Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:20

Gallup: O‘zbekistonliklarning 62 foizi Rossiyani qo‘llaydi


Sankt-Peterburgga qovun sotgani borgan o‘zbekistonlik dehqon oilasining kechki sayli.
Sankt-Peterburgga qovun sotgani borgan o‘zbekistonlik dehqon oilasining kechki sayli.

Rasmiy Toshkent AQSh va Yevropa mamlakatlari bilan aloqalarni yaxshilayotgan bir paytda o‘zbekistonliklarning yarmidan ko‘pi hali ham Rossiyani qo‘llaydi. AQShdagi Gallup jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘rovdan ana shunday xulosa chiqarish mumkin.

Gallup markazining jahon liderligi haqida o‘tkazgan so‘rovi AQSh, Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Xitoy va Rossiyani qamrab olgan bo‘lib, Rossiya bu ro‘yxatda reytingi eng past lider mamlakat ekani aniqlangan. Bu mamlakat rahbariyati yuritayotgan siyosat so‘rov o‘tkazilgan 135 mamlakatdan 17 tasida, shu jumladan, O‘zbekistonda qo‘llov topgan.

Moskva siyosatini qo‘llovchi mamlakatlarning aksariyati sobiq sovet o‘lkalari ekani aniqlangan. Xususan, hisobotga muvofiq, Rossiya siyosatini eng ko‘p qo‘llovchilar tojikistonliklardir. O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan bu mamlakatda so‘ralganlarning 93 foizi Rossiya rahbariyati yuritayotgan siyosatni ijobiy baholagan. Rossiya siyosatini qo‘llovchilar orasida ikkinchi o‘rinni qirg‘izistonliklar (79%),uchinchi o‘rinni maliliklar (74%), to‘rtinchi o‘rinni qozog‘istonliklar (72%), beshinchi o‘rinni esa armanistonliklar (66 foiz) egallagan.

Qizig‘i shundaki, Rossiyaning Bojxona Ittifoqidagi sherigi hisoblanmish Belarusda ham Kreml siyosatini qo‘llovchilar nisbati (62%) O‘zbekistondagi bilan bir xil.

Ozodlik bilan suhbatlashgan tahlilchilar avvalroq O‘zbekistonda Moskva siyosatini ma‘qullovchilar ko‘pligini o‘zbeklarga bu mamlakatda ish topish imkoni borligi, O‘zbekistonning hali ham Rossiya media maydonida ta‘siri ostida qolayotgani, o‘zbeklarning rus tilini yaxshi bilishi va boshqa omillarni keltirgandilar.

Gallup hisobotida Moskva yuritayotgan siyosatni yoqlamaydigan mamlakat ro‘yxati ham e‘lon qilingan. Xususan, Norvegiyada 89 foiz, Hollandiya 86 foiz, Finlyandiya 86 foiz, Shveysariya 83 foiz, Shvetsiyada 82 foiz, Germaniyada 81 foiz, Ukrainada 81 foiz, Bel giyada 80 foiz, Italiyada 78 foiz, Kanadada 77 foiz so‘ralgan rus rasmiylari siyosatini qo‘llamasligi ma‘lum bo‘lgan.

Aksar aholisi Kreml siyosatini qo‘llamaydigan mamlakat soni 41 tani tashkil qiladi. Qolgan 82 mamlakat aholisi orasida, Gallup vakillariga ko‘ra, Rossiya tutmishini ma‘qullaydiganlardan ko‘ra ma‘qullamaydiganlar ko‘proq.

Rossiyaning o‘zida esa o‘tgan yili aksincha AQSh siyosatini ma‘qullamaydiganlar soni ko‘paygan. Vashington siyosatini yoqlamaydigan mamlakatlar orasida Rossiya bu yil birinchi o‘rinni (82%) egallagan. Bundan tashqari, falastinliklar (72%), belarusliklar (69%), livanliklar (66%), pokistonliklar (65%), eronliklar (61%), misrliklar (58) va boshqalar AQSh siyosatini qo‘llamaydi.

Aksar aholisi Vashington siyosatiga qarshi bo‘lgan mamlakatlar soni 15 tani tashkil etadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida istiqomat qiladiganlar orasida esa AQSh siyosatiga eng ko‘p qarshi bo‘lganlar (54%) tojikistonliklardir. Bundan tashqari, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham AQSh rahbariyati reytingi avvalgi yillarga qaraganda sezilarli darajada pasaygani kuzatilmoqda.

Gallup so‘rovi 135 mamlakatda 15 yoshdan katta bo‘lgan va saralab olingan 1000 kishi orasida yuzma-yuz muloqot va telefon suhbati asosida o‘tkazilgan. Bu yilgi so‘rov jahon ahli orasida hali ham AQSh siyosatini qo‘llovchilar eng ko‘p (45%) ekanini ko‘rsatgan.

Reytingda eng oxirgi o‘rinni egallagan Rossiya siyosatini esa so‘ralganlarning 22 foizigina qo‘llashi aniqlangan.

XS
SM
MD
LG