Линклар

logo-print

Poytaxtning yirik masjidlarida ro‘zadorlar uchun bir necha kundan beri uyushtirilayotgan ommaviy iftorliklar 23 iyundan boshlab taqiqlab qo‘yildi. Bir necha namozxondan kelgan bu xabarni masjidlar xizmatchilari tasdiqladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansurning Ozodlikka aytishicha, gap ommaviy iftorliklarni o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risida emas, balki masjidlar tozaligini ta‘minlash zarurati ustida bormoqda.

Ozodlik radiosi Toshkentdagi "Minor", "Ko‘kcha", "Imom Buxoriy", "Kamolon" kabi yirik masjidlarda bir necha yuz kishilik iftorliklar o‘tkazilayotgani to‘g‘risida 23 iyun kuni batafsil xabar qilgan, xabarga iftorlik paytida tushirilgan suratlar ilova qilingan edi.

Biroq bu xabarning ertasigayoq namozxonlardan Toshkent masjidlarida ommaviy iftorlar taqiqlab qo‘yilgani to‘g‘risida xabarlar kela boshladi.

Bu xabarlar ortidan kuni yuqorida tilga olingan masjidlardan biri - "Imom Buxoriy" masjidi bilan Ozodlik muxbiri 24 iyun kuni bog‘landi.

O‘zini “masjid xizmatchisi”, deb tanishtirgan, lekin ismini aytishni istamagan kishi mana bunday dedi:

- Masjidda iftorlik o‘tkazish uzil-kesil yo‘q qilindi. Endi hech qaysi masjidda, hech qanaqa iftorlik bo‘lmaydi.

Masjid xizmatchisi ommaviy iftor uyushtirishni kim taqiqlagani bilmaydi. “Yuqoridagilar taqiqladida, ishqilib, tuman hokimiyatimi, shahar hokimiyatimi, o‘shalardan so‘rang”, dedi u.

Xizmatchining aytishicha, tarovehga taqiq yo‘q.

- Taroveh bo‘laveradi. Tarovehga to‘siq yo‘q. To‘siq faqat iftorlikka, dedi masjid xizmatchisi.

Toshkentlik namozxonlardan biri Ozodlikning iltimosi bilan "Minor", "Ko‘kcha" va "Kamolon" masjidlariga bordi va bu masjidlarda ham 23 iyundan boshlab ommaviy iftorliklar to‘xtatilganini aniqladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik iltimosi bilan vaziyatni o‘rgandi.

Domlaning Idora masjidlar bo‘limi mudiridan olgani ma‘lumotlarga tayanib aytishicha, “ommaviy iftor o‘tkazishni hech kim taqiqlagani yo‘q, balki masjidlar tozaligini ta‘minlash maqsadida iftor o‘tkazmaslik imom-xatiblarga tavsiya qilingan”.

Janob Mansur bunday dedi:

Ramazon oyining dastlabki kunlarida Toshkentning bir qator yirik masjidlarida uyushtirilgan ommaviy iftorlar qator musumon davlatlarida asrlar davomida Ramazon oyining har oqshomida o‘tkaziladigan, lekin O‘zbekistonda shu paytgacha misli ko‘rilmagan tadbir edi.

Farg‘onadagi masjidlardan birining mutavallisi Ozodlikning “Sizlarning masjidda ommaviy iftor o‘tkaziladimi?” degan savolini dabdurustdan tushunishga ham qiynaldi. Biroq tushunganidan so‘ng, savolni javobsiz qoldirib, telefonini o‘chirib qo‘yaqoldi.

Ommaviy iftor uyushtirilgan masjidlar qavmi va peshvolarining Ramazonning dastlabki kunlarida o‘tkazilgan bu tadbirlardan quvonchlari cheksiz bo‘lgani Ozodlikning 23 iyun kungi suratli xabaridan sezilgan edi.

Kechagi xabarda "Minor" masjidi imomi Rahmatulloh qori Habibulloh o‘g‘lining qadriyat.uz sayti e‘lon qilgan mana bu gapi ham keltirilgan edi:

"Ushbu iftorliklar xuddi Harami sharifdagi iftorliklarni eslatib yubordi. Musulmonlarning mana shunday go‘zal tadbirlariga ko‘pchilik xavas qilmoqda... Hozirgi qisqa kechalarda iftorlikka xonadonlarga bormasdan, shu yerda birgalashib iftor qilsak-da, keyin shoshilmasdan masjidga kelsak qanday yaxshi".

Xuddi shunday xitoblar yangragan masjidlarda 23 iyundan boshlab ommaviy iftor o‘tkazish to‘xtatildi.

XS
SM
MD
LG