Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:19

O‘shdan qiz o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik muhojir ushlandi


O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasining Jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari Qirg‘iziston janubiy poytaxtida yashovchi 20 yoshli qizni O‘zbekistonga olib o‘tib ketmoqchi bo‘lgan 27 yoshli quvasoylik yigitni qo‘lga oldilar.

Bu haqda Ozodlikka O‘sh shahar IIB matbuot kotibi Zamir Sidiqov ma‘lum qildi.

Zamir Sidiqov qirg‘iz millatiga mansub o‘shlik qizning o‘g‘irlangani haqida militsiyaga dastavval uning yaqinlari xabar berganlarini aytadi.

- O‘zbek millatiga mansub o‘zbekistonlik bola qirg‘iz millatiga mansub qizni o‘g‘irlab, nikohga majburlamoqchi bo‘lgan. Ular avvalroq Internetda tanishgan ekanlar. Yigit Moskvada ishlar ekan. Keyin yigit O‘shga uchib kelib, qizni o‘g‘irlab, “Qizilqiyadagi yashirin yo‘llar bilan O‘zbekistonga olib ketaman” deb o‘ylab, o‘sha yoqqa olib ketgan ekan. Biz xodimlarimizga tegishli ma‘lumotlarni jo‘natganimizdan keyin u Qizilqiya shahrida qo‘lga olindi, - der ekan Zamir Sidiqov yigitning shaxsiga oid ma‘lumotlarni tergov manfaatlaridan kelib chiqqan holda hozircha ochiqlay olmasligini qo‘shimcha qildi.

Militsiya mas‘ulining aytishicha, hozir quvasoylik “omadsiz oshiq” O‘sh shahar IIBga qarashli vaqtincha saqlash izolyatorida saqlanmoqda. Unga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 155-moddasi (Ayolni nikoh qurishga majburlash, nikohiga olish uchun qiz o‘g‘irlash yoki uning nikoh qurishiga to‘sqinlik qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur hodisaga milliy tus berilishiga mutlaqo qarshi ekanini ta‘kidlagan O‘sh shahar IIB matbuot kotibi Zamir Sidiqov aslida turli millat vakillari orasidagi nikoh yaxshi ko‘rinish ekanini qayd etadi.

- Bir tomondan olib qaralganda, aralash nikohlar qurilishi bu yaxshi ko‘rinish. Biroq noqonuniy ish qilmasdan, qonuniy qilib, ota-onasini sovchi qilib yuborib olib ketsa, yaxshi bo‘lardi. Qiz olib qochishga qarshi kurash keyingi yillarda kuchayib, ularni avvalgiday o‘z holiga tashlab qo‘ymay, qamaydigan bo‘lib qolganmiz. Shuning natijasida keyingi paytlarda qiz olib qochish hodisasi kamaydi Qirg‘izistonda, - deydi Zamir Sidiqov.

Qirg‘iz militsiyasi bu kabi voqea haqida ilk bor ma‘lumot tarqatayotgan bo‘lsa-da, mahalliy aholi vakillari ikki mamlakat o‘rtasida qiz o‘g‘irlash hatto mustaqillik yillarida ham ko‘p kuzatilganini aytmoqdalar. Jalolobodlik jurnalist Sanjar Eraliyevga ko‘ra, o‘zbekistonlik qizning qirg‘izistonlik yigit yoki qirg‘izistonlik qizning o‘zbekistonlik yigit o‘g‘irlab ketganiga oid yuzlab voqeani sanash mumkin.

- Jalolobod viloyatining Novken tumanidagi birgina qishloqda 20 dan ortiq shunaqa oilani bilaman. O‘zbekistondan olib qochib kelingan qizlar o‘sha yerda yashab qolishgan. Bu yoqdan ham u yoqqa qiz olib qochgan voqealar ko‘p. Mening kuzatishim bo‘yicha, 2010 yilgacha bunday voqealar judayam ko‘p edi. 2010 yilda vaziyat murakkablashganidan keyin keskin ozaydi bunday ko‘rinish. Lekin 2012-2013 yillarda ham O‘zbekistondan, ayniqsa, Andijon va Namangandan qiz olib qochib kelgan bir-ikki kishini bilaman. Bunga ko‘pincha o‘zbekistonlik qizlar Qirg‘izistonga o‘tib dala ishlarida ishlaganida yigitlar bilan o‘rtasida sevgi-muhabbat uyg‘onib qolgani turtki bergan. Masalan, qizning oilasi nikohga qarshi bo‘lgan paytda yigit qiz bilan kelishgan holda uni olib qochib kelgan, - deydi Sanjar Eraliyev.

Jalolobodlik jurnalist o‘z tajribasida biror qiz yigit tomonidan uning roziligisiz olib qochilishiga oid birorta ham voqeaga duch kelmaganini ta‘kidlaydi.

Maqolamiz qahramonlari bo‘lmish qirg‘izistonlik qiz va o‘zbekistonlik yigit o‘rtasida bunday kelishuv bo‘lganmi-yo‘qmi – buni sud aniqlaydi.

Agar o‘shlik qizni olib qochmoqchi bo‘lgan va hozir hibsxonada tutib turilgan quvasoylik yigitning aybi sudda isbotlansa, u 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG