Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:56

O‘zbekiston: firibgar azayimxonlar, ko‘hna dinozavr izlari​


Dinozavr izlari Markaziy Osiyoda bundan avvalroq Turkmanistonda ham topilgan edi.
Dinozavr izlari Markaziy Osiyoda bundan avvalroq Turkmanistonda ham topilgan edi.

“O‘zbeknavo” mansabdori pora bilan ushlandi. Toshkent viloyatida dinozavr izlari topildi. “O‘zbekneftgaz” shirkati dizel taqchilligi yuzasidan bayonot berdi. Joriy haftada O‘zbekiston mahalliy matbuoti shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Demokratik partiya vakili yo‘l muammosini ko‘tardi”

Ichki yo‘llarning ahvoli yuzasidan fuqarolar murojaatlari kamaymayotir (“O‘zbekiston ovozi”, 11 iyun).

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi vakili Yoqub Umarovga ko‘ra, hududlardagi ichki yo‘llar talab darajasida emas. Shu bois respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘larni faqat markaziy yo‘llar uchun emas, ichki yo‘llar ta‘miriga ham yo‘naltirishi kerak.

Ma‘lumotlarga qaraganda, 2015 yilning birinchi choragida Moliya vazirligi huzuridagi respublika yo‘l jamg‘armasining daromadlari 511,5 milliard, xarajatlari esa 421,2 milliard so‘mni tashkil etgan.

“Kimning bayonotiga ishonish kerak: “O‘zbekneftgaz” shirkatigami yo “Toshshahartransxizmat”ga?”

“O‘zbekneftgaz” shirkati Toshkent jamoat transporti avtobuslariga dizelь yonilg‘isi taqchilligi yuzasidan “Toshshahartransxizmat” shirkati e‘lonini rad etuvchi bayonot berdi (“Oila davrasida”, 11 iyun).

Joriy yil 31 may kuni “Toshshahartransxizmat” shirkati o‘z rasmiy saytida yonilg‘i yetkazib berish 30 foizga qisqargani munosabati bilan avtobus reyslari oralig‘idagi vaqt uzayishini e‘lon qilib, vaqtincha noqulayliklar uchun uzr so‘ragan edi.

9 iyun kuni esa “O‘zbekneftgaz” shirkati rasmiy saytida shirkat tarkibidagi “O‘zneftmahsulot” kompaniyasi “Toshshahartransxizmat” shirkatiga to‘lagan mablag‘i miqdorida 100 foiz yonilg‘i yetkazib berayotgani haqida bayonot berdi.

“O‘zneftmahsulot” aktsiyadorlik kompaniyasida “Toshshahartransxizmat” aktsiyadorlik kompaniyasi va boshqa iste‘molchilar transport vositalarini uzluksiz va cheklanmagan miqdorda ta‘minlashi uchun barcha kerakli neftь mahsulotlari, shu jumladan, dizelь yonilg‘isi yetarli hajmda mavjud”, deyiladi bayonotda.

“Firibgar azayimxon va soxta tabiblar bolalamoqda”

O‘zbekistonliklarni chuv tushirayotgan qallob folbin va soxta tabiblar safi kengayib bormoqda (“Darakchi”, 11 iyun).

O‘zbekiston xalq tabobati akademiyasi raisi Muhammadjon Hamroyevga ko‘ra, birgina Toshkent shahrida 800 nafardan ziyod firibgar folbin va soxta tabib bor.

“Toshkentning Dendropark dahasidagi “mozorchi folbin”ning shuhrati yetti aravaga yuk bo‘ladi. Bu “mozorchi” oldiga kelganlarning hammasini bir mozorga yetaklab duch kelgan qabrdan kalla suyagidan tortib mixgacha, singan taqadan tortib qo‘g‘irchoqqacha topib berar emish. Keyin o‘sha mijozga “sening o‘liming uchun dushmanlaring mixga afsun o‘qib mozorga ko‘mishibdi, mana, men topib berdim, endi mixni suvga tashla, menga esa ikki ming dollar” ber deb yuziga fotiha tortarkan. Mana shunday firibgarlardan chuv tushayotgan qanchadan-qancha soddadillar pulidan ajralib, chirqirab qolayotgani bilan hech kimning ishi yo‘q”, degan Xalq tabobati akademiyasi raisi M.Hamroyev.

“O‘zbeknavo” mansabdori pora bilan ushlandi”

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Toshkent shahar bo‘limlaridan birining rahbari pora bilan qo‘lga tushdi (“Huquq”, 11 iyun).

Ismi oshkor etilmagan mansabdor litsenziya muddatini uzaytirish evaziga xonandadan 200 dollar pora talab qilgan. Xonanda esa bu haqda huquq idoralariga ariza bilan murojaat qilgan.

Shu tariqa “O‘zbeknavo” mansabdori Toshkent shahri Shayxontohur tumani soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan jinoyat ustida ushlangan.

“Toshkentdagi ayrim qabristonlar qarovsiz qolayotir”

Toshkentdagi ayrim qabristonlar yillab tozalanmayotir (“Toshkent oqshomi”, 9 iyun).

Qarovsiz qolgan qabristonlarda chiqindilar yig‘ilib yotibdi, yoz boshlangani sababli o‘t-o‘lanlar qurib qovjiragan.

“Bugungi kunda Toshkent qabristonlarining umumiy maydoni 520 gektarni tashkil etadi. Bu chakana hudud emas. Ana shu katta maydonni obod qilish –barchamizning ishimiz”, deb yozadi gazeta.

Bundan tashqari, qabrtoshlarga xatolar bilan yozish hollari ham ko‘p uchramoqda. Shahar hokimiyati nashriga ko‘ra, qabrtosh yozuvlarini ham tartibga solish, kamtarona yozuvlar bitishga odatlanish lozim.

“Meni o‘p” degan yozuvli futbolka kiyayotgan ishvagar qizlar tanqid qilindi”

O‘zbek qizlari orasida sharmsiz gaplar yozilgan liboslar kiyayotganlari uchramoqda (“Hurriyat”, 10 iyun).

Qayd etilishicha, futbolkalardagi yozuvlarni o‘qib hushingiz boshingizdan uchadi. Maqola muallifi “Huge me” (Meni quch), “Kiss me” (Meni o‘p), “Love me” (Meni sev), “Give hot love to me” (Menga qaynoq muhabbat ber), “How sweet of you” (Cen qanchalar shirinsan) kabi yozuvlarni eslatib o‘tadi.

“Qizlar bunday liboslarni “zamonaviylik” deb tushunsa kerak-da. Ammo “Meni quch”, “Meni o‘p” singari jumlalarning egnida porlab turishiga qaysi yuz bilan chidashayotgan ekan... Hatto oliy ta‘lim muassasalarida bunday liboslar bilan kursdoshlari orasida ishvalanib yurgan, o‘z ustoziga shunday yozuvli kiyimda ro‘para bo‘layotgan talaba qizlar borki, bunisi jiddiy masala”, deb yozadi muallif Feruza Xayrullayeva.

“Toshkent viloyatida dinozavr izlari topildi”

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya va geofizika instituti xodimlari Toshkent viloyatidagi kaolin va ko‘mir konlari hududidan paleogen davriga mansub qadimiy hayvonlar izini topdi.

“Darakchi” nashriga xabariga ko‘ra, bu o‘rinda mayda qo‘shtuyoqlilar, mushuksimonlar oilasiga mansub yirik yirtqichlar va dinozavrlar izlari haqida so‘z bormoqda.

Qayd etilishicha, O‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi paleogen davriga mansub hayvon izlaridan iborat geopark tashkil etish rejasini muhokama qilmoqda.

XS
SM
MD
LG