa-kunduz kuni o‘zini osib o‘ldirdi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG