Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:34

Oyligidan pul ushlanganidan arz qilgan namanganlik shifokorlar bosimga uchradi ​


Ozodlik arxividan olingan bu rasmning Namangan bolalar shifoxonasiga aloqasi yo‘q.
Ozodlik arxividan olingan bu rasmning Namangan bolalar shifoxonasiga aloqasi yo‘q.

Namangan bolalar shifoxonasi xodimlari tibbiyot muassasasini ta‘mirlash uchun maoshlaridan pul ushlab qolinayotgani to‘g‘risidagi shikoyati ortidan shifoxona ma‘muriyati xodimlarni to‘plab, muammo haqida og‘iz ochmaslik to‘g‘risida ogohlantirgani aytilmoqda. Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan shifokorlarga ko‘ra, ularga birov so‘rab qolsa, ta‘mirlash ishlari homiylar hisobidan amalga oshirilayotganini aytish buyurilgan.

Namangan shahridagi bolalar kasalxonasi binosini ta‘mirlash maqsadida xodimlar maoshidan 50 mingdan 70 ming so‘mgacha ushlab qolinayotgani to‘g‘risida Ozodlik 2 iyun kuni xabar qilgan edi.

Mazkur tibbiyot muassasasi ma‘muriyati vakillari Ozodlik bilan suhbatda shifokorlardan olingan bu xabarni inkor qilgan edi.

Oradan bir hafta o‘tib, Namangan bolalar kasalxonasining bir guruh xodimlaridan kelgan navbatdagi maktubda aytilishicha, Ozodlikning o‘tgan haftadagi xabari ortidan muassasa rahbariyati tomonidan shifokorlarga nisbatan bosim kuchaygan.

Muassasa shifokorlaridan birining Ozodlikka mikrofonsiz suhbatda aytishicha, bosh vrach xodimlardan ta‘mirlash uchun pul yig‘ilayotgani yoxud boshqa muammolar to‘g‘risida og‘iz ochmaslikni talab qilgan.

“Bizdan ta‘mirlash uchun 70 ming so‘mgacha pul ushlab qolingan edi. Bu haqda Ozodlik radiosida aytilganidan keyin bosh vrach Karimova bizlarni to‘plab, bir nechta odamni ko‘rsatdi. Mana shular bizga homiy, shularni tanib olinglar. Birov so‘rab qolsa, kasalxonani shu odamlar ta‘mirlab beryapti, deb aytinglar, dedi. Lekin bu odamlar hech qanaqa homiy emas. Biz homiy topilgan bo‘lsa, pullarimizni qaytarasizlarmi, deb so‘radik, “yo‘q pullaringga harajat qilib bo‘lganmiz”, deb aytishdi. Bu homiylar hech narsa olib berishmas emish, shunchaki xo‘jako‘rsinga “bizning homiylarimiz”, deb peshtaxtaga rasmlari osib qo‘yilar ekan”, deydi shifokor.

Uning yana aytishicha, shifokoru hamshiralardan pul ushlab qolingan bo‘lsa-da, ta‘mirlash ishlariga usta yollanmasdan barcha ishlarni muassasa xodimlarining o‘zlari bajarishga majburlanmoqda.

“Pulniku ushlab qolishdi. Qaytarib berishmasa ham rozimiz, lekin ishlarni ham o‘zimizga qildirishyapti. Kasalxonani xodimlarga bo‘lib berishgan. Hamma o‘ziga berilgan xonalarni bo‘yab, tozalashi kerak. Har kuni ishdan tashqari 4-5 soat qolib ishlashga majburmiz. Ikkinchi smenada ishlaydiganlarga ham ish topshiriladi, kechasi qilib berishlari kerak”, deydi namanganlik tibbiyot xodimi.

Ozodlik Namangan bolalar shifoxonasi ma‘muriyatidan bu borada izoh ololmadi. Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining o‘zini boshliq yordamchisi Akramjon, deb tanishtirgan vakili Ozodlik bilan qisqa suhbatda mazkur vaziyatdan bexabar ekanini bildirdi.

“Biz bolalar shifoxonasini ta‘mirlash uchun pul ajratganmiz. Unaqa xodimlardan pul ushlab qolinayotganidan xabarimiz yo‘q”, deya bildirdi sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimi.

Ayni paytda, boshliq yordamchisi tibbiyot muassasasining homiylar hisobidan ta‘mirlanayotgani to‘g‘risidagi gaplardan ham bexabarligini bildirdi.

O‘zbekistonda davlat hisobidagi muassasalar xodimlari huquqlarining buzilishi odatiy holga aylanmoqda. Xususan, davlat xizmatchilarining qurilish, shahar va tumanlar ko‘chalarini tozalash, paxta dalalarini o‘tash ishlariga majburan jalb etilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni Ozodlik tez-tez berib bormoqda.

Jumladn, 7 iyun kuni Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi tug‘ruqxonani ta‘mirlash uchun muassasa xodimlari va mahalliy aholidan pul undirilayotgani to‘g‘risida xabar qilindi. Tug‘ruqxona ma‘muriyati xodimlardan pul yig‘ilayotganini muassasada kanalizatsiya o‘tkazish uchun 5 million so‘m pul kerak bo‘lib qolgani bilan izohladi.

O‘tgan oy oxirida esa, Andijon shahridagi Shoshilinch tibbiy yordam markazida ta‘mir uchun pul bu shifoxonada davolanayotgan bemorlar va ularning yaqinlaridan yig‘ilayotgani haqida ham Ozodlik xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG