Линклар

logo-print

O‘g‘irlikni tugatish uchun kinoteatrlar chiptalarini bir xil qilmoqchilar​


Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi reklama taxtalari.

Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi reklama taxtalari.

O‘zbekistonda milliy kinematografiya sohasini isloh qilish bo‘yicha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi o‘tgan hafta tasdiqlab “O‘zbekkino” rahbariyatiga yo‘llagan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra¸ mamlakatdagi barcha kinoteatrlar uchun yagona chipta tizimi joriy qilinadigan bo‘ldi.

Ozodlikning “O‘zbekkino”dagi manbasiga ko‘ra¸ bu tizim filmlar namoyishidan tushadigan mablag‘lar talon-taroj qilinishining oldini oladi:

- Shu paytgacha har bir kinoteatr chipta sotishni o‘zicha belgilagan. Hozir esa butun mamlakat bo‘ylab kinoteatrlar uchun yagona chipta tizimi joriy qilish haqida farmoyish bo‘ldi. “O‘zbekkino” Milliy agentligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bu yagona chipta tizimini yaratib joriy yilning oktabr oyidan ishga tushirishi kerak. Bu tizim butun mamlakatda sotilgan chiptalarni onlayn monitoring qilish imkonini yaratadi¸ deya bildirdi “O‘zbekkino”dagi Ozodlik manbasi.

Unga ko‘ra¸ Bosh prokuratura o‘zbek kinoindustriyasi ichida chuqur ildiz otgan korrupsion sxemalarni fosh qilish maqsadida olib borgan tergov natijalaridan keyin shunday qarorga kelingan:

- Bilsangiz, butun dunyoda kinoga sarflangan mablag‘ va unga sotilgan chipta haqida shaffof ma‘lumotlar bo‘ladi. Bizda esa shu paytgacha buni aniqlaydigan mexanizm yo‘q edi. Yagona chipta tizimi kino sohasidagi korrupsiyani bartaraf qilish imkonini beradi¸ deya ta‘kidladi suhbatdosh.

Uning ta‘kidicha¸ kino-video xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun yagona chipta xo‘jaligi tizimining yaratilishi O‘zbekiston kinoindustriyasini isloh qilish yo‘lidagi ilk tadbirlardan biridir.

Bu tadbirning O‘zbekiston kinoteatrlaridagi pul yuvish tizimiga barham berishi kutilmoqda.

Ozodlik tasarrufida mavjud bo‘lgan Respublika Bosh prokuraturasi taqdimnomasida O‘zbekiston kinoteatrlari, xususan Toshkent markazidagi eng ommabop "Panorama" kinoteatridagi korrupsion sxemalar aks etgan.

Respublika Bosh prokuraturasi “O‘zbekkino” milliy agentligining yaqinda bo‘lgan kengaytirilgan yig‘inida e‘lon qilingan taqdimnomasida mamlakat kino sohasidagi talon-tarojlar ko‘lami tasvirlanadi.

Ayni yig‘inda qatnashib taqdimnoma bilan tanishgan kino arboblaridan birining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ Alisher Navoiy nomidagi san‘at saroyining (xalq orasida Panorama deb ataladi) hozirda sobiq direktori Obid Mahkamovich Xoliqov "o‘zlashtirgan mablag‘" prokuratura taqdimnomasida "315 million so‘m", deb ko‘rsatilgan.

Obid Xoliqovning kinoteatrda qo‘yiladigan kinolardan tushadigan pulning 40 foiziga egalik qilib kelgani aytiladi.

“San‘at-ma‘no” kinostudiyasida rejisser Said Muxtorov suratga olgan “O‘kinch” filьmiga sarflangan mablag‘ning hatto oltidan biri qoplanmaganini ham filьm ijodkorlari Ozodlikka maktub orqali bildirgan edi:

“O‘kinch” degan kinoga 60 million so‘m sarfladim.10 million so‘mini ham chiqarib ola olmadim. "Panorama" (Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr) direktori Obid Mahkamovich kinomizni proval qilib berdi. Sababi boshqaruv u kishining qo‘lida "¸ deb ëziladi maktubda.

Maktub muallifining ta‘kidicha¸ Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr rahbari “O‘kinch” kinosiga sotilgan chiptalardan tushgan pulning 50 foizini olib qolgan.

Respublika Bosh prokuraturasining “O‘zbekkino” milliy agentligi kengaytirilgan yig‘inida e‘lon qilingan taqdimnomasida 70 yashar Obid Xoliqovning o‘zi rahbarlik qilaëtgan kinoteatrda namoyish qilingan deyarli barcha filьmlardan ulush olgani ta‘kidlanadi.

Taqdimnomada aytilishicha¸ “O‘zbekkino” hisobidagi 4,5 milliard so‘m soliqdan yashirincha inkassatsiya qilinmasdan¸ Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr hisobiga kirim qilingan.

Bu ayblovlar ortidan Ozodlikning Toshkentdagi manbasiga gapirgan Obid Xoliqov joriy yilning 24 fevralida Respublika Bosh prokuraturasi taqdimnomasida davlatga keltirilgan zarar sifatida malakalangan 315 million so‘mni davlatga qaytarganini aytgan edi.

Ozodlikning “O‘zbekkino” milliy agentligidagi manbasining aytishicha¸ kinoteatrlarni texnik va texnologik qayta jihozlash va yagona chipta tizimiga o‘tish barobarida o‘zbek kino sanoati “o‘z egalarini ham almashtirmoqda” bu esa manbamiz ta‘kidicha “yangi korrupsion sxemalarga yo‘l ochadi”

O‘zbek kinosidagi korrupsion sxemalar haqida Ozodlik muxbirlarining surishtiruvi davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG