Линклар

Ban Ki Mun ketdi — Jizzax va Toshkentda ishchilar yana chopiqqa chiqarildi​


Qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilar dalada chopiqda

Qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilar dalada chopiqda

BMT Bosh kotibi Ban Ki Munning O‘zbekistonga ikki kunlik tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev byudjetdan maosh olib ishlaydigan korxona va tashkilot ishchi xizmatchilarini dala ishlaridan ozod qildi. Ammo, Bosh kotib O‘zbekistonni tark etgach, davlat tashkilotlari ishchilari, o‘qituvchiyu shifokorlar Jizzax va Toshkent viloyatlarida yana dalaga chiqarildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Ban Ki Mun 12 iyunda Toshkentda prezident Islom Karimov bilan uchrashib, O‘zbekiston hukumatini paxta dalalarida majburiy mehnatdan foydalanishini to‘xtatishga chaqirgan edi.

O‘sha uchrashuv arafasida - 12 iyun kuni tongi soat 8 yarimda butun respublika bo‘ylab hokimiyat idoralari, huquq-tartibot tuzilmalari va fermerlarni favqulodda selektor yig‘ilishiga to‘plagan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev byudjetga qaram korxona va tashkilot ishchilarini dala olib chiqmaslik haqida buyruq bergani aytilmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, o‘sha kuni majburiy hasharlarning doimiy qatnashchilari bo‘lgan o‘qituvchiyu shifokorlar dala ishlaridan ozod qilingan.

Jizzax viloyati maktablaridan birining direktori Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarni qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilmaslik haqida Bosh vazirning ayganlarini o‘z qulog‘i bilan eshitganini aytmoqda:

“12 iyun kuni kechqurun tumanimiz faollarini, jumladan maktab direktorlarini ham Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkaziladigan selektor yig‘ilishiga chaqirishdi. O‘sha kungi yig‘ilishda Bosh vazir shu kundan e‘tiboran byudjet tashkilotlari xodimlari, jumladan sog‘liqni saqlash, xalq ta‘limi xodimlari ham qishloq xo‘jaligi ishlaridan ozod qilinishini qattiq tayinladi. Quloqlarimga ishonmadim, nahotki?! Nahotki mo‘‘jiza ro‘y bergan bo‘lsa? Kimdir Internetda prezidentimizning Ban Ki Mun bilan kecha uchrashganini o‘qiganini, bu qaror o‘sha uchrashuvning natijasi bo‘lishi mumkinligi aytdi. Hammamiz xursand bo‘lib uyga qaytdik”, deydi maktab direktori.

Ammo, Ozodlik olayotgan xabarlarga ko‘ra, BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun O‘zbekistonni tark etishi bilan Jizzax va Toshkent viloyatlarida davlat tashkilotlari ishchilari yana dala ishlariga majburiy olib chiqilmoqda.

Jizzaxlik maktab direktori yana o‘qituvchilar chopiqqa chiqarilishi haqida ko‘rsatma berilganini aytmoqda:

“13 iyun kuni xursand bo‘lib uyg‘ondim. Endi bemalol bolalar bilan shug‘ullanishga vaqt ko‘p bo‘ladi, deb o‘yladim. Lekin xalq ta‘limi bo‘limimiz mudiri telefon qilib, bugun Toshkentdan Bosh vazirimizning Uzoqov degan maxsus vakili va Bosh prokuraturadan bir vakil kelayotgani va ular qishloq xo‘jalik ishlari qanday borayotganini tekshirishlarini aytdi. “Hamma dalada bo‘lishi shart, fermerlarga vakil qilib qo‘yilgan maktab direktorlari ham”, dedi mudir. Ustimdan bir paqir sovuq suv quyilgandek bo‘ldi, kechagi eshitganlarim ro‘yoga aylandi”, - dedi maktab direktori.

Ismi sir qolishini so‘ragan jizzaxlik fermerlardan biri Mirziyoyev selektorda byudjet korxonalarini qishloq ishlariga jalb qilishni to‘xtatish haqida buyruq berganida, bu buyruqning umri qisqa bo‘lmasligiga ko‘pchilik umid qilganini ta‘kidladi:

- Bosh vazir dala ishlariga o‘qituvchilar, o‘quvchilar, institut, kollej talabalari chiqmasin, agar chiqsa, teringni shilib olaman, hokimlar javob berasan, dedi. Hozir hamma tashkilotlarning o‘zlarining fermer xo‘jaliklari bor. Lekin vazir bunday degani bilan ular baribir o‘zlarining yer maydonlariga ishchi va xizmatchilarini olib chiqishyapti,- deydi hafsalasi pir bo‘lgan fermer.

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi Ozodlik manbasining aytishicha, ikki kun dala ishlaridan dam olgan markaziy kasalxona shifokoru hamshiralari yana dala ishlariga safarbar etilgan:

- Men har kuni bolnitsaning yonidan o‘tib ishga boraman. Ertalab hamma hamshiralar ishchi kiyimda ketmonlari bilan bolьnitsaning darvozasi oldida to‘planib turishgan edi, dedi manba.

Toshkent viloyati Angren shahridan Ozodlikka maktub yozgan o‘qituvchiga ko‘ra, ular uch kun davomida majburiy ishlarga jaob etilgan:

"Angren shahrida katta bir tadbir bo‘ldi, Angrenning 69 yilligi va Kamolot yoshlar bog‘ining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Kamolot yoshlar bog‘i ilgari Oxunboboyev nomidagi park edi! Eng achinarli tomoni bog‘ ishlariga kollej, maktab, o‘quvchilari va xodimlari zo‘ravonlik bilan 3 kun mobaynida safarbar etilishdi. Shu kunlari darslar to‘xtatildi, kollej, maktablarda qorovullardan boshqa hech kim yuq edi. Hasharning nomiga qarang "Hashar yoshlarga yarashar"!!! Sho‘ring qurg‘ur hasharchilarga ertalab soat 7:30 dan 16:00 gacha jazirama issiqda tushliksiz parkni tozalash majburiyati quyildi. Bunday zo‘ravonliklar jonga tegdi, qachongacha shu holat davom etadi", deb yozadi angrenlik o‘qituvchilardan biri.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Ban Ki Mun 12 iyunda Toshkentda prezident Islom Karimov bilan uchrashib, O‘zbekiston hukumatini paxta dalalarida majburiy mehnatdan foydalanishini to‘xtatishga va mahbuslarga nisbatan munosabatni yaxshilashga chaqirdi.

Prezident Karimov qonun ustivorligi muhim ahamiyatga ega ekanini ta‘kidladi. Lekin kitobdagi qonunlar odamlarning real hayotini yaxshilashga xizmat qilishi kerak”, deb bildirdi Ban Ki Mun prezident Karimov bilan uchrashganidan so‘ng jurnalistlarga bergan suhbatida.

O‘zbekiston paxta sektorida bolalar mehnatidan foydalanishga barham berish yuzasidan sezilarli siljishlarga erishdi. Endi esa o‘qituvchi, shifokor va boshqa soha vakillarining paxta dalalariga majburiy jalb qilinishiga, mahbuslarga nisbatan noinsoniy munosabatlarga barham berish uchun ko‘proq ish qilish kerak”, dedi Ban Ki Mun.

Bir qator inson huquqlari tashkilotlari Ban Ki Munni Markaziy Osiyo safari doirasida ayni shu muammolarni ko‘tarishga chaqirgandilar.

Ammo, BMT rahbari O‘zbekistonni tark etganining ertasigayoq Jizzax va Toshkent viloyatlarida davlat tashkilotlari xodimlarining yana ommaviy ravishda dalaga olib chiqilmoqda. Ozodlik manbalari bu ahvol boshqa viloyatlarda ham kuzatilayotganini aytmoqda.

Ozodlik bu boradagi qo‘shimcha ma‘lumotlarni o‘rganmoqda. Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG