Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:57

IDga qo‘shilgan tojik qo‘mondoni yangi videosi sabab Tojikistonda bir necha saytga to‘siq qo‘yildi


Tojikistonlik sobiq OMONchi Gulmurod Halimov.
Tojikistonlik sobiq OMONchi Gulmurod Halimov.

Hozirda “Islomiy Davlat” guruhi safida jang qilayotgan tojikistonlik sobiq OMON qo‘mondoni aks etgan ikkinchi video paydo bo‘lishi ortidan Tojikistonda Facebook, YouTube va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarga to‘siq qo‘yildi.

To‘siq bo‘yicha hali rasmiy izoh berilgani yo‘q.

OMON qo‘mondoni Gulmurod Halimovning aprel oyida “Islomiy Davlat” safiga qo‘shilish uchun g‘oyib bo‘lishi Tojikiston uchun katta sharmandalik bo‘lib qolmoqda. Qashshoq va asosan musulmonlar yashaydigan Tojikiston yoshlarni Iroq va Suriyaga borib, radikal guruh safiga qo‘shilishdan tutib qolish uchun kurashib keladi.

Tojikiston matbuoti 18 iyun tushdan keyin ijtimoiy tarmoqlar ochilmay qolgani haqida xabar berdi. Bundan bir necha soat avval Halimov aks etgan video Internetda yoyinlangan edi. Videoda sobiq OMON qo‘mondoni “kofirlar”, Rossiya hamda AQShga tahdid qiladi.

Videoda Halimov va boshqa bir necha jangari qora bayroq oldida turib, Halimov Suriyaga tojikistonlik jangari Nusrat Nazarovni o‘ldirish maqsadida borgani haqidagi mish-mishlar noto‘g‘ri ekanligini ta‘kidlaydi.

Abu Xolidiy Kulobiy va Furqon Falastin ismlari bilan ham ma‘lum bo‘lgan Nazarov “Islomiy Davlat”ning bir necha videosida Raqqadagi tojik jangarilarining yetakchisi ekanligini iddao qilgan.

Tojik matbuoti Nazarov yaqinda halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Ikkinchi videoda Halimov Nazarovning o‘limini tilga olmaydi, ammo “Furqonga mangu birodar bo‘lib qolaman”, deydi.

Quroliga ishora qilar ekan, Halimov undan faqat kofirlarni o‘ldirish uchun foydalanishini aytadi: “Agar o‘z akam yoki ukam kofir bo‘lsa, uning boshini olgan bo‘lardim. Agar bizga qarshi kurashsa, uni o‘ldirgan bo‘lardim”.

27 may kuni tarqatilgan birinchi videoda Halimov tojik hukumatining diniy e‘tiqodga qo‘ygan to‘siqlariga, jumladan, islomiy libos hamda masjidda namoz o‘qish bo‘yicha cheklovlarga qarshi chiqish niyatida jangari guruhga qo‘shilganini aytgan, muqaddas urush Rossiya va AQSh yerlariga ham olib borilishini aytib, tahdid qilgan edi.

Birinchi video paydo bo‘lganidan keyin Tojikistondagi mashhur ijtimoiy tarmoqlarga bir necha kun to‘siq qo‘yilgandi.

Tojikiston Internet provayderlari assotsiatsiyasi rahbari Asomuddin Atoyev Ozodlik radiosi tojik xizmati bilan suhbatda ayrim provayderlar Davlat kommunikatsiya xizmatidan kelgan og‘zaki buyruqqa asosan bu saytlarga to‘siq qo‘yganini bildirgan edi.

Atoyev to‘siqqa Halimov haqidagi xabarlar sabab bo‘lganini aytgan edi.

Tojikiston Halimovni xoinlikda hamda chet mamlakatdagi harbiy amaliyotlarda noqonuniy ishtirok etishda ayblamoqda.

Sakkiz bolaning otasi bo‘lgan Halimov Rossiya va AQShda kontrterrorizm kurslaridan o‘tgan.

Gulmurod Halimov tojik militsiyasiga 90-yillar boshida kirgan, 2012 yilda esa OMON qo‘mondoni etib tayinlangan.

Farangiz Najibulla qalamiga mansub ushbu maqola Nodir Atayev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG