Линклар

logo-print

Tver sudi qaroriga binoan “registratsiyasi yo‘qligi” vajidan maktabdan haydalgan o‘zbekistonlik muhojir farzandlari o‘quv dargohiga qayta olindi. A‘lo baholarga o‘qigan 8, 10-sinf o‘quvchilari - Umar va Nusratulloh keyingi yil sentyabrdan maktabga qatnaydi. Rossiyaning turli mintaqalarida ota-onasining hujjatidagi kamchilik bois, bolalarni maktabdan haydash hollari ko‘paymoqda.

Bolalar maktabga tiklandi

Fevral oyida Rossiyaning Tver shahrida istiqomat qiluvchi o‘zbek muhojirining ikki farzandi o‘quvchilar safidan chiqarib yuborilgan edi. Maktab ma‘muriyati “olib borilgan monitoring natijasida” 8 va 10-sinf o‘quvchilari bo‘lgan xorijlik Umar va Nusratulloh Tverda qonuniy qaydda turmaganini aniqlaganini aytgan.

Ozodlik aslida bu yigitlarni o‘quvchilar safidan chiqarish talabi mahalliy FMS idorasidan kelgani, aks holda maktab 400 ming rubl jarimaga tortilishidan ogohlantirilgani haqida ma‘lumotni maktab direktori muovini Aleksey Maksimovdan aniqlagan edi.

Kuni kecha Nurbek akaning oilasini o‘z himoyasiga olgan “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti advokatlari maktab ma‘muriyati hatti-harakatlari ustidan Tver sudiga bergan shikoyat qondirilgani va Umar va Nusratulloh yana o‘z maktabiga qayta tiklanishi shartligi to‘g‘risida qaror chiqarilgani to‘g‘risida hushxabarni tarqatdi.

“Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasining muhojirlar masalalari bo‘yicha loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Anastasiya Denisova Ozodlik bilan suhbatda masala ijobiy hal etilgani, bu esa boshqa muhojirlar arz-shikoyatlarida juda katta yordam berishiga ishonishini aytdi:

- Advokatimiz Konstitutsiyaga tayanib “Ta‘lim to‘g‘risida”gi Qonunda va maktab Nizomida bolani maktabdan chetlatishga bo‘la oladiganasoslar aniq-tiniq belgilab berilganini sudga ko‘rsatdi. So‘zsiz, u yerda “registratsiya” yoki RVP muddati o‘tgani to‘g‘risida lom-mim deyilmagan. Ya‘ni, maktabning bolalarni o‘qishdan chetlatish buyrug‘i asoslanmagan! Boshqa tomondan sudning bu qarori kelajakda FMS idoralari va prokuratura bosimi ostiga tushayotgan maktab ma‘muriyati uchun “muhojirlar farzandlari qaydga turishi” masalasida juda qo‘l keladi. Biz hatto bu masalada barcha maktablarga maxsus “yo‘riqnoma” jo‘natish g‘oyasi ustida ishlayapmiz, - deydi Anastasiya Denisova.

Himoyachi so‘zlarini tasdiqlab bergan bolalarning otasi Nurbek aka ham sud qaroridan mamnun ekani va farzandlari yangi yildan o‘qishga tiklanishini ma‘lum qildi. “Ammo, direktor bizdan hafa bo‘lib qoldi”, deya davom etadi suhbatdosh:

- Sud "Qanoatlantirilsin!" degan qaror chiqardi. Direktor ogohlantirildi: “Siz o‘zingizni ishingiz bilan shug‘ullaning, UFMSni ishi bilan emas”. Aslida eng katta g‘alvani boshlagan, bizni qiynagan UFMS edi! Yo‘q, bollarni chaqirib, yaqinda registratsiya qildirdi oilamga, RVPga hujjatlarimizni qabul qildi. “Xodimlarimiz noto‘g‘ri ish qilibdi, biz oilangizga yordam beramiz, o‘tgan ishlar qolib ketsin!”, deyishdi. Direktorni maktabi emasku – uni ham qo‘rqitishgan. Shuni direktorga tushuntirgunimcha u xafa bo‘ldi-da, suddan keyin yig‘lavordi! “Senlar pulga advokat yollagansanlar! Men buni objalovat qilaman”, deb. “Meni farzandlarim o‘qimagani sizga yaxshi bo‘ladimi?”, dedim. Axir biz uni emas, UFMS bilan Ta‘lim vazirligini sudga berganmiz, - dedi Nurbek aka.

Maktabga qayta tiklangan Nusratulloh esa yana bir yillik o‘qishdan keyin otasi izidan borib, quruvchi-injener kasbi bo‘yicha oliy ma‘lumot olishni orzu qilayotganini ham aytdi.

“Barcha bolalar ta‘lim olishga haqli!”

Ayni paytda, “Fuqaroviy ko‘mak” faollari Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham mehnat muhojirlari farzandlari ta‘lim olish huquqidan mahrum etilayotgani to‘g‘risida xabarlar kelayotganidan xavotir bildirmoqda.

Himoyachi Anastasiya Denisova hozirda tashkilot mutaxassislari Ta‘lim vazirligining 22.01.2014 yilda qabul qilingan 32-sonli buyrug‘ini Konstitutsiyaga zid ekanini tan olishga qaratilgan Rossiya Oliy Sudiga murojaat tayyorlaganini qo‘shimcha qildi. U aynan shu hujjat asosida maktab ta‘limi tizimi talabalardan “registratsiya” va “qonuniy maqom”ni talab qilishni qonuniylashtirgan, dedi.

Anastasiya “Fuqaroviy ko‘mak” bunga javoban “Barcha bolalar ta‘lim olishga haqli!” aktsiyasini boshlab yuborganini bildirdi. Aktsiya ishtirokchilari “Barcha bolalar ta‘lim olishga haqli!” matnini qog‘ozga chop etib, u bilan tushgan fotosuratni refugee.press@gmail.com elektron manziliga jo‘natishi yoki #detixotyatuchitsya hamda #43vs32 xeshtegi ostida ijtimoiy tarmoqlarga chiqarishi mumkinligi aytildi.

Anastasiya Denisova, shuningdek, farzandlari nohaq ravishda maktabdan qo‘vilayotgan yoki do‘q-po‘pisaga uchrayotgan muhojirlarni “Fuqaroviy ko‘mak” tashkilotining Moskvadagi ofisiga telefon orqali murojaat qilishlarini so‘radi.

XS
SM
MD
LG