Линклар

O‘zbekiston Airbus harbiy samolyotlarini sotib olishi mumkin​


Internetda paydo bo‘lgan rasmlarda C295W samolyoti bortiga O‘zbekiston bayrog‘i va Uz Air Force, degan yozuv tushirilgan. (rasm Defence Blog saytidan olindi)

Internetda paydo bo‘lgan rasmlarda C295W samolyoti bortiga O‘zbekiston bayrog‘i va Uz Air Force, degan yozuv tushirilgan. (rasm Defence Blog saytidan olindi)

O‘zbekiston Yevropaning Airbus Defence and Space shirkatidan harbiy-transport samolyotlarini sotib olayotgani aytilmoqda. Bortida O‘zbekiston bayrog‘i tushurilgan Airbus C295W rusumidagi uchqich rasmlari Internetda paydo bo‘ldi. Aytilishicha, Ispaniyaning Sevilya shahrida sinovdan o‘tkazilayotgan uchqichni mahalliy fotoblogger suratga tushirgan. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mazkur xabarni izohlamayotir. Airbus Defence and Space shirkati ham sotib oluvchi tomonning roziligisiz bu borada izoh bera olmasligini bildirdi.

O‘zbekiston havo kuchlari C295W rusumidagi o‘rta hajmli harbiy transport samolyotini sotib olayotgani to‘g‘risida harbiy yangiliklarni yoritib boradigan Defence Blog sayti 22 iyun xabar qildi. (Rasmlarni mahalliy fotograf José Antonio Almarza Madrera olgan.) Xabarga Airbus Defence and Space shirkati Ispaniyaning Sevilya shahridagi zavodida ishlab chiqaradigan samolyot rasmlari ilova qilingan. Rasmlarda samolyot bortiga O‘zbekiston bayrog‘i va Uz Air Force, degan yozuv tushirilgan.

O‘zbekiston mudofaa vazirligi: "Bizda bunday ma‘lumot yo‘q"

O‘zbekiston harbiylari Yevropaning Airbus shirkatidan havo apparatlarini sotib olayotgani to‘g‘risida bundan avval xabar qilinmagan. Shu paytgacha O‘zbekiston havo kuchlari parki asosan sobiq ittifoq davrida Toshkentdagi aviazavod hamda Rossiyada ishlab chiqarilgan uchqichlardan iborat bo‘lgan.

Defence Blog sayti xabariga ko‘ra, o‘zbeklar C295W rusumidagi samolyotdan to‘rt donaga buyurtma bergan.

O‘zbekiston mudofaa vazirligi Ozodlikka bu borada izoh bermadi. O‘zini mudofaa vaziri yordamchisi polkovnik Normatov, deb tanishtirgan mulozim “Bu borada izoh bera olmayman. Bunday ma‘lumot menda yo‘q”, deya ta‘kidladi.

Defence Blog sayti xabariga ko‘ra, o‘zbeklar C295W rusumidagi samolyotdan to‘rt donaga buyurtma bergan.

Defence Blog sayti xabariga ko‘ra, o‘zbeklar C295W rusumidagi samolyotdan to‘rt donaga buyurtma bergan.

Qarorgohi Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan Airbus Defence and Space shirkati matbuot xizmati rahbari Maggi Bergsma ham sotib oluvchi tomon roziligisiz bu ma‘lumotni oshkor qila olmasligini bildirdi. Lekin Bergsma xonim Ozodlikka C295W rusumidagi havo apparati xususiyatlari haqida gapirib berdi.

- Bu samolyot turli missiyalarni amalga oshira oladi. Odamlarni tashishi mumkin, yuklarni ham tashiydi. Bundan tashqari boshqa turdagi missiyalar, masalan dengiz-patrul versiyasi kuzatuv missiyalarini amalga oshirishi mumkin. Havo apparatining turli versiyalari bor,- deydi Airbus Defence and Space vakili.

O‘zbekiston sotib olishi iddao qilinayotgan samolyotlarning narxi necha pul ekani aniqlashtirilmagan. Lekin Internetda C295W rusumidagi samolyotlarning boshlang‘ich narxi 28 million AQSh dollariga teng ekaniga doir ma‘lumotni topish mumkin.

Airbus Defence and Space vakili samolyotning turiga, unda o‘rnatilgan uskunalarga qarab narxi ham turli bo‘lishi mumkinligini aytadi. Bergsma xonimning so‘zlariga ko‘ra, 1997 yildan beri ishlab chiqariladigan C295W bu toifadagi uchiqchilar orasida bozori eng chaqqonidir.

- Samolyotlarning narxini aniq aytish qiyin, chunki har bir apparatning narxi turlicha, unda o‘rnatilgan uskunalarga bog‘liq bo‘ladi. Aniq narxini bilmaymiz, chunki bunday katalogning o‘zi yo‘q. Lekin C295W juda ko‘p sotiladigan apparat, o‘z toifasidagi uchqichlar bozrining 70-80 foizini tashkil qiladi va turli mamlakatlar havo kuchlari orasida juda ommabop,- deydi Airbus Defence and Space matbuot xizmati rahbari Maggi Bergsma.

"Rossiya ittifoqchilariga samolyot yetkazib bera olmaydi"

Internetda paydo bo‘lgan xabarlar tasdiqlansa, O‘zbekiston harbiylari Yevropa aviashirkatidan ilk bor transport samolyotini sotib olayotgan bo‘ladi. Mamlakat havo kuchlarining samolyot parki faqatgina Rossiyaga doir apparatlardan iborat bo‘lgan. Jumladan, o‘rta hajmdagi An-12 rusumidagi harbiy transport apparatlari bir paytlar, sobiq sovet davrida Toshkentdagi Chkalov nomidagi samolyotsozlik zavodida (TAPOiCh) ham ishlab chiqarilgan.

Mustaqillik yillarida, 2012 yilgacha bu zavoddan Il-76TD-90VD rusumidagi yirik hajmli harbiy-transport samolyotlari ham chiqqan.

Rossiyalik harbiy tahlilchi, “Yejednevniy jurnal” nashri bosh muharriri o‘rinbosari Aleksandr Golts bugungi kunda Rossiya harbiy-sanoat kompleksi sobiq ittifoq davlatlarini ishonchli mahsulot bilan ta‘minlay olish salohiyatini yo‘qotgan vaziyatda O‘zbekiston hukumatining Yevropadan uchqich sotib olishi tabiiy holdir, deydi. Chunki O‘zbekiston havo kuchlari ixtiyoridagi 40tadan oshiqroq transport samolyotlarining hayoti tugab bo‘lgan, deya davom etadi tahlilchi.

- Har bir samolyotning o‘ziga yarasha resursi bor. Mening taxminlarimga ko‘ra, O‘zbekiston havo kuchlari ixtiyoridagi samolyotlarning barchasi, yo‘q deganda aksar ko‘pchiligi, sobiq sovet davrida ishlab chiqarilgan. Ularni ta‘mirlash va modernizatsiya qilish imkoniyatlari ham cheklangan va istaysizmi, yo‘qmi ularni almashtirish vaqti keldi. Shuning uchun O‘zbekiston harbiylarining bu qarorini tushunsa bo‘ladi. Albatta bu arzon narsa emas, lekin havo kuchlari uchun transport samolyotlariga ega bo‘lish juda muhimdir. O‘zbekiston o‘zi samolyot chiqarsa, albatta bu arzonga tushardi, lekin buning uchun sovet davridagi sanoat kooperatsiyasi zanjirini yaratish kerak bo‘ladi. Lekin bunday zanjirni tashkil qilishni Rossiyaning o‘zida eplay olishmayapti hozir,- deydi harbiy tahlilchi.

2010 yilda o‘zini bankrot deb e‘lon qilgan TAPOiChda mutsaqillik yillarida uy-ro‘zg‘or buyumlarini ishlab chiqarishgan.

Airbus Defence and Space shu kungacha 130 donaga yaqin C295W rusumidagi samolyot ishlab chiqargan. Bu samolyotlarni 20dan oshiq davlatning havo kuchlari ishlatadi. Jumladan, qo‘shni Qozog‘iston harbiylari parkida 2 dona C295W samolyoti bor va yana ikkitasiga buyurtma berga.

XS
SM
MD
LG