Линклар

logo-print

Rossiyaning Leningrad oblast sudi 4 yurtdoshini bolta bilan chopib o‘ldirgan O‘zbekiston fuqarosiga 25 yillik qamoq jazosi tayinladi. Tergovchilar samarqandlik Zafar Qurbonovning bu qotilliklarga aloqadorligi uning allaqachon mahalliy fuqaroni o‘ldirganlik aybi bilan 11,5 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan paytda aniqlanganini gapirmoqda. Vaxshiylarcha sodir etilgani uchun “komanchilar” nomini olgan bu jinoiy ish tergovi 2 yildan ortiqroq vaqt davom etgani aytilmoqda.

O‘tgan asrning 60-70 yillarida mashhur bo‘lgan GDRning taniqli aktyor Goyko Mitich ishtirokidagi “Otseola”, “Apachi” va hindular haqidagi boshqa filmlari Samarqand shahri va uning atroflarida suratga tushirilgan. Bu filmlar “massovka” lariga oti bor samarqandlik yigitlar ham jalb qilingani ma‘lum.

30-40 yil o‘tib Rossiyaning Leningrad viloyatida sodir bo‘lgan mudhish hodisalar tufayli samarqandliklar va hindular yana bir bor yodga olindi...

O‘zbekistonlik muhojir 5 kishini o‘ldirganlikda aybdor deb topildi

Leningrad oblastida to‘rt hamyurtini vaxshiylarcha chopib o‘ldirgan samarqandlik 35 yoshli Zafar Qurbonov aybdor deb topildi. Keyingi 25 yilni o‘zbekistonlik muhojir qattiq rejimli koloniyada o‘tkazishini gapiradi Ozodlik bilan suhbatda Rossiya Tergov qo‘mitasining Leningrad viloyati bo‘yicha boshqarmasi rasmiy vakili Andrey Savateyev.

U sud Qurbonovga imkon qadar maksimal jazo muddati tayinladi, deydi:

- U to‘rt kishini o‘ldirgani uchun, yurist sifatida aytishim mumkinki, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq unga maksimal jazo – 25 yil tayinlandi. Favqulodda vaziyatlardagina sud umrbod qamoq tayinlashi mumkin. Sud shunday hal qildi, vaholanki u jami 5 kishini o‘ldirgan edi, deydi hodisa tafsilotlarini Ozodlikka so‘zlab bergan Andrey Savateyev.

3 yillik tergov xulosasiga ko‘ra, 2013 yilning 4 aprelida Leningrad viloyati Kingisepp tumani Katta Kuzemkino qishlog‘i yonidan o‘tuvchi trassa bo‘yida 75 joyidan pichoqlab o‘ldirilgan 27 yoshli peterburglik Vilen Adilxanyan topilgan. U yashashi kerak bo‘lgan ikki xonali kvartiradan politsiya xodimlari 32 (!) nafar migrantni bo‘limga olib kelgan va so‘roqqa tutgan.

Tergovchilardan olingan ma‘lumotga binoan, bu muhojirlarni u yerga qalbaki ijara qog‘ozi asosida joylashtirgan o‘zbekistonlik Zafar Qurbonov hibs etilgan. Ishchilarning “qora brigadiri”, ish beruvchisi va g‘aznachisi bo‘lgan 33 yoshli samarqandlik Zafar ijaraga olgan kvartira egasini chavaqlab o‘ldirgani uchun keyinroq sud qarori bilan 11,5 yilga mahkum etildi. Tergovchilar samarqandlik yigit Adilxanyanga 150 ming rubl ijara haqini bermaslik uchun bu jinoyatga qo‘l urganini sudga bildirgan.

Politsiyada Ozodlik so‘roviga Zafar Qurbonov ilgari mashina o‘g‘riligi va narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilganini ma‘lum qilishdi.

Bu ishni shaxsan kuzatib borayotgan “Yoshlar” harakati rahbari Maxsud Abdujabborov tojik millatiga mansub Zafar Qurbonov Samarqanddan o‘z yurtdoshlarini olib kelib, ish beruvchilar bilan kelishgani, ishchilarni ish va oziq-ovqat bilan ta‘minlagani hamda ularni qo‘rqitib ishlatganini gapirib berdi.

“U dindor ekanini ko‘z-ko‘z qilib, o‘zini mahalliy “samarqandliklar mafiyasi” boshliqlaridan biri sifatida hammaga tanishtirib, odamlarni qo‘rquvda ushlab turgan”, deya davom etadi huquq faoli:

- Bu ishni tergov qilishni boshlashdi va tergovchi men bilan O‘zbekistonga bordi. U yerda biz Peterburgdan ekanimizni bilib, bu shaharda yo‘qolib qolgan to‘rt kishining yaqinlari arz qilib keldi. Ular farzandlarini Piterga Zafar ismli bola ishlashga olib ketgani, 2012 yilning 30 sentyabrida esa birdaniga telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘yganini so‘zlab berdi. Tergovchi ularning yaqinlariga telefonidagi Zafarning fotosuratini ko‘rsatdi. Bir kundan keyin yo‘qolgan samarqandliklarning telefonlari aynan Katta Kuzemkino qishlog‘i atrofida o‘chirilgani ma‘lum bo‘ldi. Shundan keyin, sentyabrь o‘rtalarida politsiya Vilen Adilxanyan o‘ldirilgan joy atrofini yana bir bor ko‘zdan kechirib, u yerdan bechora samarqandliklar murdalarini topdi: ular hammasi boshidan bolta bilan chopilgan ekan, deya tafsilotlarni esladi Maxsud Abdujabborov .

"Komanchilar dohiysi"

Ozodlik izquvarlar bu jinoyatga o‘zaro “komanchilar ishi” deb nom qo‘yib olganini aniqladi (komanchilar – AQShda o‘zining jangovarligi va vaxshiyligi bilan nom qozongan hindular qabilasi – tahr.).

Suhbatdosh politsiya Katta Kuzemkinoda felьdsherlik punktini qurishda ishtirok etgan 70 ga yaqin mehnat muhojirini qo‘lga olib, ulardan to‘rttasi Zafarga bu qotilliklarni sodir etishda ko‘maklashganini aniqladi. Biroq, tergovchilar bu shaxslarning jinoyatga aloqadorligini isbotlay olmadi.

2012 yilning 30 sentyabrida Zafar to‘rt hamyurtiga 320 ming rubl maoshini bermaslik uchun ularni chavaqlab tashladi, deya davom etadi Maxsud.

- Tergovchilar Samarqanddan qaytib kelib uni siquvga olganida, u qotilliklar sodir etilgan joylarni ko‘rsatdi, aybiga iqror bo‘ldi. Ular avval pichoq bilan o‘ldirgan, keyin boshini bolta bilan chopgan ekan. Kechasi mikroavtobusda bechoralar yashaydigan uychaga bostirib kirib, ularni qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, qishloq chekkasiga olib chiqqan va har bir kilometrda to‘xtab, o‘larni boshiga bolta bilan solavergan. U bilan mashinada yana ikkita sherigi bo‘lgan: bittasi rulda, ikkinchisi o‘ldirishda ko‘maklashgan. Keyinchalik ularga bo‘lgan ayblov o‘z-o‘zidan yo‘qolib qoldi! Eng dahshati bu emas... Shaxsan meni va tergovchilarni hayratda qoldirgani – o‘nlab boshqa muhojirlar bu yigitlarni mashinaga majburlab tiqib, qayergadir olib ketishayotganini ko‘rgan, ular keyin yo‘qolganini bilgan, ammo birortasi hatto qarshilik qo‘rsatib ko‘rmagan, politsiyaga xabar bermagan! dedi Maxsud.

Huquq faoli o‘ldirilganlarning yaqinlari sud qaroridan mutlaqo norozi ekanini gapirar ekan, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ham o‘z yurtdoshlariga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etgan o‘zbekistonliklar ustidan alohida tergov o‘tkazishi va javobgarlikka tortishi kerakligi taklifi bilan chiqdi.

“Yoshlar” harakati rahbari sud bunday yovvoyilik uchun Zafar Qurbonovga umrbod qamoq jazosi berishi kerak edi deydi:

- Va unga 25 yil berishdi! Rossiya fuqarosi uchun 11,5 yil, to‘rtta o‘ldirilgan o‘zbek muhojiri uchun esa 25 yil. Biz unga umrbodga qamashadi, deb ishongan edik. Bu o‘lib ketgan odamlar va ularning yaqinlariga bo‘lgan Rossiya sudining hurmatsizligi! Bechora topilgan samarqandlik muhojir yigitlarning jasadlarini hatto uyiga yuborishning iloji bo‘lmadi va ular shu yerda, Peterburgda, dafn etildi.

Suhbat oxirida Maxsud Abdujabborov o‘z hamyurtlarini ezish va tekinga ishlatish evaziga “kun kechirayotgan” “samarqandliklar mafiyasi” kabi jinoiy uyushmalar va to‘dalar Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida faoliyat yuritayotganiga guvoh bo‘lganini bildirdi.

U Rossiya kengliklarida o‘z yaqinlarini yo‘qotib qo‘ygan o‘zbekistonliklar murojaatlari soni kun sayin ko‘payib borayotganidan xavotirda ekanini aytdi.

XS
SM
MD
LG