Линклар

Asaka shahridagi GM Uzbekistan AQSh-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi xodimlarining Ozodlikka ma‘lum qilishlaricha, ularning aksariga ikki oydan buyon maosh to‘lanmayotir. Oyliklarning kechikayotgani Rossiyaga avtomobil eksporti deyarli 60 foizga qisqargan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Asaka shahridagi GM Uzbekistan AQSh-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi xodimlarining aksariga ikki oydan buyon maosh to‘lanmayotir.

O‘z shaxslari sir qolishini so‘ragan avtomobil zavodining bir necha xodimiga ko‘ra, korxona xizmatchi, ishchi va ustalarning aksari may oyidan buyon o‘z maoshlarini olgani yo‘q.

Bunday holat birinchi marta bo‘layapti. Shu paytgacha hech qachon oyliklarni to‘lashda kechikish bo‘lmagandi. Zavod kattalari maoshlar to‘lanmayotganiga chet elga mashina sotish sustlashganini sabab qilib ko‘rsatishayapti,” deydi zavod ishchilaridan biri.

Qo‘shma korxona xodimlaridan yana birining Ozodlikka ma‘lum qilishicha, oxirgi to‘rt oy ichida zavod jami ikki haftaga berkitilgan, ishchi va xizmatchilar “haq to‘lanmaydigan mehnat ta‘tiliga” chiqarilgan.

Ammo Ozodlik mazkur da‘volarni GM Uzbekistan ma‘muriyatidan tasdiqlata olmadi.

Ozodlik manbalaridan birining aytishicha, zavod ma‘muriyati ishchi va xizmatchilarga maoshlar berilmayotganini “ovoza qilmaslik”ni buyurgan.

Ayni paytda zavod ehtiyot qismlarni yetkazib beruvchi ta‘minotchilarga ham to‘lovlarni qisman amalga oshirayotgani xabar qilinadi.

Ehtiyot qismlar ta‘minotchilariga pulni faqat xom ashyo uchun o‘tkazishayapti. Maqsad ta‘minotni to‘xtatib qo‘ymaslik,” deydi Asakadagi avtomobil zavodiga ehtiyot qismlari yetkazib beruvchi shirkatning rahbari.

Uning ishonishicha, G‘arbning Rossiyaga qarshi qo‘llayotgan jazo choralari Asakada chiqarilgan mashinalar eksportiga salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqda.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi ishchi va xizmatchilariga maoshlarning kechikib berilayotgani O‘zbekistonda oylik va nafaqalarni vaqtida to‘lamaslik surunkali tus olayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiyaga eksport sustlashdi

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobillar eksportining 90 foizdan ko‘prog‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu oy boshida Yevropa biznesi uyushmasi avtomobil ishlab chiqaruvchilari qo‘mitasi Rossiyada joriy yilning dastlabki besh oyi davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 8622 avtomobil sotilganini e‘lon qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 58,7 foiz kamroqdir.

Uyushma ma‘lumotida ta‘kidlanishicha, o‘tgan yilning ayni muddatida Rossiyada GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining 20888 avtomobili xarid qilingan edi.

Savdoning sustlashishi ortidan korxonaning Rossiya avtomobil bozoridagi ulushi ham qisqarmoqda.

O‘tgan yilning yanvar-may davridagi GM Uzbekistan shirkatining 2 foizlik ulushi joriy yilda 1,3 foizgacha tushib ketgan.

Avvalroq Ozodlik o‘zbek avtomobillarining Rossiyadagi savdosi joriy yilning birinchi choragida 85 foizga qisqargani haqida xabar bergan edi.

Rossiya avtomobil bozoridagi umumiy savdo hajmi esa, joriy yilning 5 oyida o‘tgan yilning shu davridagidan 37,7 foizga qisqargan: 2014 yilning 5 oyida 1,03 mln sotilgan edi, joriy yil 5 oyida 641,93 mingta avtomobil sotilgan.

Avtomobillar narxi tushdi

Eksportning qisqarishi barobarida O‘zbekiston ichki bozorida avtomobillarga taklif talabga nisbatan oshib bormoqda.

Natijada, kuzatuvchilarga ko‘ra, yangi va minilgan mashinalar narxlari yarim yil ichida sezilarli darajada tushib ketgan.

GM Uzbekistan O‘zbekistonda Lacetti va Cobalt modellari narxini 15 foizga arzonlatdi. Yangi narxlar 3 iyundan 31 dekabrgacha amal qilishi aytilmoqda.

Toshkentagi eng yirik “Sirg‘ali” mashina bozorida savdo qiluvchilardan birining Ozodlikka ma‘lum qilishicha, minilgan avtomobillar narxi ham rusumi va ishlab chiqarilgan yiliga qarab 20 foizdan 30 foizgacha arzonlagan.

Yaxshi Lasetti mashinasini o‘tgan yil 15 ming dollarga sotib olish mumkin edi. Hozir esa xuddi shunday mashinalar 10 ming dollarga sotuvda turibdi. Lekin xaridor yo‘q. Mening o‘zim o‘tgan yil dekabrida Kaptivamni 24 ming dollarga sotmagan edim. Hozir, juda borsa, 19 ming dollarga sotaman. Agar omadim kulsa. Lekin, mashinamning real narxi 17-18 ming dollar," - deydi u.

Daewoo ortidan General Motors

Asakadagi avtomobil zavodi 1996 yilda tashkil etilgan. O‘shanda O‘zbekiston hukumati va Janubiy Koreyaning Daewoo Motor shirkati bilan teng sherikchilik asosida avtomobil ishlab chiqaradigan UzDaewooAuto qo‘shma korxonasini ta‘sis etgan edi. Yangi zavod yiliga 250 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan.

O‘zbekiston 2005 yilda O‘zbekiston Daewoo aktsiyalarining 50 foizini sotib olgan. 2007 yilda esa O‘zavtosanoat va AQShning General Motors shirkatlari UzDaewooAuto o‘rnida GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi tashkil etish haqida shartnoma imzolagan. GM mazkur qo‘shma korxonaning 25 foiz aktsiyasiga ega.

General Motors Asakadagi zavodni nominal 10 dollarga sotib oldi.

Bundan tashqari O‘zbekiston hukumati Toshkentda General Motors bilan birga teng sherikchilik asosida motor zavodini qurishda kredit uchun 300 million dollarga teng davlat kafolatini berdi.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan Chevrolet avtomobillari Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Moldova, Ukraina, Belarus, Gruziya, Armaniston, Turkmaniston va Afg‘onistonda sotiladi.

Hozirga qadar Asakadagi GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida 2 milliondan ziyod avtomobil ishlab chiqarilgan.

XS
SM
MD
LG