Линклар

Kelasi oydan O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlarni himoya qilishga qaratilgan farmoni kuchga kiradi. Mazkur farmonda mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklarini nazorat idoralarining noqonuniy harakatlaridan himoya qilish chora-tadbirlari belgilab berilgan. O‘zbekiston iqtisodi surunkali qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan vaziyatda mazkur farmon tufayli tadbirkorlarga sezilarli yengilliklar paydo bo‘lishiga umid qilinmoqda. Lekin o‘zbekistonlik tadbirkorlar bu kabi farmonlar birinchi marta qabul qilinmayotgani, amalda esa yengillik o‘rniga tadbirkorlik faoliyatiga doir cheklovlar yil sayin oshib kelganini aytishadi.


O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 15 may kuni imzolagan “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta‘minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni 1 iyuldan kuchga kirishi kutilmoqda.

Mazkur farmon kuchga kirishi bilanoq, xususan, “mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid barcha tekshiruvlar rejali tartibda nazorat organlari tomonidan to‘rt yilda bir martadan, boshqa xo‘jalik sub‘ektlarida esa faqat O‘zbekiston Respublikasi Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qaroriga asosan uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan tartibda amalga oshirilishi” belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, tekshiruv muddati ham avvalgi 30 kun o‘rniga 10 kunga qisqartirilgani ham tadbirkorlarga yengillik sifatida ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, kelasi oyda kuchga kiradigan yangi tartibga binoan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) birinchi marta sodir etgan, jinoyat aniqlangandan keyin 30 kun ichida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan, penya va boshqa turdagi moliyaviy sanktsiyalarni to‘lagan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmaydi va u javobgarlikdan ozod qilinadi”.

Toshkentlik iqtisodchi Toshbekning fikricha, mazkur farmon mart oyda qayta saylangan prezidentning saylov oldi va‘dalariga asoslangan va uning asosiy yangilik jihati ham tadbirkorlarning birinchi moliyaviy qonunbuzarlik uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qilinganidadir.

- Qog‘ozda bu juda chiroyli taqdim etilgan. Farmonda 2-3ta konkret tezislar bor. Prokuraturaga konkret topshiriqlar berilgan. Agar bu haqiqatan, amlda qonun kuchiga ega bo‘ladigan bo‘lsa, farmonning tadbirkor foydasini ko‘zlab qabul qilinganini ko‘rishimiz mumkin. Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvni qanchalik cheklashini, albatta vaqt ko‘rsatadi. Lekin farmonning urg‘u berilayotgan jihati, menimcha, jinoiy javobgarlikning olib tashlangani, ya‘ni tadbirkorlarga bosim qilish vositasi kamayayotgani aniq va ijobiy signaldir. Undan keyin tekshir-tekshirlarning muddati kamayayotgani ham yaxshi tendentsiya menimcha,- deydi iqtisodchi.

Prezident farmonida “tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganganlik uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortish darajasigacha oshirish” ham nazarda tutilgan.

"Tekshir-tekshir dastidan biznesim sindi"

Farmon 1 iyuldan kuchga kirgach vaziyat qanchalik o‘zgarishi hozircha mavhum, lekin tadbirkorlar o‘z faoilyati tufayli hokimiyat idoralari, xususan prezident farmoni bajarilishini kafolatlashi kutilayotgan prokuratura tomonidan ta‘qib qilinishiga ko‘plab misollar bor.

Namangandagi sobiq “Usta Adash Abdulla Karim” kichik korxonasining ta‘sischisi Karim Abdullayev prokuratura tekshiruvlari bois firma faoliyati to‘xtab qolib, kasodga uchraganini aytadi. Bu ham yetmaganday, deydi tadbirkor, hozir prokuratura jinoiy javobrgarlik bilan tahdid qilmoqda.

- Tadbirkorlik faoliyatini kim himoya qiladi, prezident farmonini bajarishmayotgan bo‘lsa bular. Men o‘g‘rilik qilmagan bo‘lsam. Harob yotgan binoni oyoqqa turg‘azib, 50ta ish joyi yaratdim. Men tashkil qilgan tikuv tsexida tikilgan maxsulot respublika bo‘ylab sotilar edi. Ftubolkadan tortib, kostyum-shigacha, 50ka yaqin mahsulot ishlab chiqarar edik. Prezidentimiz sharoit yaratib berdilar deb, ishonsam, prokuratura bizni umuman himoya qilmyapati. Axir vazirlar mahkamasining qarori bor, bu qarorga ko‘ra, tadbirkorlik sub‘ektlarini noqonuniy tarzda teshira olmaymiz, demaydi bular. Bu tekshir-tekshirlar va yozuvlar dastidan yig‘ishtirib qo‘ydik tadbirkorlikni. Yanvar oyidan 50 ishchi ishlagan fabrikani yopib qo‘ydik. Yopib qo‘ysak ham tinch qo‘ymayapti prokuratura bizni, deydi namanganlik tadbirkor Karim Abdullayev.

"Prezident farmoni tub muammoni hal eta olmaydi"

Qo‘qon markaziy bozorida chakana savdo bilan shug‘ullanadigan tadbirkor To‘lqin aka, prezident farmoni e‘lon qilinishidan avval ham, keyingi yarim yil-bir yil ichida soliq idoralarining tekshiruvlari ancha siyraklashganini e‘tirof etadi. Lekin bugun tadbirkorning asosiy muammosi undiriladigan soliqning tadbirkor daromadi bilan nomutanosib darajada yuqori ekanida, deydi qo‘qonlik savdogar Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

“Hozir tekshiruvlar ancha kamaygan. Davlat idoralari ancha yumshoq muomalada bo‘lib qolgan. Lekin hozir chakana savdo uchun bir oyda 900 ming so‘mlik soliq belgilab qo‘yilgan. 120 ming so‘mi pensiya jamg‘armasiga, 780 ming daromad solig‘i. Agar buni daromadning 20 foizi deb oladigan bo‘lsangiz, savdogar 4 million atrofida daromad qilishi kerak. Lekin buncha foyda hozir yo‘q. Hozir savdo ancha tushib ketdi. Masalan, o‘tgan yili bir bozorda 10 millionlik tovar sotgan bo‘lsak, bugun zo‘rg‘a bir millionli savdo qilyapmiz. Sababi odamlarda pul yo‘q, chunki Rossiyadan mehnat muhojirlari yuborayotgan pul hajmi tushib ketdi. Lekin soliqni miqdori kamaygani yo‘q”, deydi tadbirkor.

Suhbatdoshimiz, soliq idoralari tekshiruvining kamaygani hamda prezidentning tadbirkorlarni himoya qilish to‘g‘risidagi farmoni mamlakat iqtisodida kuzatilayotgan jiddiy muammolarni hal eta olishiga shubha bilan qaraydi.

“Hozir o‘zi tekshir-tekshirning kamayib ketgani ham savdoning pasayib ketgani bilan bog‘liq. Chunki soliqchilar ham tushunib turibdi sadvogardan u-bu narsa undirish qiyinligini. Ko‘pchilik hozir ziyonga ishlayapti. Bu farmon ham tadbirkorlarni biroz yupatish uchun qabul qilingan, menimcha. Agar ertaga yana savdo yurishib ketadigan bo‘lsa, yana savdogardan tama qilish avjiga chiqadi va prezident farmoni qog‘ozda qolib ketaveradi. Lekin savdogarning bugun asosiy muammosi odamlarning xarid qilish qurbi kamayib ketganida. Ishsizlik avjida, butun boshli oilalar ishsiz o‘tiribdi. Mardikorlar rosa ko‘paygan. Rossiyadan pul kelmay qo‘ydi. Hukumat iqtisoddagi muammolarni hal qilmas ekan, bitta farmon bilan vaziyatni o‘nglay olishiga ko‘zim yetmaydi”, deydi qo‘qonlik savdogar.

XS
SM
MD
LG