Линклар

"Islomiy davlat" bosib olgan Mosulda qarshilik ko‘rsatganlar jazolanmoqda, erkin harakatlanish cheklangan, "DAISh" so‘zini xitob qilgan yosh bola esa kaltaklandi. Ammo, shahar ko‘chalari toza, elektr toki bor. Mosulning bir turg‘uni shahardagi xavfsizlikni “juda yaxshi” deb baholadi, ammo yaqinlari Mosulda qolganlar bir yil o‘tib, "Mosul qamoqxonaga aylandi" demoqda.

Bag‘dodda istiqomat qiluvchi Ahmad Mosulda qolgan ikki aka-ukasi va ikki opa-singlisi bilan har hafta suhbatlashishini aytadi.

Ahmad Ozodlik radiosi Iroq xizmati bilan 4 iyunь kuni telefon orqali qilgan suhbatda “Ahvollari o‘rtacha ekanligini aytdilar, ammo ish yo‘q. U yer xavfsiz; aka-ukalarim borib-kelib turibdilar, uyga kech qayta oladilar”, dedi. (Xavfsizlik nuqtai nazaridan Ahmadning ismi o‘zgartirildi.)

Ammo Ahmad aka-ukasi o‘zlarini qamoqxonadagidek his qilayotganlarini aytdi. Ahmadning aka-ukasi shahardan chiqmochi bo‘lsalar, uzundan-uzoq qog‘ozbozlikdan iborat jarayondan o‘tib, ruxsat olishlari kerak.

Mosuldan ketish ruxsatini olganlar qaytib kelishi shart. "Islomiy davlat" shaharni tark etganlar qaytib kelishini ta‘minlash uchun maxsus tizim ishlab chiqqan.

Shahardan chiqmoqchi bo‘lgan har bir odam mashina, uy yoki boshqa mulkni garovga qoldirishi kerak. Agar shahardan chiqqan kishi qaytib kelmasa, uning mulki musodara qilinadi.

Bundan tashqari, Mosul turg‘unlari qaytib kelishlarini kafolatlaydigan biror kishini tanlashlari kerak.

Agar bir akam sayohat qilmoqchi bo‘lsa, ikkinchisi unga kafil bo‘lishi kerak”, dedi Ahmad.

Ahmad Mosuldagi oila-a‘zolarini ko‘rishga muvaffaq bo‘lgani yo‘q. Uning aytishicha, Mosulga borish mumkin, ammo keyin Bag‘dodga qaytib kelib bo‘lmaydi. “Mosulga bora olasiz, ammo u yerdan keta olmaysiz”, deydi u.

Ayollar uyda o‘tirishi kerak

Erkaklar Mosul bo‘ylab yurishlari mumkin. Ayollar uchun vaziyat boshqacha.

Oyisi, aka-ukalari, opa-singillari hamda xola-ammalari Mosulda istiqomat qilayotgan Nadiyaning aytishicha, ayollar mahramsiz ko‘chaga chiqa olmaydilar va boshdan-oyoq tanalarini yopib turuvchi kiyim kiyishlari shart.

Ramazon oyi kirishi bilan yangi qoida ta‘sis qilinadi. Bu qoidaga binoan iftorgacha ayollar umuman ko‘chaga chiqa olmaydilar.

Nadiyaning aytishicha, "Islomiy davlat"ning bu qaroriga sabab jangarilarning “Ayol kishini ko‘rgan erkak ro‘zasi buzilishi mumkin”, deb hisoblashidir. (Xavfsizlik nuqtai nazaridan Nadiyaning ham ismi o‘zgartirildi.)

Yopiq shahar

Turmushga chiqqanidan keyin Bag‘dodga ko‘chib o‘tgan Nadiya Mosulni jangarilar bir yil avval egallaganidan beri o‘z oila-a‘zolarini ko‘ra olmayotganini aytadi.

Nadiyaga ko‘ra, "Islomiy davlat" mosulliklarning shahardan tashqaridagilar bilan telefon orqali gaplashishini qiyinlashtirib qo‘ygan.

Jangarilar Mosuldagi telefon minoralarini qulatganidan keyin shahar turg‘unlarining ayrimlari shahar chekkasidagi aloqa bor joylarga chiqa boshladilar. Ammo bunday qilish xavfli.

Agar bunday qilganlarni "Islomiy davlat" jangarisi ko‘rib qolsa, telefonlarini tortib oladi va ularni "Islomiy davlat"ga qarshi reja tuzishda ayblab, tahdid qiladi”, dedi Nadiya.

Mosul sharqidagi yerlarda telefon orqali suhbatlashmoqchi bo‘lganlarning telefonlarini jangarilar tortib olgani va buzib tashlagani haqida xabarlar bor.

Nadiyaning aytishicha, Mosuldagi qarindoshi Ibrildagi o‘g‘li bilan suhbatlashmoqchi bo‘lganida jangarilar uning telefonini sindirib tashlagan. Nadiya va uning oila-a‘zolari o‘sha qarindoshlariga nima bo‘lganini bilmaydilar. Balki jangarilar uni olib ketgan. Balki uni kaltaklashgan.

Nadiya onasi shaharning telefon signali bor shimoliy hududiga bora olmagani uchun u bilan gaplasholmayotganini qo‘shimcha qildi.

"DAISh" dema!

"Islomiy davlat" Mosulni egallaganidan keyin ota-onalar bolalarini portlashlardan himoya qilish uchun uyda saqladilar.

Hozir ham odamlar farzandlaridan xavotir oladilar. Ammo portlashlar ortiq eng katta xavf emas.

Hozir gapirishdan hayiqadilar”, dedi Nadiya.

Nadiya qarindoshining besh yashar o‘g‘li otasi bilan o‘z do‘konlarida turganida “DAISh” so‘zini xitob qilgan.

“DAISh” - "Islomiy davlat"ning eski nomi - IShIDning arabcha qisqartmasi bo‘lib, jangarilar bu so‘zni haqorat o‘laroq qabul qiladilar.

Bolaning bu so‘zini eshitgan jangarilarning g‘azabi qo‘zg‘agan. Jangarilarning biri bolani qattiq kaltaklagan.

Bolasi yanada qattiq jazolanishidan qo‘rqqan ota o‘zi o‘g‘lini kaltaklay boshlagan va jangarilardan kechirim so‘ragan. Nadiyaning aytishicha, bolaning otasi jangarilar farzandini olib ketishidan yoki uning panjasi yoki qo‘lini kesishidan qo‘rqqan.

Qarshiliklarga barham berildi

Jangarilar Mosulni endigina egallagan paytlarda ayrimlar qarshilik ko‘rsatgan. Ammo, Mosulda qarindoshi bor iroqliklarning aytishicha, bugunga kelib qarshiliklarga butunlay barham berildi.

Boshida Mosul xalqi qarshilik ko‘rsatgan, ammo ularni darhol jazolashgan va bo‘ysundirishgan”, dedi Ahmad. “Hali ham qarshilik ko‘rsatishni istaydilar, ammo bunday qilishga imkonlari yo‘q”.

Nadiyaning aytishicha, qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganlarni "Islomiy davlat" aniqlab, o‘ldirganidan keyin jangarilarga qarshi harakatlar yashiringan.

Nadiyaga ko‘ra, "Islomiy davlat" Mosulga kirib borayotganida ayrim mosulliklar jangarilar ularni hukumatdan himoya qilishiga ishonib, guruhni qo‘llagan.

Nadiya Mosulning ayrim turg‘unlari ishsizlik kabi muammolar haqida nolisalar ham, jangari guruhni haliyam qo‘llashlarini aytdi.

Ish yo‘q

Mosulda ayollar ishlashi mumkin emas. Shaharda qarindoshi bor iroqliklar erkaklar uchun ham ish ozligini aytmoqdalar.

Ukam hatto taksi haydovchisi uchun ham ish yo‘q demoqda”, deydi Ahmad. “Oliygoh o‘qituvchilari, sobiq harbiylar, muhandislar va ishchilar hammasi ishsiz”.

Ahmad ukasiga Irbildagi tanishlari orqali pul yuborib yordam berayotganini aytadi.

Ammo, u bunday qilish murakkablashib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Chiroqlar o‘chgani yo‘q

Mosulda oila a‘zolari bor bo‘lgan iroqliklarning aytishicha, shaharda ishsizlik keng tarqalgan bo‘lishiga qaramasdan, "Islomiy davlat" shahardagi ommaviy xizmatlar yaxshi ishlashiga e‘tibor qaratib keladi.

Ahmadning ukasi unga shahar ko‘chalaridagi chiroqlar avvalgidan ancha yaxshiligini, ko‘chalar toza, xavfsizlik darajasi hamda elektr toki bilan ta‘minlash juda yaxshi ekanligini aytgan.

"Islomiy davlat" Mosulda oziq-ovqat yetarli bo‘lishiga ham e‘tibor qaratmoqda. Ahmadning aytishicha, mahsulotlar shaharga Duhok orqali yetib bormoqda.

Nadiya Mosulda oziq-ovqat borligiga qaramasdan, vaziyat shahar jangarilar qo‘liga o‘tishidan avval boshqacha bo‘lganini aytadi.

Avval Mosulga mahsulotlar Turkiya va Bag‘doddan kelib turgan. Hozir bu yo‘llar yopiq. Nadiya buning natijasida ID moy va guruch kabi mahsulotlarni Suriyada jangarilar egallagan hududlardan olib kelayotganini aytadi.

Ajnabiylar

Mosulda qarindoshi bor iroqliklarning aytishicha, shahardagi ID jangarilari, asosan, ajnabiylardir.

Ozodlik radiosi Iroq xizmati bilan suhbatda Nadiya “Ular butun dunyodan kelgan: rossiyaliklar, suriyaliklar, pokistonliklar, afg‘onistonliklar, frantsiyaliklar va boshqalar”, dedi. “Ular o‘z ayollari bilan kelganlar. Hatto, bolalarida ham qurol bor”.

Ahmad ID mosulliklar yordamida shaharning qimmatbaho qadimiy buyumlarini o‘g‘irlayotganini va talon-taroj qilayotganini aytadi.

Ular bizga kelib o‘g‘irlangan jismlarni tashishda yordam berishimizni talab qilishdi. Qanday qilib buni rad eta olasiz? O‘z milliy hukumatimiz shaxsiy qurollarimizni musodara qilgan edi, shuning uchun bizda o‘zimizni himoya qilish uchun hech vaqo yo‘q edi”, dedi Ahmad.

Ahmad ID yosh bolalarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazayotganini qo‘shimcha qildi.

“Yordamchilar”

Nadiya ham, Ahmad ham ID Mosulni zabt etayotganida shaharliklar orasida jangarilarga yordam berganlar bo‘lganini aytishdi.

Ahmad "Islomiy davlat"ning Mosulni egallab olishini ta‘riflar ekan: "Bir kun hammasi normal edi; ertasi ular hukmron bo‘lib olib daryoni kesib o‘tayogan edilar”, dedi. “Ularga shahar yonidagi hududlarda yordam berishgan”.

Nadiya shahar ichidagi ID tarafdorlari jangarilarga qaysi uylar nasroniylarga va yazidiylarga tegishli ekanligi haqida ma‘lumot berib turishganini aytdi.

Chetdan kelganlar ma‘lum bir uy nasroniylarga yoki yazidiylarga tegishli ekanligini bilmaydi. Shunday ekan ularga kim bu uylarni ko‘rsatib bergan? Ularga shaharliklarning o‘zlari yordam bergan. Ular orasida jangarilar safiga qo‘shilganlar ham bor”, dedi Nadiya.

XS
SM
MD
LG