Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:12

Qochqinlikdagi qirg‘izistonlik o‘zbeklar Ban Ki Munga murojaatnoma yo‘lladi


O‘shTV asoschisi Xaliljon Xudoyberdiyev 2010 yil iyun voqealaridan keyin xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.
O‘shTV asoschisi Xaliljon Xudoyberdiyev 2010 yil iyun voqealaridan keyin xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

O‘sh voqealarini uyushtirganlikda ayblanib, Qirg‘izistonda sirtdan sudlangan etnik o‘zbeklar Qodirjon Botirov, Xaliljon Xudoyberdiyev va boshqalar BMT Bosh kotibi Ban Ki Munga ochiq xat yo‘llab, Qirg‘izistonda o‘zbeklarga nisbatan bosimlar davom etayotganidan shikoyat qildi.

Murojaatnoma mualliflaridan biri, hozir AQShda istiqomat qilayotgan Xaliljon Xudoyberdiyev Qirg‘izistondagi o‘zbek millatiga mansub kishilarga nisbatan bosim O‘sh voqealaridan 5 yil o‘tsa hamki susaymagani, faqat yashirin shaklga do‘nganini aytadi. O‘shTV telekompaniyasi asoschisi bo‘lgan janob Xudoyberdiyev 2010 yilgi etnik to‘qnashuvdan keyingi ahvolni 1990 yilgi millatlararo mojarodan keyingi vaziyatdan yomonroq, deb baholaydi.

- O‘zbek aholisi shunchalik tushkun holatda, hattoki boshqa bir yot odam kelib: “Ahvolingiz qanday?” deb so‘rasa, u yoq-bu yoqqa qo‘rqa-pisa qarab turib: “Zo‘r, yaxshi yashayapmiz”, deyaveradi. Mundoq qarasangiz esa [iyunь voqealaridan keyin] nechta odam sudlangan bo‘lsa, ularning ko‘pchiligi o‘zbeklar, jabrlanganlarning ichida ham ko‘pchiligi o‘zbeklar... Hatto davlat siyosati ham ana shu tomonga og‘ib ketdi. 1990-yilgi voqealarda odamlar qanday qilib inoqlashgani bizning esimizda bor. O‘sha vaqtdagi vaziyat bilan hozirgi vaziyatni solishtirsa, yer bilan osmoncha farq bor.

Ozodlik: Farq qaysi tomonga – yaxshi tomongami yo yomon tomonga o‘zgarish bormi?

- Farq – yomon tomonga. Nega deganda, bosim avvalgidek qoldi. Masalan, men o‘z tajribamdan aytishim mumkin: 90-yilgi voqeadan keyin 1991 yili men – Qirg‘izistonda yashovchi bir o‘zbek telekompaniya ochganman. Hozir siz harakat qilib ko‘ring (Qirg‘izistonda) o‘zbek tilida ishlaydigan telekompaniya ochishga. Ocha olasizmi? Yo‘q! – deydi Xaliljon Xudoyberdiyev.

Suhbatdoshimiz iyun voqealarining 5 yilligiga 5 kun qolganida O‘shning asosan o‘zbeklar istiqomat qiladigan “Amir Temur” shaharchasida o‘tkazilgan aksilterror mashqlarini qo‘rqituv amaliyoti sifatida talqin qildi.

Xaliljon Xudoyberdiyev Qirg‘iziston janubida yashayotgan o‘zbeklar sudlarda va huquq-tartibot idoralarida adolat topmayotgani, o‘zbek tilidagi ommaviy axborot vositalari yo‘q qilingani, mamlakat janubidagi o‘zbek maktablari soni kundan-kunga qisqartirilayotgani, o‘zbek tilidagi umumrespublika testi bekor qilingani kabi masalalarni tilga oldi. Qirg‘iz rasmiylarining bu kabi muammolarga ko‘z yumayotgani, Xaliljon Xudoyberdiyev fikricha, etnik o‘zbeklarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy turmushiga integratsiyalashuviga salbiy ta‘sir qiladi, o‘zbek yoshlarining esa radikkallashuviga yo‘l ochadi.

- O‘zbek yigit-qizlari nima qilishi kerak? Na maktabning chuqur ma‘nosi bo‘lsa yoki bir universitetga kirish yo‘li yopilayotgan bo‘lsa, qayoqqa boradi o‘zbek yoshlari? Kelajak to‘g‘risida qanday fikr paydo bo‘ladi [ularda]? Shunday paytda Internetdan yoki boshqa joydan “Islomiy davlat” ideologiyasini o‘tkazayotgan verbovshiklarning qo‘liga tushadi-da ular. Masalan, bu Qirg‘iziston uchun katta problema bo‘ladi. Shuning uchun hamma teng qarab, maktablarni ham, universitetlarni ham o‘zbek yoshlarigayam ochish kerak. Ularga karyera yo‘lini ham ochish kerak, davlat ishini, armiyani, - deydi Xaliljon Xudoyberdiyev.

O‘sh voqealaridan keyinoq vatanini tashlab ketishga majbur bo‘lgan Xaliljon Xudoyberdiyevni Jalolobod shahar sudi 2011 yil oktabrida sirtdan iyun voqealarida aybdor deb topib, mol-mulkini musodara qilish sharti bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

O‘ziga qo‘yilgan ayblovlar tamoman asossizligini aytgan Xudoyberdiyev bir kun kelib Qirg‘izistonda iyunь voqealarida nohaq ayblangan o‘zbeklarga nisbatan adolat tiklanishiga umid qilayotganini yashirmaydi. Suhbatdoshimiz fikricha, bunga erishish uchun qirg‘iz rasmiylarining BMT va boshqa obro‘li tashkilotlar tavsiyalariga binoan ish tutishi va o‘z xalqaro majburiyatlarini og‘ishmay bajarishi kifoya.

- Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Komitet po likvidatsii rasovoy diskriminatsii” degani bor, keyin “Komitet OON po pravam cheloveka” bor. Irqiy kamsitish bo‘yicha komitetning 2013 yil fevralida bergan tavsiyalari bor, Inson huquqlari bo‘yicha komitet esa 2014 yil mart oyida o‘z rekomendatsiyalarini yozib bergan. O‘sha rekomendatsiyalarga tayanib, rivojlansa bo‘laveradi. Masalan, “adekvatnoye predstavitelstvo vsex natsionalnostey v organax vlasti”, “neushemleniye razlichnix prav” kabilar. Qirg‘izistonda bu rekomendatsiyalar bajarilmayapti-da, - deydi Xaliljon Xudoyberdiyev.

Xudoyberdiyev doxil BMT Bosh kotibiga murojaatnoma yo‘llagan o‘zbeklar Ban Ki Mundan Qirg‘iziston hukumatini etnik o‘zbeklar huquqini poymol qilmaslikka chaqirishni iltimos qilgan.

2010 yilda O‘shda etnik nizolar asosida yuzaga chiqqan zo‘ravonliklar chog‘ida hukumat hisobicha, 450 odam o‘lgan, minglab odam yaralangan. To‘qnashuvlarda qurbon bo‘lganlardan 295 nafari o‘zbek, 123 nafari qirg‘izdir.

2010 yil iyun voqealari bo‘yicha 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz, 8 nafari boshqa millat vakillaridir.

BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun Markaziy Osiyo safari doirasida 11 iyun kuni Qirg‘izistonga kelishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG