Линклар

Ramazon oyi kelishi bilan ID bosib olgan hududlarda narda, domino kabi o‘yinlarga qo‘shib, ayrim ibodat amallari ham "bid‘at" degan tamg‘a ostida taqiqlab qo‘yildi. Iroqliklarni o‘ta junbushga solgan narsa Ramazon oyini 18-iyun emas, 19-iyundan boshlagan ID ulamolarining Taroveh namozini bid‘atga chiqarganidir.

Iroqdagi Hamrin News yangiliklar saytining xabar qilishicha, ID rahbariyati jangarilari domino, narda va iroqliklar Ramazon oylarida iftorlikdan so‘ng o‘ynaydigan "mahibs" nomli o‘yinini taqiqladi.

An‘anaga ko‘ra, iftorlikdan keyin ro‘zadorlar ikki guruhga bo‘linib, bir-birining kaftiga berkitilgan narsa, ko‘p hollarda uzukni topishadi. Oxirida, hazilnamo o‘yinda g‘olib chiqqan tomonni mag‘lub tomon shirinliklar va salqin ichimliklar bilan mehmon qiladi.

"Islomiy davlat" rahbariyati Ramazon oyi munosabati bilan chiqargan farmonida bunday o‘yinlarni e‘tiqodga zid, deb taqiqladi va buning o‘rniga jangarilar orasida vrestling va yugurish musobaqalarini o‘tkazmoqda.

Muhimi, Ramazon oyi ichida ID jangarilarining ro‘zasi ochilib ketmasin, degan xavotir bilan Mosuldagi ayollarga iftorgacha uyidan chiqish taqiqlandi.

Ozodlikning Ninavehdagi muxbiriga ko‘ra, Mosuldagi oziq-ovqat sotadigan do‘konlar kun davomida yopiq qolmoqda.

Ammo, mahalliy aholini junbushga solgan taqiqlardan biri - Taroveh namozini bid‘atga chiqarganidir. Ozodlikning Mosuldagi manbalariga ko‘ra, Ramazon oyini 18-iyun emas, 19-iyundan boshlashga fatvo bergan "Islomiy davlat" ulamolari Taroveh namozini bid‘atga tenglashtirgan.

"Islomiy davlat" ulamolariga ko‘ra, bunday namoz dinda yo‘q va u saudiyalik ulamolar o‘ylab topgan narsadir. Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, ID yashirin tarzda Taroveh namozini o‘qigan musulmonlarni kaltaklash bilan jazolamoqda. Norasmiy manbalar berayotgan ma‘lumotlarga ko‘ra, birlashib bu namozni ado qilgan mosullik 8 shayx 21 iyun kuni jamoat oldida jazolangan.

Ammo, 25 iyun kungi ba‘zi xabarlarda ID jangarilari shariatdan dalil keltirib, bahslashgan mahalliy ulamolarga javoban Taroveh namozining o‘zi emas, balki namozdan keyin o‘giriladigan tasbeh ibodati taqiqlangani haqida tushuntirish bergani ham kuzatilgan. Ozodlikning Mosuldagi manbasi, bundan qat‘iy nazar, mosullik musulmonlarda Taroveh namozi taqiqlangan, degan tasavvur uyg‘onganini aytmoqda.

Qizig‘i, shia musulmonlari ham Taroveh namozini "bid‘at"ga tenglashtirgan va Ramazon oyida bu namozni o‘qimaydilar.

Taroveh namozini o‘qish sunniylar olamidagi aksar ulamolar tomonidan sunnatga tenglashtirilgan ibodatdir. Sunniylar olamida bu namozni "Islomiy davlat"ga aloqador ko‘rilgan Salafiylar ham o‘qiydi va terror guruhining bu kabi "islohotlari" uni quvvatlagan qator guruhlarning ham davomli e‘tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG