Линклар

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi matbuot xizmati rasmiysining Ozodlikka bildirishicha, o‘zbek mehnat muhojirlariga ko‘proq kvota ajratish masalasi Janubiy Koreya Hisob palatasi komissari Chin Yeng Gonning Toshkentda o‘tkazgan muzokaralari payti muhokama etilgan.

Vazirlik matbuot xizmati rasmiylaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonliklarning Janubiy Koreyada ishlashi uchun kvota qanchaga oshirilishi hozircha ma‘lum emasligini aytdi:

- Koreya delegatsiyasi vakillari kvotani oshirishda O‘zbekiston prioritet ekani, o‘zbekistonliklarni qilayotgan ishidan qoniqayotganliklari, O‘zbekistondan yana ham ko‘proq ishchi kuchiga talab borligini aytishdi. Lekin qanchaga oshirish hozircha muhokamalar bosqichida, dedi vazirlik rasmiysi.

Hozirda Janubiy Koreya 16 mamlakat fuqarolarining o‘z hududida rasman ishlashiga kvota ajratib kelmoqda va bu davlatlardan biri O‘zbekistondir.

Toshkentdagi muzokaralarda Chin Yeng Gon yuqori bilim va professional mahoratga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik ishchilarga Janubiy Koreyada zarurat borligini aytgan.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, 2007 yilda Janubiy Koreya bilan imzolangan shartnoma asosida O‘zbekistondan mazkur mamlakatga 22,5 ming odam ishlash uchun jo‘natilgan.

Hozirda ularning 15 mingdan ko‘prog‘i Janubiy Koreyada mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘zbek muhojirlarining soni ancha ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Sababi, Janubiy Koreyaga “Erkin yollash tizimi” deb ataluvchi dastur orqali ishga joylashayotganlarni ko‘pchiligi olti yillik muddat tugaganidan keyin ham noqonuniy asosda qolib, ishlashda davom etmoqda.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Janubiy Koreyaning "Erkin yollash tizimi" orqali har yili mingdan ziyod o‘zbek fuqarosi Koreyaga ishga jo‘natilmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik rasmiylaridan birining aytishicha, bu yerda asosiy maqsad o‘zbek fuqarolarini ish bilan ta‘minlashdir:

- Mana shu dastur hisobidan minglab hamyurtlarimiz ish bilan ta‘minlanayapti. Asosiy maqsad ham shu. Ular Janubiy Koreyada ish o‘rganib qaytganlaridan keyin o‘z tajribalarini bu yerda qo‘llashadi. asosiy maqsad ham shu, deydi agentlik mulozimlaridan biri.

“Erkin yollash tizimi” orqali ishlagani ketgan minglab o‘zbekistonlikning biri Ixtiyor rasmiy kanallar orqali Janubiy Koreyaga ishga borish imtiëzlari haqida gapiradi :

- Uch yil bo‘ldi, Pusandagi bo‘yoq zavodida ishlayapman. Qayerda, kimga ishlashingni oldindan bilib kelgan boshqacha baribir. Ish beruvchi bilan shartnomam bor. Ishimga yarasha oylik olaman. Naloglarini ham to‘laymiz. Zavod yotar-turar bilan ta‘minlaydi. Har xil odamlarni gapiga uchib keladiganlar ham bor. Qiynalib, qayerga borishni bilmay, ko‘chada qolganlarni ham ko‘rganman, deydi Ixtiyor.

Ayni paytda o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish jarayonining o‘ta korruptsiyalashgani aytiladi.

Koreyaga ishlash uchun jo‘natish maqsadida odamlardan pora olgan bir qancha mansabdor qamalgani haqda Ozodlik avval xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG