Линклар

logo-print

G‘azalkentdagi maishiy kimyo zavodi sassig‘i aholini ko‘chaga chiqishdan bezdirdi​


G‘azalkentliklarning aytishicha, sassiq tutun rasmda o‘ngda turgan kichikroq mo‘ridan chiqadi.

G‘azalkentliklarning aytishicha, sassiq tutun rasmda o‘ngda turgan kichikroq mo‘ridan chiqadi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan maishiy kimyo mahsulotlarini ishlab chiqaradigan zavod mahalliy aholi salomatligi va atrof-muhitga xavf solayotgani iddao qilinmoqda. G‘azalkent shaharchasida joylashgan “Lotos Gold” O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasiga qarashli zavod yaqinidagi Iskandar qo‘rg‘oni turg‘unlari Ozodlikka murojaat qilib, korxona chidab bo‘lmas darajada qo‘lansa hid chiqarishi, mo‘rilaridan tarqaladigan kukun uylarning tomlari va daraxtlarga o‘rnashib, yomg‘ir yoqqan paytda ko‘piklashayotganidan shikoyat qilishdi. “Lotos Gold” shirkati rahbari va Bo‘stonliq hokimligi mutasaddilari vaziyat xususida Ozodlikka izoh berishdan bosh tortdi.

Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahri Iskandar qo‘rg‘oni yaqinida maishiy kimyo vositalarini ishlab chiqaruvchi “Lotos Gold” zavodi ishga tushganiga ikki yildan oshgan. Iskandar qo‘rg‘onida istiqomat qiluvchi fuqarolarning iddao qilishicha, o‘shandan beri korxona atrof-muhit va mahalliy aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Bu muammo yuzasidan hokimiyat idoralariga qilgan murojaatlari natija bermagach, 16 iyun kuni Ozodlik bilan bog‘langan g‘alakentliklarning aytishicha, O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasiga qarashli zavod tarqatadigan qo‘lansa hid dastidan odamlar yozning issig‘ida uydan chiqishga hadiksirab qolgan.

“Zavodda baland vishkasi bilan trubasi bor, shu trubadan har kuni bo‘lmasa ham, kun ora oppoq, sassiq hid chiqadi. Hidiga chidab bo‘lmaydi. Bizning qo‘rg‘onda 1700dan oshiqroq xonadon bor, shular hatto ko‘chaga chiqmaydigan bo‘lib qoldi. Yozning issig‘ida hovliga chiqib o‘tiradigan paytda hamma uyga biqinib o‘tirishga majbur. Bundan tashqari tomlar bilan daraxtlarga oq kukun o‘tirib, yomg‘ir yoqqanda mag‘zava oqadi. Zavod ishga tushganiga ikki yildan oshgan bo‘lsa, allaqachon daraxtlar quriy boshladi”, deydi Iskandar qo‘rg‘oni aholisi nomidan gapirgan g‘azalkentlik.

Ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimizning iddao qilishicha, zavod qurilishidan avval mahalliy aholiga korxonada chetda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotni qadoqlash ishlari bajarilishi haqida aytilib, ulardan rozilik xati ham olingan. Lekin zavod qo‘lansa hid chiqara boshlaganidan keyin Bo‘stonliq tumani hokimligiga qilingan shikoyatlar natijasiz qolmoqda, deydi u.

“Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Hokimiyatga bir necha marta murojaat qildik, korxona vakillari bilan kelishib filtr qo‘yib beramiz deb va‘da qilishganiga bir necha oy bo‘ldi. Lekin sassiq hid kamaygani yo‘q. Zavod ishga tushishidan avval, taxminan uch yilcha avval hokimiyat vakillari bilan zavod egalari kelishib, bu yerda tayyor poroshokni qadoqlaymiz, mahalliy aholiga ish beramiz, deb va‘da berishdi. Bizdan “rozimiz”, degan xatni ham olishdi. Keyin bilsak, poroshokni shu yerda ishlab chiqarshayotgan ekan. Bu zavodga ishga kirgan odam 8-10 oyda, bir yilga bormasdan chiqib ketyapti, chunki sog‘lig‘ini dabdalasi chiqib ketyapti”, deydi zavod yaqinida yashaydigan g‘azalkentlik.

Ozodlik “Lotos Gold” O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasi ma‘muriyatiga izoh olish maqsadida murojaat qildi. O‘zini Yoqubjon deb tanishtirgan korxona mulozimi G‘azalkentning Iskandar qo‘rg‘oni ahli shikoyat qilgan muammo hal etilganini iddao qildi.

- Bu masala bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, muammo hal qilindi. Sizga kim murojaat qilganini bilmaymanu, lekin bizga mahalliy aholi ikki oy avval murojaat qilgan edi, barcha tegishli organlar kelib, tekshiruv o‘tkazib, xulosalarini berdi, deya ta‘kidladi “Lotos Gold” shirkati rahbari Yoqubjon.

Ozodlikning tekshiruv kim tarafidan o‘tkazilgan, degan savoliga Yoqubjon javob berishni istamadi. U “Lotos Gold” firmasining Britaniyadagi haqdori kim ekanini ham ochiqlamadi.

Ayni paytda, Bo‘stonliq tumani hokimligi umumiy bo‘lim rahbari Avaz Hamroyev “Lotos Gold” zavodi bilan bog‘liq vaziyatni izohlashdan bosh tortdi.

“Lotos Gold” shirkatiga oid Internetdan topilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2012 yilda ishga tushgan mazkur zavodda 90ga yaqin odam ishlaydi va u yerda bir nechta brend ostidagi kir yuvish vositalari ishlab chiqariladi.

O‘zbekistonda aholi punktlari yaqinida tashkil qilingan ishlab chiqarish korxonalari mahalliy aholiga noqulayliklar tug‘dirishi tez-tez uchrab turadi.

May oyi boshlarida Buxoro viloyatidagi Kogon shahrida joylashgan yog‘-moy zavodidan chiqadigan qo‘lansa hidga qarshi mahalliy aholi norozilik namoyishi uyushtirgan edi. Norozilar zavodan chiqadigan oltingugrt bug‘lari og‘ir xastaliklarga sabab bo‘layotganini Ozodlikka aytishgan edi. So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, maxsus komissiya kogonliklar shikoyati ortidan tekshiruv boshlagan va yog‘-moy zavodini yopib qo‘ygan.

XS
SM
MD
LG