Линклар

logo-print

Toshkentda “Golos” teleloyihasiga soxta tanlov o‘tkazilmoqda​


O‘zbekistonlik iste‘dodlarning "Golos"dagi muvaffaqiyati bu shou tanlovga nisbatan o‘zbekistonliklar qiziqishini alangalatib yuborgan.

O‘zbekistonlik iste‘dodlarning "Golos"dagi muvaffaqiyati bu shou tanlovga nisbatan o‘zbekistonliklar qiziqishini alangalatib yuborgan.

Rossiya Birinchi kanali tarafidan tashkil qilingan “Golos” musiqiy teleloyihasining to‘rtinchi mavsumiga Toshkentda rasmiy tanlov o‘tkaziladi degan xabar firibgarlik to‘ri bo‘lib chiqdi.

Rossiyadagi “Krasniy Kvadrat” teleshirkatining “Golos” musiqiy teleloyihasida ishlayotgan Aziza Ergashevaning Ozodlikka ta‘kidlashicha¸ Moskvadan tashqari hech bir joyda rasmiy tanlov o‘tkazilmaydi va hech kimga¸ xususan¸ toshkentdagilarga bunday vakolat berilmagan.

Aziza Ergasheva bu yuzadan Rossiya Birinchi kanali matbuot xizmati bildirish tarqatganini ta‘kidladi.

19 iyun kundan boshlab mahalliy nashrlar Toshkent markazidagi “O‘zbekfilm” kinostudiyasi ikkinchi qavatida “Golos” musiqiy teleloyihasining to‘rtinchi mavsumiga rasmiy tanlov bo‘lishi haqida e‘lon tarqata boshladi.

Bu e‘londa yozilishicha¸ “tanlov”ni “Face Catalog Uzbekistan” shirkati o‘tkazish uchun izn olgan.

Tanlov uchun e‘lon

Tanlov uchun e‘lon

Tanlov emas¸ xayriya?

“Face Catalog Uzbekistan” shirkatining o‘zini Svetlana Otnisayeva deb tanishtirgan vakili Ozodlik manbasi bilan suhbatda¸ o‘tkazilayotgan tanlov norasmiy xayriya xarakterga ega ekanligi va buning evaziga hech kimdan pul olinmaganini iddao qildi:

- Biz faqat talantlarni ro‘yobga chiqarishga yordam berayapmiz. Birinchi kanal bizga hech qanday vakolat bermagani to‘g‘ri. Lekin “Golos” musiqiy teleloyihasida ishtirok qilmoqchi bo‘lgan yosh talantga beg‘araz ko‘mak berish taqiqlanmaganku. Biz yosh talantlardan pul olmasdan¸ ularning Internet orqali teleloyiha saytiga kirib qayd qilinishiga yordam beramiz. Bu narsa rasmiy tanlov emas¸ balki yosh o‘zbek talantlariga Xayriya yordami. Biz firibgar emasmiz¸ deydi Svetlana Otnisayeva Ozodlik manbasiga.

Loxotron

“O‘zbekfilm” kinostudiyasida dekorator bo‘lib ishlaydigan rassomning o‘z shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ kinostudiya hududida joylashgan “Face Catalog Uzbekistan” shirkati “yulduz” bo‘lish orzusida yurganlardan pul shilib olish bilan muntazam shug‘ullanib keladi:

- Bunaqa moshenniklar ko‘payib ketgan Toshkentda. Xabaringiz bo‘lsa¸ oni tak je ustraivali “kasting” na "Minutu Slavы" v proshlom godu. Chuv tushganlar Rossiyaga borib quruq qaytib kelishgan. “Face Catalog Uzbekistan” shirkati bu loxlarni pulini shiladigan “loxotron”¸ deydi suhbatdosh.

Jabr ko‘rgan sohibjaamol

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida “Face Catalog Uzbekistan”ni fosh qilishga jazm qilgan aktrisa bilan suhbatlashdi.

Toshkentlik rejisser va aktrisa Olesya De San Jermen

Toshkentlik rejisser va aktrisa Olesya De San Jermen

Toshkentlik rejisser va aktrisa Olesya De San Jermen (Olesya De San Jermen) Ozodlik muxbiri bilan suhbatda “Face Catalog Uzbekistan” shirkatini firibgar va tovlamachilar deya tamg‘aladi:

- Aslida “Face Catalog Uzbekistan” aferist sxemalari bilan san‘atkorlarni surbetlarcha chuv tushirib yuribdi. Ular o‘zlaricha kasting o‘tkazib¸ o‘zlarining nomidan Birinchi kanalga jo‘natishadi. Agar kimdir rostdan yutsa¸ ular bu yutuqni o‘ziniki qilib olishadi. Bu holatda ular kasting ishtirokchisidan ham pul olishadi. Birinchi kanal tekin bilet yuborsa¸ uning ham pulini olishadi. Men shirkatni dahshatli aferist tashkilot deb atayman va yaqin kelajakda ularning jazolanishidan umid qilaman¸ deydi Olesya De San Jermen.

Suhbatdoshning o‘zi ham bu tashkilotdan jabr ko‘rganligini aytadi:

- Men ikkinchi jahon urushiga atalgan fotoproyekt tashkil qildim. Bu loyihada o‘zbek san‘atkorlari ishtirok qildi. “Face Catalog Uzbekistan” esa bu loyihani o‘g‘irlab o‘z saytiga qo‘ydi va biz qildik deb chiqdi. Men bu tashkilotni plagiatlikda ayblab¸ sudga beraman¸ deydi toshkentlik rejisser va aktrisa Olesya De San Jermen.

Toshkentlik rejisser va aktrisa Olesya De San Jermen

Toshkentlik rejisser va aktrisa Olesya De San Jermen

Ideya fiks

“O‘zbekfilm” rassomining aytishicha o‘zbek yoshlari orasida “bir kunda Rossiya shou biznes osmonida yulduz bo‘lib charaqlash” orzusi ideya- fiksga aylangan:

- So‘g‘diyona¸ Sardor Milano yoki boshqa o‘zbekistonliklarning Rossiyada muvaffaqiyat qozonib kvartira va qimmat mashinalar olgani haqidagi ertaklar og‘izdan og‘izga ko‘chib yuradi. Yana bir stereotip esa¸ talanting bo‘lmasa ham¸ pul bilan yuzaga chiqarish ideyasi. Aynan mana shu ideya- fiks o‘zbek yoshlarini firibgarlar loxotroniga undayotgan motor vazifasini bajarmoqda¸ deydi suhbatdosh.

Keyingi yillarda Rossiya telekanallarining musiqiy loyihalarida o‘zbeklarni ko‘p uchratish mumkin.

Sardor Milano taxallusi bilan tanilgan Sardor Eshmuhammedov Rossiya Birinchi jamoatchilik kanalining "Glavnaya ssena" loyihasi g‘olibi bo‘ldi.

O‘zbekistonlik Sabina Mustayeva ayni shu kanalning “Golos. Deti” qo‘shiq tanlovida mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Nargiza Zokirova ham ayni loyihada muvaffaqiyat bilan ishtirok etib “Golos” qo‘shiq tanlovda ikkinchi o‘rinni olgan edi.

XS
SM
MD
LG