Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:16

"16 yilga qamalgan Muhammad Bekjon darhol ozod etilishi shart!"


Muhammad Bekjon
Muhammad Bekjon

BMT Bosh kotibi Ban Ki Munning O‘zbekistonga kelishi arafasida “Chegara bilmas muxbirlar” hamda “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” uyushmasi Toshkentni mustaqil jurnalist Muhammad Bekjonni ozod qilishga chaqirdi.

"Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq qamoqda qolayotgan jurnalistlardan biridir. 2013 yilda "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining yillik mukofoti bilan taqdirlangan Bekjon O‘zbekistonda yetakchi muxolifat nashrining bosh muharriri bo‘lgan. U oilali, uch farzandning otasidir", deyiladi har ikki tashkilot 11 iyunь kuni BMT rahbariga yo‘llagan ochiq bayonnomada.

Hibs etilishidan oldin 90- yillar boshida muxolifat nashri hisoblangan “Erk” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan Muhammad Bekjon 16 yildan beri o‘zbek qamoqxonasida qolmoqda.

Boshqa ko‘plab faollar qatori Bekjon ham Toshkentdagi 1999 yil 16 fevral portlashlariga aloqadorlikda ayblanib, avvaliga 15 yilga qamaldi.

2003 yilda uning qamoq muddati qisqartirildi. Lekin 2012 yilda qamoqxona tartibini buzdi, degan vaj bilan uning jazo muddati yana 4 yilu 8 oyga uzaytirildi.

Advokat bilan uchrashish imkoni berilmayapti

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati mahbus jurnalistning o‘z advokati Polina Braunerg bilan uchrashishiga ruxsat bermayapti.

Braunerg 2015 yilning 29 aprel kuni Bekjon bilan uchrashmoqchi edi. Qamoqxona nozirlari unga Bekjonning Milliy xavfsizlik xizmati “qora ro‘yxat”ida ekani va shu sabab uning qayerdaligi haqida gapirish mumkin emasligini aytganlar¸ deyiladi murojaatda.

“38 daraja issiqda himoyam ostidagi shaxs bilan uchrashish umidida besh soat turdim. Bekjonov huquqiy va tibbiy yordamga muhtoj, lekin menga uning qayerdaligini ham aytishmadi”, - deb aytgan Polina Braunerg "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva Bekjonning oldiga advokati qo‘yilmayotgani va maxbusning himoyalanish huquqi buzilayotganidan jiddiy xavotir bildiradi.

- Muhammad Bekjonga ham tibbiy, ham yuridik yordam zudlikda ko‘rsatilishi kerak. Qamoqxonadagi abgor sharoit uning sog‘ligiga futur yetkazgan va biz uning hayotiga tahdid borligidan qo‘rqayapmiz, - deydi Atayeva.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Yoxann Bir:

- 16 yil o‘tgan bo‘lsa ham mahkum va uning oilasiga nima asosda sud qilingani haqidagi hukm nusxasi berilmagan, - deydi.

Karimov rejimi garovida

"Muhammad Bekjon rejim garovida qolmoqda. Uning akasi, taniqli shoir Muhammad Solih, O‘zbekistonda 1991 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Islom Karimovning yagona raqibi bo‘lgan edi. Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Solih o‘shanda saylovchilarning 13 foiz ovozini qozongan. Mustaqil kuzatuvchilar esa Solihning saylovda yutganini aytishadi. Keyinchalik Muhammad Solihning tarafdorlari bo‘lgan talabalarga kuch qo‘llanildi va muxolifat gazetalari berkitildi. Bekjon qiynoqqa solingan va tibbiy yordamdan maxrum qolmoqda, - deyiladi BMT rahbari Ban Ki Mun nomiga yo‘llangan murojaatda.

Huquq faollariga ko‘ra, Muhammad Bekjon hibsga olingach qiynoqqa solingan. Dastlabki tergov payti Bekjon kaltaklangan, oqibatda uning boshi jarohat olgan, qovurg‘asi singan, bir necha marta hushidan ketgan. 2003 yilda Bekjon oyog‘idan jarohatlandi. Olingan jarohatlar tufayli uning qulog‘i eshitmaydi va ko‘p tishlari to‘kilgan. Sil kasalining og‘ir formasiga chalingan bo‘lsa-da, unga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti.

- Muhammad Bekjon ham jismonan, ham ruhan holdan toygan va butunlay sog‘ayib ketishini bashorat qilish qiyin, - deydi Nadejda Atayeva.

Mahkumning rafiqasi Nina Bekjonova, 2014 yilda uni ziyorat qilganida erining tanasidagi og‘riqqlardan azoblanayotgani va g‘isht zavodidagi og‘ir majburiy mehnat bois orttirgan chotidagi shishdan qiynalayotganiga guvoh bo‘lgan.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda yana sakkiz nafar jurnalist o‘z kasbiy faoliyati sabab qamoqda qolmoqda.

Hukumatning ko‘plab muxoliflari, huquq himoyachilari va fuqaroviy jamiyat faollari ham ozodlikdan mahrum etilgan.

"So‘nggi vaqtlarda siyosiy mahkumlarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 221-moddasi, ya‘ni qamoqxona ma‘muriyati talabiga bo‘ysunmaslik bandi qo‘llanilib, yolg‘on ko‘rsatmalar asosida, jazo muddatini uzaytirish keng tarqaldi. 221-modda bir necha marta qo‘llaniladi va buning oqibatida maxbus qamoqda deyarli bir umr qolaveradi", deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" hamda Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti 11 iyun kuni BMT rahbari nomiga yo‘llagan ochiq bayonotda.

XS
SM
MD
LG