Линклар

Toshkent va Jizzaxda Coca-Cola savdosida yuzaga kelgan tanqislikni savdo shoxobchalari Coca-Cola Icihmligi Uzbekiston shirkatining poytaxtdagi zavodi vaqtincha yopilgani bilan izohlamoqdalar. Garchi, shirkat rahbariyati zavod bugundan yana ish boshlaganini aytsa-da, shirkat distribyutorlari hanuz ish boshlagani yo‘q.

Savdo shoxobchalarida Coca-Cola ichimligi tanqis bo‘lib qolgani, ba‘zi hududlarda esa umuman yo‘qligi haqidagi xabar Ozodlikka Jizzax shahridan keldi.

"Salom, O'zbekistonda yana koka kola tanqis bo'lib qoldi, xech qaysi do'konda yuq. Ayrim do'konlarda bo'lsa xam juda qimmat 6000-8000 sum gacha sotilmoqda. Shu xaqda sizlarga maktublar kelmoqdami? Shuni bilmoqchi edim. Javob uchun oldindan raxmat", deb yozdi jizzaxlik manba.

Xabar ortidan muxbir bilan suhbatda ismini oshkor qilishni istamagan bu manba Jizzaxdagi do‘konlardan Coca-Cola ichimligi g‘oyib bo‘lganiga bir haftadan oshib qolganini qo‘shimcha qildi:

- Do‘konlardan so‘radik, nimaga yo‘q, deb. Ular Toshkentdagi zavod yopilgan, yana proverka ketayapti. Shuning uchun yo‘q, deyishdi. Hozir 4 ming so‘mlik bir yarim litrlik Coca-Cola 8 ming so‘mga chiqib ketdi. Toshkentda ham shu gap, deyishyapti,- deydi ismini oshkor etmayotganimiz manba.

Bu xabar ortidan Toshkentdagi oziq-ovqat do‘konlariga bog‘langan Ozodlik muxbiri haqiqatda ham so‘nggi 1 yarim hafta ichida poytaxtdagi savdo shoxobchalarida bu ichimlik kamayib ketganiga guvoh bo‘ldi.

Jumladan, korzinka.uz oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ida kishi boshiga 3 litrdan oshiq imchlik sotilmayotgani ma‘lum bo‘ldi.

- Bizning korzinka.uz do‘konlarida kishi boshiga faqat 2tadan Coca-Cola berilayapti. 1 yarim litrlik, narxi 3 ming 990 so‘m. Lekin katta kolichestvoda hozir hech qaysi do‘kon bermayapti,- dedi korzinka.uz oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ining mijozlar bilan ishlash bo‘limi xodimi.

Toshkent va Jizzax shaharlaridagi tanqislik borasida olingan bu ma‘lumotlarni Coca-Cola Icihmligi Uzbekiston shirkati vakili bilvosita tasdiqladi. Undan olingan ma‘lumotga ko‘ra, shirkatda ikki haftalik profilaktik tekshiruvlar bo‘lgan.

- Odatdagi, profilaktika ishlari uchun ish vaqtincha to‘xtatilgan edi. Bugundan yana Coca-Cola quyyapmiz. Shisha butilkalarga quyilishi to‘xtamagan. Lekin 1 yarim litrlik baklashkalarga quyish bugundan boshlandi. Distribyutorlaram mahsulot yo‘qligi uchun vaqtincha ishlamay turgan edi, ikki-uch kundan keyin ular ham ish boshlaydi,- deydi shirkat vakili.

Shirkat vakili zavod ishini 2 haftaga to‘xtatgan "profilaktika ishlari" nimalardan iborat ekani haqida biror ma‘lumot bermadi.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatida o‘tgan yilning yanvar oyida huquq-tartibot va soliq idoralari tekshiruvi boshlangan edi. Shundan so‘ng tekshiruvlar bois, zavod faoliyati bir necha bor to‘xtatilib, yana qayta tiklandi. Oxir-oqibatda, bu tekshiruvlar yakuniga yetganmi yoki o‘tgan ikki haftadagi "profilaktika ishlari" bu surishtiruvning davomimi - bu haqda Ozodlikda aniq ma‘lumot yo‘q.

Ilk tekshiruvlar 2013 yilning oktabr oyidan boshlab Gulnora Karimova biznes tizimlarida O‘zbekiston prokuraturasi va MXX oylardan beri o‘tkazayotgan tekshiruvlarning bir qismi o‘laroq ko‘rilgan. Zero, bu shirkat 2001 yildan beri prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tasarrufiga o‘tgani aytib kelinadi.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatidagi davlat aktivlari o‘tgan yili aprelь oyida O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorida shirkatda O‘zbekiston hukumati ulushi 57,12 foizni tashkil qilgani aytilgan.

Coca-Cola shirkatining Rossiya, Ukraina va Belorusdagi filiallarini muoviqlashtiruvchi bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, filiallardagi davlat aktivlari soni 50 foizdan oshiq bo‘lgan mamlakatlardan biri O‘zbekiston bo‘lsa, yana biri Xitoydir.

O‘zbekiston bozorida 1993 yildan beri faoliyat olib borayotgan Coca-Cola Ichimligi – Uzbekistan LTD qo‘shma korxonasi turli idishlarda besh xil – Coca-Cola, Coca-Cola Zero, Fanta, Sprite, Bonaqua va Fuse Tea, Ice Tea salqin ichimliklarini ishlab chiqaradi.

Shirkat O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning sobiq eri¸ AQSh fuqarosi¸ asli afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan Mansur Maqsudiy oilasi tomonidan Toshkentda tashkil qilingan.

2001 yilda O‘zbekiston prezidentining qizi Maqsudiydan ajrashgach, Gulnora Karimova sobiq erining o‘sha paytda 60 million AQSh dollariga baholangan Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan korxonasini tortib olgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG