Линклар

logo-print

Sirdaryo Issiqlik elektr stansiyasidan Yangi Angren Issiqlik elektr stansiyasigacha uzunligi 123,2 kilometrli yuqori kuchlanishli (500 kV) elektr liniyasini tortish ishlari yakunlanmoqda.

Bu xaqda xabar qilgan “Pravda Vostoka” gazetasiga ko‘ra, mazkur liniyaning “Farg‘ona vodiysi aholisi uchun muhim ahamiyati bor va u tez orada ishga tushadi”.

Lekin “Uzelektroset” unitar korxonasi mutasadddisining Ozodlikka aytishicha,Farg‘ona vodiysida “svetning kam yo ko‘p o‘chishi bu liniyaga bog‘liq emas”.

Necha pul deydi?

Ham, “Pravda Vostoka”da, ham “Jahon” axborot agentligi rasmiy saytida bosilgan matnda aytilishicha, Sirdaryo IESdan Yangi Angren IESiga liniya tortish uchun 87 million dollardan ziyod mablag‘ sarflangan bo‘lib, bu summaning 33 million dollari Xitoyning “Eksimbank”i yotqizgan sarmoyadir. Pulning qolgan qismini “O‘zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi o‘z yonidan sarflagan.

Yana nimalar deydi?

Matnda ikki IES o‘rtasida yuqori kuchlanishli sim tortish ishlari 2013-2014 yillari o‘ta og‘ir sharoitlarda olib bajarilgani haqida aytilgan.

Xabarda, shuningdek, yangi liniya ishga tushgach, elektr energiyasi uzatishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish hisobiga 75 mln. kVt elektr quvvati tejaladi, istiqbolda esa, liniyadan uzatiladigan quvvatning oshishi hisobiga yiliga 180-185 mln. kVt tejaladi.

Co‘zma-so‘z tarjima

Rasmiy matbuotning rus tilidagi xabarida yana mana bu gap borki, abzatsning so‘zma-so‘z tarjimasi budir:

“Farg‘ona vodiysi aholisi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yuqori voltli yangi liniya tez orada o‘z ishini boshlaydi. U Farg‘ona energiya tugunidagi iste‘molchilarni elektr quvvati bilan ishonchli ta‘minlash darajasini oshirishga imkon beradi, shuningdek, Markaziy Osiyo Birlashgan energiya tizimining Markaziy qismidan Farg‘ona energiya tuguniga elektr quvvati uzatishni ta‘minlaydi”.

Xo‘sh, endi, Farg‘ona vodiysida chiroq o‘chmaydimi?

Rasmiy nashrlar xabarida bu savolning aniq javobi yo‘qligi uchun o‘rtasida yangi sim tortilgan stansiyalar bilan bog‘landik.

Yangi Angren Issiqlik elektr stansiyasi Bosh muhandisi telefonini ko‘targan rus tilida so‘zlashuvchi ayol stansiyaning “kategorirovanniy ob‘ekt” ekanligini favqulodda shiddat bilan aytib, gapni qisqa qildi.

Sirdaryo Issiqlik elektr stansiyasi vakili bu masala bilan “Uzelektroset”ga murojaat qilishni maslahat berdi va bu korxona mutasaddilaridan biri ba‘zi savollarimizga javob berdi:

"Elektr tarmoqlari" mutasaddisi bilan ping-pong

- Yangi liniya to‘g‘risidagi xabarda elektr quvvatini tejash haqida so‘z boryapti. Bu nima degani?

- Bu elektr quvvatini uzatish bilan bog‘liq texnik yo‘qotishlar kamayadi, ta‘minotning ishonchliligi oshadi degani.

- Elektr quvvati Sirdaryodan Yangi Angrenga uzatiladimi?

- Ha, maqsad energiyani Markaziy qismdan Farg‘ona vodiysiga haydash.

- Asosiy savolim: shu liniyaning ishga tushishi bilan Farg‘ona vodiysida svet bu yil kamroq o‘chadimi?

- Svetning kam yo ko‘p o‘chishi bu liniyaga bog‘liq emas. Asosan to‘lovlar, ko‘p joylarda debitorlik qarzlarning oshganligi bilan bog‘liq birinchi navbatda. Endi bu mavjud liniyaning ishonchiligini oshiradi.

- Aholi bundan suyunishi kerakmi?

- Ha, albatta, aholi uchun, xalq xo‘jaligi uchun, iste‘molchilar uchun qilinayaptiku!

- Elektr ta‘minotidagi muammolar yangi liniya ishga tushishi bilan necha foizga kamayadi?

- Foizini aytolmayman, dedi "Uzelektroset" mutasaddisi.

Nimalar dedi?!

To‘g‘risi, yangi liniyaning “to‘lovlar, ko‘p joylarda debitorlik qarzlarning oshganligi”ga qanday aloqasi borligini tushuna olmadik.

Lekin “Uzelektroset” bitta gapni aniq-tiniq aytdi: Farg‘ona vodiysida “svetning kam yo ko‘p o‘chishi bu liniyaga bog‘liq emas”.

Xuddi shu gapni “Farg‘ona elektr tarmoqlari”ning muhandislaridan biridan ham eshitdik.

Vodiy aholisini suyuntiradigan, lekin davomi yo‘q yangilik

Ma‘lumki, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bironta ham yirik elektr stansiya yo‘q. Vodiy elektr quvvatini Angren va Sirdayo stansiyalaridan oladi.

Biroq o‘tgan yil kuzida bir umidbaxsh yangilik paydo bo‘lgan edi.

O‘zA axborot agentligi 2014 yilning 10 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini birgalikda moliyalashtirish to‘g‘risida zayom bitimi imzolangani, loyiha doirasida Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida har biri 450 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmadan iborat umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan yangi bug‘-gaz elektr stansiyasini barpo etish ko‘zda tutilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

To‘raqo‘rg‘ondagi stansiya qurilishi qachon boshlanishi to‘g‘risida O‘zA hech narsa demagan.

Shu kungacha To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga doir boshqa xabar paydo bo‘lgani yo‘q.

Qishda zimistonda qolishga ko‘nikib qolgan vodiy

Keyingi yillarda O‘zbekiston energetik bo‘hronni o‘z boshidan kechirmoqda. Rasmiylar hech bir shaklda tan olmaydigan bu inqiroz, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida o‘ta chuqurdir. Bu fikrga isbot bo‘ladigan faktlar Ozodlikning o‘nlab xabarlarida aks etgan.

XS
SM
MD
LG