Линклар

logo-print

Qirg‘iz chegarachilarining O‘zbekiston fuqarosini urib o‘ldirgani iddao qilindi​


Farmon Nasriddinov qirg‘iz chegarachilari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgani da‘vo qilinmoqda.

Farmon Nasriddinov qirg‘iz chegarachilari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgani da‘vo qilinmoqda.

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanining Yordon qishlog‘ida (Shohimardon anklavi) yashab kelgan Farmon Nasriddinov yaqinlarining da‘vo qilishicha, u qirg‘izistonlik chegarachilar tomonidan qattiq kaltaklangandan bir kun o‘tib vafot qilgan. Farg‘ona viloyati sud-tibbiy ekspertizasi Nasriddinovning ichki organlariga qattiq shikast yetgani va uning o‘nta qovurg‘asi singani haqida xulosa bergan. Qirg‘iz tomoni hozircha bu voqeaga sharh bergani yo‘q.

Yordonlik 50 yashar Farmon Nasriddinov 18 iyun kuni kaltaklanish zarbidan olgan og‘ir jarohatlardan so‘ng vafot etgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan yordonlik manbaning da‘vo qilishicha, Farmon Nasriddinov bir kun oldin qirg‘izistonlik chegarachilar tomonidan qattiq kaltaklangan:

- 18 iyun kuni atrofi ertalab Qirg‘iziston respublikasi Botken viloyati Haydarkent chegara otryadining Qorasho‘ro chegara zastavasi komandiri o‘rinbosari Shavkat ismli shaxs davlat raqami O3636K bo‘lgan Audi markali mashinasida Yordon qishlog‘ida yashovchi Farmon Nasriddinovni og‘ir ahvolda olib kelib singlisining uyiga tashlab ketgan, deydi manba.

Farg‘ona tumani Yordon qishloq fuqarolar yig‘inining ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining Farmon Nasriddinov yaqinlari gapiga tayanib aytishicha, marhum o‘lishidan oldin o‘zini qirg‘izistonlik chegarachilar kaltaklaganligini da‘vo qilgan:

- Farmon Nasriddinovni Qirg‘iziston hududidagi Shuvali degan joyda choyxonachi bo‘lib ishlagan. 17 iyun kuni U Shuvalidan Qorasho‘ro qishlog‘iga piyoda tushib kelayotgan bo‘lgan. Qirg‘iz chegarachilari uni yo‘lda ushlab moshinasida Qorasho‘rogacha olib kelishgan. Keyin mana seni shu yergacha olib keldik, endi benzin olib berasan¸ degan. Farmon benzinning pulini bergan. Keyin ichkilik olib berasan¸ deb majburlashgan. Xullas bor pulini olib, kechgacha ushlab turishgan, deydi suhbatdosh.

Mahalla faoliga ko‘ra, kech bo‘lib qolganligi uchun Farmon uyiga qaytolmasdan, Qorasho‘ro qishlog‘idagi G‘affor degan qirg‘iz tanishining uyida qolgan:

- Kechasi soat 2 larda yana qirg‘iz chegarachilari kelib Farmonni qirg‘iz odamning uyidan olib ketishgan. Kechasi zastavaga olib borib rosa kaltaklashgandan keyin ertalab chiqarib yuborishgan. O‘sha qishloqlik Mixtivoy degan qirg‘iz yigit uning abgor holatda sudralib ketayotganini ko‘rib qolib nima bo‘lganini so‘ragan. Keyin u yigit zastava boshlig‘ining oldiga borib, nega bu bolani buncha urdilaring, agar bu bola o‘lib qolsa¸ bizning qishlog‘imiz nomiga dog‘ bo‘ladi, biz ularning yuziga qanday qaraymiz, degan gapni qilgan. Keyin Farmonni zastava komandiri o‘rinbosari Shavkatni moshinasiga yuklab olib ketishgan, dedi mahalla faollaridan biri.

Mahalla faoliga ko‘ra, Farmon Nasriddinov bu gaplarni o‘limidan oldin yaqinlariga aytib bergan.

Ozodlik manbalarining aytishlaricha, Farmon Nasriddinovning ahvoli og‘irlashib, 18 iyun kuni vafot etgan.

Manbaga ko‘ra, Farg‘ona viloyati sud-tibbiy ekspertizasi Nasriddinovning ichki organlariga yetkazilgan og‘ir jarohatlar tufayli vafot etgani haqida xulosa bergan:

- Sudmedekspertizadan o‘tkazilganda Nasriddinovning kurak qismiga qattiq jism bilan bir necha marta urilganligi oqibatida uning o‘n tomonidagi 4,5,6,7,9,10,11 qovurg‘alari, chap tomonidagi 6,7,8 qovurg‘alari singanligi aniqlangan. Shuningdek ekspertiza xulosasida uning o‘pkasi, o‘t pufagi, nafas olish organlari hamda ikki buyragi kaltaklanish natijasida og‘ir shikastlangani aytiladi, dedi manba.

Yordon qishloq fuqarolari yig‘ini faoliga ko‘ra, bu voqea yuzasidan Farg‘ona tumani prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va militsiya, prokuratura xodimlari tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Farg‘ona tumani hokimligining chegara masalalari bilan shug‘ullanuvchi mulozimi Xurshidbek Tursunboyev ham bu ish yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv olib borilayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

Botken viloyatining voqea sodir bo‘lgan chegara zastavasi xodimi o‘zini tanishtirmagan holda¸ Nasriddinov fojiasiga oid ma‘lumotdan bexabarligini bildirdi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati axborot ta‘minoti boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi ham bu voqeadan xabari yo‘qligi¸ yaqin kunlarda surishtirib natijalari haqida xabar berishini aytdi.

XS
SM
MD
LG