Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:36

Qo‘qonda svet-gaz uchun har mahallaga 9 milliondan "soliq" solindi​


Qo‘qon shahridagi mahallalarga solingan kundalik "soliq"ning 4 millioni gazdan, 5 millioni elektr energiyasidan aholi zimmasida yig‘ilib qolgan qarzni yopishga qaratilgan. Uyma-uy yurib, naqd pul yig‘ishda ishtirok etayotgan mahalla faollaridan biriga ko‘ra, shahar hokimi tomonidan belgilangan bu summaning atigi 10 foizi yig‘ilmoqda. Uning ham asosiy qismi tadbirkorlardan olinmoqda.

Qo‘qon shahridagi mahallalardan birida ishlovchi manbaga ko‘ra, mahalla qo‘mitalari, hokimiyat va kuch ishlatar idoralari xodimlaridan iborat maxsus guruhlari juma kunidan boshlab, yana agressiv tarzda uyma-uy yurib, qarzlarni undirishga urinmoqda.

"Payshanba kechqurun bo‘lgan selektorda shahar va viloyat hokimlari shu oyning oxirigacha svet-gazni qarzini yopinglar, deb buyruq berdi. Juma kunidan boshladik. Lekin, foydasi yo‘q-da, baribir. Odamlarda pul yo‘q. Shunga uncha-muncha puli bor tadbirkorlardan olayapmiz: "Siz davlatga o‘tkazib qo‘yavering, davlat yeb ketmaydi", deb-da", deydi muxbirdan ovozni yozib olmaslik va ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan manba.

Uning aytishicha, avvaliga faqat hokimiyat va mahalla xodimlaridan iborat kichik guruh xonadonlarni aylanib chiqqan va natijada, hokimiyatdan berilgan summaning atigi 10 foizi yig‘ilgan:

"Har bitta mahallaga 9 ming so‘mdan majburiy tushum qo‘yildi-da. Svetga 5 million, gazga 4 million. Endi mahallalarni birida 300, birida 500 ta xonadon bor. Birovida gaz bor, birovida umuman qishi bilan ham bo‘lmagan. Birovini qarzi bor, birovidan davlat qarz. Lekin, majburiy tushum hammaga bir xil", deydi ismini yozib olmaslik sharti bilan so‘zlagan mahalla faoli.

Uning aytishicha, juma va shanba kungi past natijalardan so‘ng Bosh vazirning majburiy tushumni undirish ishlariga mahalliy huquq-tartibot idoralarini ham jalb qilish to‘g‘risida ko‘rsatma kelgan.

Qo‘qon shahar Elektr tarmoqlari va Qo‘qon shahar gaz ta‘minoti idorasida bu borada biror rasmiy ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo, shahar banklardan birining ismini oshkor qilmagan xodimi ulardan ham bittadan xodimni aholidan naqd pul yig‘uvchi guruhga tirkash so‘ralgani haqida ma‘lumotni tasdiqladi.

"Birinchidan, naqd pul yig‘ish muammosi bor. Ikkinchidan, iyunni oxirida birinchi yarim yillik yopiladi, shuning uchun, respublikadan hamma tashkilotlarga buyruq bor - qarzdorlik yopilsin, degan. Tashkilotlar bir amallab to‘layapti, lekin odamlardan pul olish qiyin bo‘ladi har doim. Yo‘q, deb turib olsa, nima qilasiz", deydi ismini oshkor qilmagan bank xodimi.

Farg‘onalik faol Abdusalom Ergashev 2015 yilning birinchi yarmi yakuniga kelib, kuchaytirilgan naqd pul yig‘imi kampaniyasi yillardan buyon davom etayotganini ta‘kidlarkan, kommunal to‘lov va aholi daromadi orasida o‘qib borayotgan farq qarzdorlikni oshirib yuborayotganini aytadi:

- Deyarli har kuni kelishadi, kommunalchilar. Lekin, to‘lovlar va daromad o‘rtasidagi farq oshib ketgani uchun, odamlar ham bir tomonga yetkazib, bir tomoniga yetkaza olmayotgani uchun, birov eshigini taqillatib kelsa, kommunalchi keldi, deb qo‘rqqanidan ochmaydigan bo‘lib qoldi, hozir. Melisa bilan keladimi, prokuror bilan keladimi - qo‘lida naqd puli bo‘lmasa, berolmaydi-da, - deydi farg‘onalik faol.

Aholidan naqd puli yig‘ish kampayanisi keyingi yillarda odatiy tus olayotgani bois, bu masala bilan shug‘ullangani va pul yig‘imiga jalb qilingan soliq yoki boshqa davlat idoralari xodimlari bilan ko‘p suhbatlashganini aytgan faol - bu kampaniyaning yana bir jiddiy sababi byudjetga naqd pul tushumining kamayganidir, deb ta‘kidlaydi:

- Har holda soliqchilar bilan ko‘p bor gaplashganimda, ular shunaqa javobni aytishgan. Hozir o‘zi odamlarining qo‘lida ham naqd pul ozayib ketdi. Hamma ishchilar, pensionerlar, talabalarning pullari plastikka tushirilayapti. Endi, agar shu kommunalchilar ham qo‘lida terminali bilan domma-dom yursa, bunaqa kampaniyalarning foydasi bo‘lishi mumkin. Bo‘lmasa, foydasi yo‘q, - deydi Abdusalom Ergashev.

O‘zbekistonda aholidan kommunal xizmat uchun to‘lovlarni uyma-uy yurib undirish amaliyoti prezident farmoni asosida tashkil qilingan.

2008 yilda prezidentning “Naqd pul mablag‘larini jalb qilish va unga bo‘lgan ehtiyojni ta‘minlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e‘lon qilingan edi.

Ushbu farmonning 3-bandida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki zimmasiga tijorat banklari bilan birgalikda "aholidan kommunal va boshqa to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ko‘chma maxsus kassalar tarmog‘ini kengaytirish" vazifasi yuklangan edi.

Bu farmon asosida boshlangan amaliyot shu kunga kelib, huquq-tartibot idoralari, prokuratura, hokimiyat, soliq, tuman gaz va elektr tarmoqlari idoralari, bank va mahalla qo‘mitalari a‘zolaridan iborat katta-katta guruhlarning uyma-uy yurib naqd pul yig‘ishi darajasidagi kampaniyaga aylanib ketdi.

Respublikada naqd pul taqchilligi esa Bosh vazir ishtirokidagi selektor yig‘inlarining kundalik muammolaridan biriga aylandi.

Yaqinda Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan hujjat — O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari tomonidan Bosh vazirga 10 aprelь kuni yuborilgan maktub Markaziy Bank rahbariyatining naqd pul tushumini ta‘minlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rilmasa, mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat og‘irlashishi mumkinligidan Bosh vazirni ogohlantirganini ham ko‘rsatdi.

Ushbu hujjatda O‘zbekiston iqtisodi oyiga 1,9 trillion so‘mlik tovar ishlab chiqarishi, 1,8 trillion so‘mlik xizmat ko‘rsatishi qayd etilgan.

Lekin tovar va xizmatlar savdosidan tushadigan naqd pulning hammasi banklarga kelib tushmaydi va yuzlab milliard so‘mlik tovar va xizmatlardan tushgan naqd pulni topshirmayotganlar, asosan, shirkatlardir. Hujjatda bular sirasida "Xorazm Shaxar", "Zarafshon", "Brooklyn Lider Service", "Big Universal Trade", "Kelajak Futbol poydevori", "Roison" kabi shirkatlar nomlari keltirilgan.

Yana ham qizig‘i, bu hujjatda nomi tilga olingan shirkatlar naqd pulni davlatga topshirmagani uchun «Joriy yilning 1 aprelь holatiga ko‘ra¸ ushbu to‘lovlarning asosiy qismi to‘langani holda¸ 58¸2 mlrd.so‘mlik pensiya to‘lovlari¸ 53¸8 mlrd.so‘mlik maxsus kontingent tashkilotlari to‘lovlari Andijon¸ Buxoro¸ Qashqadaryo¸ Navoiy¸ Namangan¸ Surxondaryo¸ Sirdaryo¸ Farg‘ona viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida to‘lanmasdan qolgan».

Shunga qaramasdan, naqd pul tushumini oshirish vazifasi yuklatilgan mahalliy hokimiyatlar pensiyasi, oyligi, bola puli vaqtida to‘lanmagan aholidan kuniga bir necha million so‘mlik naqd pulni undirishga zo‘r bermoqda.

XS
SM
MD
LG