Линклар

O‘zbekiston Markaziy Banki raisining o‘g‘li Toshkentga qaytdi​


Ozodlik manbalari iddaosicha, sobiq militsiya boshlig‘i Abdumajid Mullajonov o‘z odamlarini qamoqdan ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Ozodlik manbalari iddaosicha, sobiq militsiya boshlig‘i Abdumajid Mullajonov o‘z odamlarini qamoqdan ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i Abdumajid Mullajonov mamlakatga qaytib, bir necha oydan beri duch kelgan muammolarini hal qilayotgani aytilmoqda. Ozodlik manbalaridan biri ikki-uch oydan beri Qrimda bo‘lgan sobiq militsiya boshlig‘i Toshkentga qaytgach, tergov ostida bo‘lgan o‘z odamlarini ozodlikka chiqarib olishga muvaffaq bo‘lganini aytmoqda. Bir-biridan mustaqil manbalarga ko‘ra, Mullajonovga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar bekor qilinib, sobiq militsioner pensiyaga chiqarib yuborilgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Abdumajid Mullajonov taxminan uch haftacha avval Qrimdan Toshkentga qaytgan. Ozodlik o‘z manbalariga tayanib, sobiq militsionerga nisbatan korrupsiya va firibgarlikka doir ayblovlar ilgari surilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Bir-biridan mustaqil manbalarimizning bildirishicha, Mullajonovlar oilasining Qrimda xashamatli uylari va bizneslari bor. Ma‘lum bo‘lishicha, sobiq militsioner o‘zi atrofidagi vaziyat tinchib olguncha Qrimda bo‘lib turgan. Hozir Toshkentga qaytib, muammolarini hal qilib yuribdi, deydi manbalardan biri.

“Ularning Qrimda uylariyu bizneslari bor. Ishdan xaydalganidan keyin Abdumajid o‘sha yerga ketib qoldi. Lekin mart oy oxirlarida Toshkentga qaytdi. Unga nisbatan jinoiy ish ochishgan edi, uni hal qilib, hozir pensiyaga chiqib oldi. Bundan tashqari o‘ziga tegishli firmalarning direktorlarini ham qamoqdan chiqarib oldi”, deydi Ozodlik manbasi.

Uning yana aytishicha, Mullajonovga qarashli Natural Fresh va NF Petrol firmalarining direktorlari sobiq militsioner ishdan chetlatilishi ortidan hibsga olingan va unga qarshi olib borilgan jinoiy ish doirasida tergov qilinayotgan bo‘lgan. Lekin Mullajonov bu ishning sudga oshirilmasdan yopilishi va firma direktorlarining ikkalasini ham chiqarib olishga muvaffaq bo‘lgan.

“Hozir hatto NF Petrol firmasiga tegishli 3-4 zapravka ham ishga qayta tushdi. Abdumajid yo‘qligida ishlar to‘xtab qolgan edi. Qaytib kelib yana ishlarni yurityapti. Ba‘zi gap-so‘zlarga ko‘ra, yana bitta zavod ochishga harakat qilib yuribdi”, deydi manba.

Bundan avval Ozodlik manbalari Mullajonovning Toshkent viloyatida bir nechta shirkatni reyderlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda ayblanayotgani hamda O‘zbekiston JKning kamida ikkita –– 211- va 212-moddalari, ya‘ni pora berish hamda pora bershda vositachilik qilishda ayblanayotganini iddao qilgan edi.

Ozodlikning yana bir manbasi Abdumajid Mullajonovni bundan bir hafta avval Toshkentda ko‘rganini aytadi. Lekin, deydi manba, Mullajonov ustidagi qora bulutlar tarqaldi, deyishga hozircha erta.

“U hamma muammaolarini hal qila oldi, deb ayta olmayman. Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra, u O‘zbekistonga o‘z ixtiyoriga ko‘ra qaytmagan, uni qaytarishgan. To‘g‘ri, u qamoqdan qutilib ketishi mumkin, bekamu ko‘st kelajagini ham ta‘minlab oladi, lekin uning tanobini yaxshilab tortishib qo‘yishgani sezilib turibdi”, deydi manba.

42 yoshli Abdumajid Mullajonov O‘zbekiston siyosiy elitasining eng nufuzli namoyandalaridan biri, Markaziy Bank raisi Fayzulla Mullajonovning to‘ng‘ich o‘g‘lidir. Uning ishdan olinishi Markaziy Bank raisiga berilgan zarba sifatida baholangan edi. Oradan bir necha oy o‘tib Mullajonovlarning yana biri 35 yoshli Abdujabbor Mullajonovning O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi lavozimidan chetlatilishi bu taxminlarga qo‘shimcha asos bo‘ldi.

O‘zbekiston rasmiy idoralari aka-uka Mullajonovlarning ichki ishlar va prokuratura tizimlaridagi lavozimlaridan chetlatilishini hech bir tarzda izohlashgani yo‘q.

Joriy yil yanvar oyida bosh prokuratura qoshidagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentidan haydalgan Abdujabbor Mullajonov O‘zbekiston sobiq ichki ishlar vaziri Zokir Almatovning kuyovi hamdir. Ozodlik manbasining iddao qilishicha, sobiq vazir kuyovining tarafini olib, o‘z kanallari orqali prezident devoniga ham chiqqan.

“Hatto Zokir Almatov Abdujabbor uchun “dodaga” (prezidentga-tahr.) chiqqan ekan. Sen aralashma, o‘zi javob bersin, degan javobni olibdi”, deydi manba.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalari hozirda Abdujabbor Mullajonov Qrimda qolayotganini aytishmoqda.

Mullajonovlar oilasi, sobiq ichki ishlar vaziri Almatovdan tashqari O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomovga ham qudadir.

Abdumajid Mullajonovning mamlakatga qaytishi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov davlat rahbarligiga qayta saylangan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

XS
SM
MD
LG