Линклар

Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod shaharlarida 2010 yili sodir etilgan millatlararo nizoga besh yil to‘ldi. Iyun oyida ro‘y bergan qonli voqealarda Jalolobod viloyatida 750 dan ortiq binoga o‘t qo‘yilgan edi. Kuyib ketgan uylarning asosiy qismi hukumat va xalqaro tashkilotlar tarafidan berilgan yordam evaziga qayta tiklangan. Biroq mamlakatni tark etgan va moliyaviy ahvoli nochor bo‘lgan ayrim jalolobodliklarning uy-joylari haligacha ta‘mirlangani yo‘q.

2010 yilning 10 iyunida O‘shda boshlangan qonli voqealar bu yerdan 120 kilometr uzoqlikdagi Jalolobod shahriga ikki kun o‘tib, 12 iyun kuni yetib kelgan. Ushbu voqealarda ko‘plab uylar yonib kul bo‘lgan edi.

Kulga aylangan imoratlar orasida Suzoq tumanidagi Tosh-Buloq qishlog‘ida yashovchi Ravshan Tillaxo‘jayevning uyi ham bor. O‘sha mash‘um kuni u qizini kuyovga uzatayotgan va uning uyida to‘y bo‘layotgan edi. To‘polonda uyi va qizining sepi ortilgan yuk mashinasi to‘lig‘i bilan yonib ketgan. Biroq keyinchalik Tillaxo‘jayevlar eskisiga uxshamasa ham yashash uchun yetarli sharoiti bo‘lgan uy qurib olishdi.

- Endi voqea bo‘lib o‘tdi. Uni qayta eslashning keragi yo‘q. Yomonlikni eslasang, yaxshilik kelmaydi. Hozir hammasi tinch, yordam ham berilyapti. Qurilish materiallarini berishdi. Uyimizni qo‘ldan kelgancha qayta tikladik. Hozir ikki millat qarindosh bo‘lib, qudalashib ketganmiz. Masalan, amakimning ayoli qirg‘iz, akamning qizi esa o‘tgan yili qirg‘iz bolaga turmushga chiqdi. Bizga bundan ortiq yana nima kerak? Tinchlik va salomatlik bo‘lsin, - deydi Ravshan Tillaxo‘jayev.

Yashash joyini qiyinchilarga qaramay tiklab olib, yaxshi niyatlar bilan turmushini o‘z uyida davom ettirayotganlarning soni ko‘p. Shunday bo‘lsada, hozirgacha egalari aniqlanmagan yoki moliyaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan oilalarga tegishli binolar, oradan besh yil o‘tgan bo‘lsada, haligacha qayta tiklanmagan. Jalolobod shahrining Manas ko‘chasidagi №140 raqamli ikki qavatli uy hozir ham kulga belanib yotibdi. Uning egasi qonli voqealarda Ukrainaga qochib ketganicha qaytib kelmagan. Qo‘shnilari qochqin oila bilan aloqada emasligini aytishadi.

Pushkin ko‘chasidagi yonib ketgan ikki qavatli do‘konning birinchi qavati o‘tgan yili qayta ishga tushirilgan, ikkinchi qavati esa kuygan bo‘yicha turibdi. Uning egasi Azimjon Xo‘jakalonov moliyaviy sabablar tufayli imoratni to‘liq qayta tiklashga mumkinchiligi yo‘qligini aytadi. Qirg‘iz tilida gapirarkan, Azimjon bunday dedi:

- Bizning oilamizda ko‘pchilik yashaydi. Shu sababli pul tirikchilikdan oshmayapti. Birinchi qavatini davlat tarafidan berilgan yordam bilan o‘nglab oldik. Ikkinchi qavatiga esa pul yetmayapti. Bu yerda aviakassa, qassobxona, bank, do‘kon bor edi. Barchasi kuyib, hech narsa qolmagan. Besh yildan beri sekin-sekin eski holatiga qaytaryapmiz. Tadbirkorlarga beriladigan 14 foizlik kredit olinglar, deyishdi. Lekin uni qanday qaytarishni o‘ylab, olishdan bosh tortdik. Kelasi yilda ikkinchi qavatini ham ta‘mirlab ishga tushirmoqchimiz, - deydi Azimjon Xo‘jakalonov.

Qirg‘iziston hukumatining Jalolobod viloyatidagi vakili apparatining bo‘lim boshlig‘i Ajimamat Isayev qayta tiklanmagan uylarning egalari qaytmagunicha davlat tozalash ishlarini o‘tkazishga huquqli emasligini aytadi.

- Jalolobod shahri, Novken, Suzoq, Bozorqo‘rg‘on va Olabuqa tumanlarida jami 757 imorat yonib ketgan. Eski paxsa bilan qurilgan uylar o‘rniga g‘ishdan yangisini solib berdik. Davlat va xalqaro tashkilotlar birlashib ularga ko‘mak ko‘rsatildi. Yonib ketgan va egasi aniqlanmagan tijorat imoratlari shaharning markaziy ko‘chalarida ham bor. Ularni buzdirib tashlashga bizning huquqimiz yo‘q. Egalari aniqlanmagani uchun shunday turibdi, - deydi rasmiy.

Iyun voqealarida binolarga o‘t qo‘yilishi tufayli 720 million qirg‘iz so‘mi miqdorida zarar yetkazilgani aytiladi. Imoratlari kuygan tadbirkorlarga ko‘rgan zarariga qarab 50 mingdan 200 ming so‘mgacha yordam ko‘rsatilgan. Biroq ularning barchasi ham o‘z bizneslarini qayta tiklab ololgani yo‘q.

Shunga qaramasdan millatlararo tichlik va do‘stona aloqalar qayta tiklanmoqda, deydi Jalolobod viloyatining Suzoq tumanida yashovchi oqsoqol Valixo‘ja To‘xtamatov.

- Yana to‘polon chiqaraman, deb yurganlarga Alloh o‘zi insof bersin. Ularning ham bola-chaqasi bor, o‘ylashi kerak. Bugungina yashasak mayli edi. Faqat Alloh biladi yana qancha yashaymiz. Shuning uchun xatoga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Elimiz yomon emas. Qirg‘iziston xalqi baribir mehmondo‘st, yaxshi yashab kelyapti. Kimgadir kerak bo‘ldi bu narsa. Bitta maqsad – tinchlik. Uyimizda bir burda non bo‘lsa va shuni beg‘alva yesakkina tanamizga tarqaydi, - deydi suzoqlik Valixo‘ja To‘xtamatov.

2010 yilda O‘shda va Jalolobodda etnik nizolar asosida yuzaga chiqqan zo‘ravonliklar chog‘ida hukumat hisobicha, 450 odam o‘lgan, minglab odam yaralangan. To‘qnashuvlarda qurbon bo‘lganlardan 295 nafari o‘zbek, 123 nafari qirg‘izdir. Iyun voqealari bo‘yicha 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz, 8 nafari boshqa millat vakillaridir.

XS
SM
MD
LG