Линклар

"O‘zbekenergo" davlat-aktsiyadorlik kompaniyasiga qarashli Qibraydagi Toshkent issiqlik elektr stansiyasining 1400 ishchisi 5 oydan buyon mehnat haqlarini ololmayapti. "O‘zbekenergo" rasmiylari, Ozodlik bilan suhbatda, oyliklar kechikayotganini pul yetishmovchiligi bilan izohladi va hozirda ishchilar pulini berish yo‘llari izlanayotganini aytdi.

"Besh oydan beri oylik yo‘q"

O‘zbekistonda kattaligi jihatidan uchinchi o‘rinda turuvchi Toshkent Issiqlik elektr stansiyasi (ToshIES¸ avvalgi ToshGRES) ishchilariga joriy yil fevralidan buyon ish haqlari berilmayapti.

Bu haqda stansiya ishchilari Ozodlikka maktub orqali murojaat qilishdi. Maktubda aytilishicha, oylik pullari berilmayotgani ortidan ishchilar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishmoqda:

“Hozir fevral oyining oyligini bo‘lib-bo‘lib plastik kartochkaga tashlab berayapti. Har zamonda 20 ming, 40 ming so‘m qilib plastikka tashlab qo‘yiladi, bo‘ldi. Boshqa pullarimizdan darak yo‘q. Yanvarni ham shunaqa bo‘lib-bo‘lib berishdi. Ishchilar juda qiynalayapti. Har-bir ishchining mahallalardagi do‘konlardan 1-2 million so‘mlik qarzlari bor. Pul yo‘qligidan oziq-ovqatni do‘kondan qarzga yozdirib olayapmiz”, deyiladi stansiya ishchilari nomidan kelgan maktubda.

Ishchilar da‘vosicha, ish haqini so‘rab rahbariyatga shikoyat qilganlarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda:

“Oylik so‘rab direktorga borgan odamlarga bir zumda “bo‘shatilsin” degan buyruq chiqayapti. TashGRES xavfsizlik darajasi bo‘yicha A kategoriyasiga kiradigan ob‘ekt hisoblanadi. Hamma yaxshi ishchilar bo‘shab ketayapti. 50ka yaqin ishchi bo‘shab ketdi. Xavfli ob‘ektlarda g‘azabdagi ishchilar ishlayapti. Ishga mas‘uliyat kamayib ketgan. Bu (Xudo ko‘rsatmasin) katta halokatga olib kelishi mumkin”, deyiladi ishchilar maktubida.

"Uch yildan beri oyliklarda uzilish bo‘layapti"

Ishchilardan birining Ozodlikka mikrofonsiz suhbatda aytishicha, so‘nggi uch yil ichida oyliklar kechikishi doimiy tus olgan, biroq mehnat haqining 5 oy davomida berilmasligi ilk bor kuzatilmoqda:

“Stansiyamizni modernizatsiya qilish uch yil oldin boshlangandi. Shundan beri oyliklarimizni 2-3 oyga kechikishi odatga aylandi. Pulimizni bankdan kredit olib, kechikib bo‘lsa ham berayotgandi. Lekin 3 oydan oshgan vaqti bo‘lmagan. Hozir nima qilishni ham bilmayapmiz. Ishlay desang, pulingni bermasa, ishlamay desang, bola-chaqani qanday boqamiz. Boshimiz qotgan”, deydi stansiya ishchisi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Toshkent Issiqlik elektr stansiyasining Iqtisod bo‘limi mulozimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, pul yetishmagan paytlari bankdan imtiyozli kredit olib, oyliklarni berish amaliyoti keyingi paytda o‘zini oqlamay qolgani bois kredit olishdan ham voz kechilgan.

"O‘zbekenergo" oyliklar qachon berilishi bilmaydi

"O‘zbekenergo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Toshkent issiqlik elektr stansiyasi bo‘yicha kuratori Lutfilla Nurillayevning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, ishchilar oyligi kechikishi bilan bog‘liq muammoni hal qilish yo‘llari izlanmoqda:

- Endi hozir oyliklar bo‘yicha haqiqatdan ham to‘xtalishlar, uzilishlar bo‘lib qoldi. Hozir harakat qilayapmiz. Sekin-sekin oylikni yopish masalasi ko‘rilayapti. Bitta TashGres emas, boshqa tashkilotlarda ham shunaqa muammo bor. Oyliklar kechikishiga mablag‘ yetmasligi sabab bo‘layapti. Hozir harajatlarimiz ko‘payib ketdi. Juda katta qurilishlar qilayapmiz. Katta proyektlarmiz bor. Katta summali qurilishlar ketayapti. O‘sha proyektlarni davlat topshirig‘i bilan topshirishimiz kerak. Shu sababli oyliklarda uzilishlar bo‘lib qoldi,- dedi Nurillayev.

Mulozim hozircha ishchilar oyligini qachon to‘lab berilishi noma‘lum ekanligini aytadi:

- Hozir muammoni hal qilishga harakat qilayapmiz. Bankdan oylik uchun kredit olishni to‘xtatdik. Bu o‘zini oqlamadi. Tushum pullari orqali yopamiz. Biz ishlab chiqargan elektr energiyasi realizatsiya qilingan, lekin tushum bo‘yicha qarzdorliklar ko‘p. Aholi va tashkilotlardan to‘lanishi lozim bo‘lgan energiyani pulini to‘lashda kechikishlar bo‘layapti. Shuning hisobiga oyliklar kechikmoqda. Hozir tushgan pulni bo‘lib-bo‘lib berayapmiz. Hammasi aniq qachon berilishini sizga ayta olmayman. Lekin harakat qilayapmiz,- dedi "O‘zbekenergo" mulozimi Lutfilla Nurillayev.

468 million dollarlik modernizatsiya

Toshkent Issiqlik elektr stansiyasida modernizatsiya ishlari 2012 yilning 23 mart kuni boshlangan bo‘lib, jami 468 million AQSh dollarlik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Loyiha xorijiy firmalar konsortsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda, ular orasida Chexiya va Slovakiya firmalari bor.

Xorijiy kreditlardan tashqari loyihaning ma‘lum qismi O‘zbekiston Taraqqiyot va tiklanish jamag‘armasi tomonidan ajratilishi aytilgan.

Loyihani amalga oshirish uchun qolgan barcha xarajatlar “O‘zbekenergo” kompaniyasi zimmasiga yuklatilgan.

ToshIES mulozimiga ko‘ra, modernizatsiya ishlariga “O‘zbekenergo”dan tashqari ToshIES ham o‘z mablag‘larini sarflayotgani natijasida, keyingi uch yil ichida oylik maoshlarining kechikish muammosi yuzaga kelgan.

ToshIESni modernizatsiya qilish loyihasi dastlab 2008 yilda imzolangan. Biroq loyiha o‘z vaqtida moliyalanmagani bois¸ 2010 yilda u to‘xtatilib, 2011 yilning dekabrida qayta imzolangan.

"O‘zbekenergo" rasmiy saytida yozilishicha, ToshIESda modernizatsiya 2015 yilda yakunlanib, quvvati 370 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Yangi loyiha ishga tushirilsa ToshIES elektr ishlab chiqarishda yiliga 175 kubometr tabiiy gazni tejash quvvatiga erishishi kutilayapti.

UzDaily sayti ma‘lumotiga ko‘ra, hozirda ToshIES quvvati 1,86 ming MVtni tashkil qiladi.

“Sirdaryo IES” va “Tolimarjon IES”laridan keyin uchinchi o‘rinda turuvchi ToshIESning birinchi bloki 1963 yilda foydalanishga topshirilgan.

ToshIES Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi va sanoat korxonalarini elektr energiyasi bilan ta‘minlaydi.

XS
SM
MD
LG