Линклар

logo-print

O‘marilgan milliardlar, taqiqlangan bitiruv oqshomi​


O‘zbekistonlik maktab bitiruvchilari bitiruv oqshomlarini bu yil ham kafe va restoranlarda o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

O‘zbekistonlik maktab bitiruvchilari bitiruv oqshomlarini bu yil ham kafe va restoranlarda o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Toshkent jamoat transporti rahbarlari 10 milliarddan oshiq mablag‘ni talon-taroj qilgan. O‘quvchilarga restoranda bitiruv kechasi o‘tkazish taqiqlandi. Sergeli bozorida avtomobil narxi tushmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Toshkent jamoat transporti tizimida 10 milliarddan oshiq mablag‘ talon-taroj etilgan”

“Toshshahartransxizmat” shirkati tizimidagi o‘nga yaqin korxonalarda qing‘ir yo‘llar bilan 10 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ talon-taroj etilgani fosh qilindi (“Huquq”, 14 may).

Mazkur mablag‘ hujjatlarni soxtalashtirish orqali ish rejasini oshirib ko‘rsatish, ya‘ni amalga oshirilmagan qatnovlarni “amalga oshirildi” deb xatlash, katta miqdordagi yoqilg‘i mahsulotlari va ehtiyot qismlarini bozorda pullash orqali o‘zlashtirilgan.

Bu kabi qing‘irliklar “1-avtokorxona”, “3-avtokorxona”, “4-avtobus saroyi”, “5-avtokorxona”, “7-avtobus saroyi”, “8-avtobus saroyi”, “10-avtobus saroyi”, “12-avtobus saroyi” kabi shirkatlarda sodir etilgan.

Bosh prokuratura vakili Azizbek Nazarovga ko‘ra, aybdor shaxslarga nisbatan sudlar tomonidan qilmishiga yarasha jazo tayinlangan.

“O‘quvchilarga restoranda bitiruv kechasi o‘tkazish taqiqlandi”

O‘zbekistondagi maktab va kollej bitiruvchilariga bitiruv kechalarini restoran, qahvaxona va uylarda nishonlash qat‘iy taqiqlandi (“Darakchi”, 14 may).

Xalq ta‘limi vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Abruyevga ko‘ra, “Xayr, maktab – salom, kollej” tadbirlarida barcha o‘quvchilar maktab formasida bo‘lishi lozim. Vazirlik buyrug‘iga muvofiq, davlat imtihonlari uchun ota-onalardan pul yig‘ish, shuningdek, ta‘lim maskanlari rahbarlari va o‘qituvchilarga qimmatbaho sovg‘alar berish ham man etilgan.

Mazkur tartib buzilishi va taqiqlangan tadbirlar o‘tkazilishi yuzasidan vazirlikning 1006 ishonch telefoniga murojaat qilish tavsiya etilgan.

Ma‘lumotlarga qaraganda, bu yil O‘zbekiston maktablari 9-sinfini 483 mingdan oshiq o‘quvchi tamomlaydi.

“Toshkent bozorida avtomobil narxi tushmoqda, lekin eski mahsulot yangisidan hamon qimmat”

Toshkentdagi Sergeli bozorida avtomobil bahosi tushmoqda, yaqingacha oshig‘i olchi bo‘lgan mashinafurushlar endilikda narxu navoni nazorat qila olmayotir (“Noviy vek”, 14 may).

Bunga avvalo Rossiya bozorida GM Uzbekistan mahsulotlariga talab keskin kamaygani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Masalan, 2014 yilda Rossiyada GM Uzbekistan avtolari savdosi 38 foizga kamaygan. Shu bilan birga, talabdan ko‘ra taklif ko‘paygani ham mahsulot narxi tushishiga sabab o‘laroq aytilmoqda. Shunga qaramay, GM Uzbekistanning eski, haydalgan avtomobillar hamon yangilariga qaraganda qimmatroq pullanmoqda. Masalan, Toshkentdagi avtomobil bozorida minilgan “Kobalt” 57 million (yangisining rasmiy narxi 43-54 million), “Matiz” 35 million (yangisi 21-22 million), “Spark” 35-37 million (yangisi 27-34 million), “Kaptiva” 115 million (yangisi 93 million) so‘mdan sotilmoqda.

Gazeta yangi ulovdan eskisi qimmat ekanini “paradoks” deb ataydi.

“Kelin-kuyovni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishdagi soxtaliklar oqibatida oilalar barbod bo‘lmoqda”

Bo‘lajak kelin-kuyovni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish payti tibbiyot xodimlari tomonidan pora evaziga ma‘lumotnoma to‘g‘rilab berish va buning oqibatida oilalarning barbod bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda (“Oila davrasida”, 14 may).

Fuqaro Karima Qaysarovaga ko‘ra, unga tanish oila qizini uzatgan. Kuyov tibbiy tekshiruvlardan yaxshi o‘tgan bo‘lsa-da, to‘ydan uch oy keyin unda epilepsiya (tutqanoq) kasali aniqlangan va oqibatda yoshlar ajrashib ketgan.

Chilonzor tumani FHDYo bo‘limi mudirasi Sabohat Eshmanovaga ko‘ra, oila qurayotgan yoshlar orasida “Bo‘lg‘usi kelin yo kuyovni yaxshi bilamiz, tekshiruvning hojati yo‘q” deguvchilar ko‘p topiladi. Ammo FHDYo rahbari tibbiy tekshiruv ishonchdan ustun bo‘lishi lozimligini urg‘ulaydi.

“Internetdagi noqonuniy telefon tarmog‘idan 20 ming dollar daromad qilgan yigit qo‘lga olindi”

Toshkentda internet orqali noqonuniy xalqaro telefon tarmog‘ini yo‘lga qo‘ygan va ikki yil davomidan 20 ming dollar ishlab topgan yigit qo‘lga olindi.

“Huquq” gazetasi xabariga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan yigit Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari bilan hamkorlikda Voip telefon tizimidan noqonuniy daromad orttirishni yo‘lga qo‘ygan.

Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan. Ma‘lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Uchtepa tumani sudi ayblanuvchiga tegishli jazo bergan.

“O‘zbekistonlik o‘quvchi shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi”

Tailandda shaxmat bo‘yicha 11 yoshgacha bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik Javohir Sindorov oltin medalni qo‘lga kiritdi (“O‘zbekiston ovozi”, 14 may).

Javohir Sindorov tailandlik Amorn Jiarattancharoyen, honkonglik Pang Xo Xuang, filippinlik Jastin Mordido, mo‘g‘ulistonlik Tsog Ochir, xitoylik Bokay Yang, malayziyalik Xoye Kax Cheaxni mag‘lubiyaga uchratib, ozarboyjonlik Mirmuso Fayziyev bilan durang o‘ynagan va 6,5 ochko jamg‘argan.

Shuningdek, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida chempionatda boshqa bir o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi Akobirxon Saydaliyev bronza medaliga sazovor bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG