Линклар

logo-print

9 iyun kuni kuchga kirgan qonun bilan O‘zbekistonda fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Bundan buyon mazkur jinoyatni bir guruh shaxslar oldindan til biriktirib sodir etgan bo‘lsa, olti oygacha qamoq yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qonunni o‘zgartirgan qonun

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksining fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan 131- moddasiga qo‘shimcha kiritildi.

131- modda 9 iyungacha qanday edi?

Mazkur moddada fohishaxona ochgan yoki saqlagan, shuningdek g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilgan shaxs eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.

Xuddi shunday harakatlar voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda sodir etilsa;

yoki bu harakatlar takroran, xavfli retsidivist tomonidan sodir etilsa;

yoki Jinoyat kodeksining 135- (Odam savdosi) yoki 137- (Odam o‘g‘rilash) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan etilsa –

6 oygacha qamoq yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.

131- moddaga 9 iyundan boshlab kiritilgan qo‘shimcha

Moddaning yuqorida bayon qilingan holati o‘zgarishsiz qoldi.

Unga mana bu qo‘shimcha kiritildi:

Fohishaxona ochish yoki saqlash, shuningdek g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilish jinoyati bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 6 oygacha qamoq yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yangilikni sharhlab berishini so‘rab, toshkentlik huquqshunos Gulnora Oqilovaga murojaat qildik. Uning aytishicha, qo‘shmachilikka qarshi qonunlarni kuchaytirish zarurati allaqachon pishib yetilgan. Huquqshunos poytaxtning o‘zi yashaydigan mavzesidagi ahvolni mana bunday tasvirladi:

“Har bir domda kamida bittadan fohishaxona bor”

- Joylarda fohishaxonalar judayam ko‘payib ketgan. Misol uchun o‘zim yashaydigan mavzeni oladigan bo‘lsak, har bitta domda bor priton. Masalan, 9 qavatli domda 2–3 ta, o‘zim yashaydigan domda 1 ta, domimiz juda katta, shuning uchun uning o‘rtarog‘ida bor-yo‘qligi aytolmayman, ba‘zi uylarda 2-3 talab priton bor.

Ozodlik: Gulnora opa, Siz juda vahimali gaplarni aytayapsiz, “shunday bo‘lsa kerak”, deb o‘ylaysizmi yoki ataylab o‘rganganmisiz bu masalani?

- Ataylab o‘rganganim yo‘q. Tadqiqot o‘tkazganim yo‘q. Lekin men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib turganim narsalarni aytayapman, dedi Gulnora Oqilova.

“Ishni cho‘talchi militsiya xodimlaridan boshlash kerak”

Gulnora Oqilovaning fikricha, albatta, qo‘shmachilarga qarshi kurashish kerak, lekin ishni ulardan cho‘tal olib, o‘zini ko‘rib-ko‘rmaganga solayotgan militsiya xodimlaridan boshlash kerak.

Huquqshunos yaqinda o‘z mahallasida bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berdi:

- Mana yaqinda 39- domda bo‘lib o‘tgan voqea: shu domdagi fohishaxonaning ayolini g‘irt mast holda olib kelib tashlab ketishdi. Shunda qo‘shnilar uchastka nozirini chaqirtirishdi. Nozir kelib bir narsa deyishi bilan, haligi ayol rosa so‘kkan. “Sen har oy olib turasanku, o‘ch, ovozingni chiqarma”, degan. Ochiqdan-ochiq gapirib turibdi. Shuning uchun ham fohishaxonalar ko‘payib ketgan, deydi huquqshunos.

Rasmiylar nima degan edi?

Ichki ishlar vazirligi 2014 yilning sentyabrida fohishaxonalarni aniqlash maqsadida mamlakat bo‘ylab reydlar o‘tkazgan va natijada 842 ta fohishaxona borligi aniqlangan edi.

Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan tadbirlar davomida Toshkent shahrida 334 ta, Toshkent viloyatida 69 ta, Samarqandda 50 ta, Sirdaryo va Jizzaxda 22 ta, Buxoroda 46 ta, Navoiyda 19 ta, Farg‘onada 47 ta, Andijonda 30 ta, Namanganda 74 ta va Qoraqalpog‘istonda 40 ta ishratxona aniqlangan.

O‘zbekiston bo‘ylab fosh qilingan jami 842 ta fohishaxonada fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan 1097 nafar shaxs qo‘lga olingan.

Ichki ishlar vazirligining bu xabarini Ozodlik blogeri sinchiklab o‘qib, xabardan paydo bo‘lgan savollarini o‘rtaga tashlagan edi.

XS
SM
MD
LG