Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:16

Qo‘qon bozorlariga ro‘mollilar va oq do‘ppililar kiritilmayapti


Qo‘qon dehqon bozori darvozasi oldiga osilgan e‘lon.
Qo‘qon dehqon bozori darvozasi oldiga osilgan e‘lon.

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi bozorlarga ro‘molni hijobnamo o‘ragan ayollar va oq do‘ppi kiygan erkaklarning kirishi taqiqlandi. Bozor ma‘muriyatlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bu talab bozor savdogarlari bilan birgalikda xaridorlarga ham birday taalluqlidir. Hatto Qo‘qonga mehmonga kelgan xorijliklarning ham hijobda shahar bozorlariga kirishi taqiqlangan.

So‘nggi bir hafta ichida Qo‘qon shahridagi to‘qqizta bozorda diniy kiyimlarda bozor hududiga kirish taqiqlanishi haqidagi e‘lonlar paydo bo‘ldi.

Jumladan, “Qo‘qon dehqon bozori” ma‘muriyati bo‘yi 1,5 metr eni 2 metrlik bannerdan 2 tasini bozor darvozasi oldiga osib qo‘ydi.

Bannerdagi e‘londa bozor hududida turli diniy kiyimlarda yurish qat‘iy man etilishi yozilgan:

“Xotin-qizlar o‘rtasida ro‘mol, sharflarni madaniyat illatlarini targ‘ib qiluvchi shaklda (Turkcha, arabcha, eroncha, pokistoncha) o‘rab yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyilgan e‘londa.

Ushbu talablarga javob bermaganlar esa ma‘muriy javobgarlikka tortilishdan ogohlantirilgan.

Qo‘qon bozorlaridan birining mas‘ul xodimi, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bunday talab shahar hokimligi tomonidan qo‘yilganini aytdi:

“Bizga hokimiyatdan berilgan shunday buyruq. Ro‘mollilarni bozor hududiga kiritmaslik haqida. 20 kundan buyon bozorda shu borada tashviqot olib borayapmiz. Hokimlikning madaniyat va ma‘rifat bo‘limi bilan hamkorlikda ishlayapmiz”, dedi mas‘ul xodim.

Qo‘qon shahar hokimligining rasmiysiga ko‘ra, bozor hududlariga hijobli ayollarni qo‘ymaslik haqidagi talab ularga viloyat hokimligi tomonidan topshirilgan:

“Viloyat hokimligiga Toshkentdan shunday buyruq kelgan. Keyin bizga viloyatdan aytildi. Biz shahardagi 9ta bozorga topshiriq berdik. Ular ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragan ayollarni bozor hududiga kiritmaslik haqidagi tashviqot ishlarini olib borishmoqda”, dedi shahar hokimligining ismini ochiqlamayotganimiz rasmiysi.

Qo‘qon bozorlari ma‘muriyatlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, ro‘molni “talabga mos tarzda o‘ramagan” ayollar masalasi har bir bozor rahbariyatining doimiy nazoratidadir:

“Bizning bozorda bu masala doim nazoratda. Hozir bozorimizda bitta ham ro‘molli savdogar ayol yo‘q. Agar o‘rab qolsa, darrov yechtiramiz. Bizda hozirgi kun talabiga bo‘ysunmaganlar ishlashi mumkin emas. “Bo‘ysunmasang, ishlamaysan”, deyilgan. Hammasi to‘g‘ri qabul qilgan”, dedi Qo‘qon bozorlaridan birining mas‘uli.

Bozor ma‘muriyati vakili ro‘molini boshining orqa tomonidan o‘rab olgan ayollarga nisbatan tazyiqlar yo‘qlini qo‘shimcha qildi.

Qo‘qon bozorlarida joriy qilingan talablardan yana biri shaharga mehmonga kelgan xorijlik ayol agar hijob o‘ragan bo‘lsa, uning shahar bozorlari hududiga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Aprelning oxirida O‘shdan qarindoshinikiga mehmonga kelgan ayolni hijob o‘ragani uchun “Qo‘qon dehqon bozori” hududiga kiritishmadi. Qirg‘izistonda ayollar hijobda bemalol yurgani uchun bu ayol Qo‘qonga ham hijobda kelgan. Unga bozorga osilgan bannerdagi e‘lonni ko‘rsatib, bozordan chiqarib yuborishdi”, dedi voqeaga guvoh bo‘lgan qo‘qonlik manba.

Keyingi ikki oyda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ayollarning ro‘molini yechtirish kampaniyasi ketmoqda.

Jumladan, 22-23 aprel kunlari Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida bozorlar va jamoat joylarida yurgan ayollarning ro‘molini yechtirishga oid navbatdagi kampaniya kuzatildi.

Huquq-tartibot idoralarining maxsus safarbar qilingan fuqarolik kiyimidagi kattagina guruhi, asosan, gavjum jamoat joylari va bozorlarda ro‘molni tomog‘idan tang‘ib yurgan ayollarni to‘xtatib, ulardan ro‘molni yechish yoki orqadan o‘rashni talab qildi.

Ayni paytda O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi Farg‘ona viloyatida ayollarning ro‘molini yechtirish kampaniyasiga oid ma‘lumotlarni o‘rganmoqda. Bu haqda Ozodlikka ma‘lumot bergan idora mulozimi shayx Abdulaziz Mansur ushbu reydlardan idoraning xabari borligini aytib, kuchishlatar tuzilmalarning ro‘molga diniy libos sifatida qarashini noto‘g‘ri, deb qoraladi.

O‘zbekistonda 1998 yilda qabul qilingan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning bahslar, noroziliklar va natijada, yuzlab dindorlarning noto‘g‘ri hibs qilinishi, jazoga tortilishi sabab bo‘lib qolayotgan 14-moddasining "ibodat libosi"ga oid qismiga o‘zgartishlar kiritilayotgani haqida 2013 yilning dekabr oyida xabar qilingan edi.

Shayx Abdulaziz Mansur hozircha o‘zgartishlar kiritilmagani, kiritilgan taqdirda esa ma‘lumot berishni va‘da qildi.

XS
SM
MD
LG