Линклар

Tunislik talaba hikoyasi - Real Madrid, brake-dance va jihod​


Tunisning Sus shahridagi mehmonxonada qariyb 70 odamni otgan 23 yashar talaba - Sayfiddin Rezguiying 3 oy muqaddam "Islomiy davlat" lagerida harbiy tayyorgarlik olish uchun Liviyaga o‘tgani aytilmoqda. Yaqinlari uni xushmomala yigit, Real Madridning ashaddiy ishqibozi va brake-dance ustasi deb ta‘riflarkan, uning ruhiyatidagi so‘nggi 3 oylik evrilishdan bexabar bo‘lganlarini aytmoqda.

Tunisning G‘ofur shaharchasida tug‘ilib-o‘sgan Sayfiddin Rezguiy nochorgina oilaning farzandidir.

Bundan tashqari, Sayfiddinning dindor bo‘lmagani, aksincha o‘zi tug‘ilib o‘sgan ko‘chada o‘smirlariga brake-dance raqsini o‘rgatib yurganini xotirlashmoqda.

Shu kunda dahshatli qotilga aylangan 23 yashar talaba hayotini o‘rganayotgan xorij jurnalistlari u haqda faqat yaxshi gaplarni eshitmoqda va bu hol aholining himoyasiz qatlamlari terrorchi guruhlar targ‘iboti qarshisida naqadar ojiz ekanini ko‘rsatmoqda.

Tunis janubidagi kichikkina shaharchaning to‘proq ko‘chalarini changitib o‘sgan Saif 4 yil muqaddam ota-onasining fotihasini olib, qo‘shni Qayravan shahridagi Texnika universitetiga o‘qishga kirgan.

O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida mahallasidagi qahvaxonada ofitsiant bo‘lib ishlagan va mijozlarning ko‘nglini olgan.

Shu kunda politsiya tomonidan so‘roqqa tutilayotgan yaqinlari Saifning besh yulduzli mehmonxonaga qurol bilan bostirib kirib, 39 kishini otib tashlaganiga ishonolmayotirlar.

Juma kungi hujumda Saifning qurolidan o‘lganlar orasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Belgiyadan borgan sayyohlar bor. BBC telekanali bergan xabarga ko‘ra, otib o‘ldirilgan 15 dan ortiq britaniyalik sayyoh orasida bir oilaning 3, yana bir necha oilaning 2tadan a‘zosi bor.

Saifning qo‘shnilari bu xabardan dahshatga tushmoqdalar:

- Saif tez-tez uyimizga kelib turardi, bizga kompyuterdan foydalanishni o‘rgatardi. Olloh, uni kechirsin. Men bu hujum haqida eshitganimda, nahotki, shu ishni bizning Saif qilgan bo‘lsa, deb yoqamni ushladim,- deydi Reuters agentligi muxbiriga so‘zlagan qo‘shnilardan biri.

- Saif yaxshi yigit edi. Xushmuomala, uni hamma yaxshi ko‘rardi. U dindor emasdi, soqol ham qo‘ymagandi,- deya hayron bo‘ladi yana bir qo‘shnisi.

Otasi Hakim Rezguiy beozor o‘smir o‘g‘lining qisqa muddat ichida sovuqqon, radikal terrorchiga aylanishiga uning kollejda tanishgan o‘rtoqlari sabab bo‘lgan, deb taxmin qiladi.

Tergovchilar Saifning Qayravandagi xonadonlariga oid ma‘lumotlarni ham aniqladilar. MailOnline saytining yozishicha, u bir yil oldin shahar markazidagi kvartiralardan birida yashayotgan 5 sirli yigitga xonadosh bo‘lgan.

Qo‘shnilari bu yigitlarning atrofdagilar bilan deyarli muomala qilmagani, ularni shaharning Salafiy jamoalari vakillari tez-tez ziyorat qilgani va biroz muqaddam bu xonadon kutilmaganda bo‘shab qolganini aytmoqdalar.

Tunis talabalar ittifoqi Bosh kotibi Amani Sassining aytishicha, bu yigitlar atrofidagilarning nazariga tushganiga ancha bo‘lgan va ma‘lumotlarga ko‘ra, ulardan 2 nafari "Islomiy davlat"ga qo‘shilish uchun Suriyaga ketgan. Ayni paytda Tunis politsiyasi Sayfiddinni tanigan xonadoshlarini qidirmoqda.

Qayravan Texnika kolleji ma‘muriyati esa uni juda aktiv talaba, deb xotirlamoqda. Sayfiddin Elektronik jihozlar muhandisligi fakultetida bakalavr bosqichini tugatgan va biroz muqadam Aviatsiya bo‘yicha magistratura bosqichiga hujjat topshirgan.

Hozir bu yigit shaxsiga e‘tibor qaratayotgan g‘arb matbuoti uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan ba‘zi qiziq ma‘lumotlarni ham chop etmoqda.

Ilk bor Real Madrid futbol klubining ashaddiy muxlisi o‘laroq Facebook tarmog‘iga qo‘shilgan Sayfiddin Rezguiy so‘nggi paytlarda radikal islomiy qarashlarni aks ettiruvchi postlarni qoldirgan.

So‘nggi postlaridan birida u "Agar bu dunyoda jihod qilish - jinoyat bo‘lsa, u holda dunyo meni jinoyatchi bilsin!" mazmunida bitik qoldirgan.

Ammo, ijtimoiy tarmoqlardagi bu radikal qarashlari uning muomalasida aks etmagan ko‘rinadi. Zero, hodisadan ikki kun oldin u uyiga borgan. O‘zi ofitsiantlik qilgan qahvaxonada o‘rtoqlari bilan uchrashgan va futbolni muhokama qilishgan.

Ertasi kuni esa u amakisi bilan uchrashib, o‘zining o‘qishi haqida so‘zlab bergan.

Uchinchi kuni esa mutlaqo xotirjam va sovuqqonlik bilan Imperial Marhaba mehmonxonasidagi sayyohlarni otib tashlagan.

Hozir nafaqat Tunis politsiyasi, balki yaqinlari ham Sayfiddinning qanday qilib qisqa muddat ichida o‘ta vahshiy qotilga aylangani sinoatini tushunishga urinmoqda.

MailOnline saytining yozishicha, politsiya Sayfiddin Rezguiyning 3 oy muqaddam yashirin yo‘llar bilan Liviyaga o‘tgani va o‘sha yerda IDning lagerlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tganini gumon qilmoqda. Sayyohlarni qirg‘in qilgan AK-47 avtomati ham o‘sha safardan so‘ng yashirin yo‘llar bilan mamlakatga olib kirilgani aytilmoqda.

Tunis va Liviya o‘rtasidagi chegara juda zaif qo‘riqlanadi va norasmiy ma‘lmotlarga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida 3 mingga yaqin tunislikning chegaradan yashirincha o‘tib, "Islomiy davlat"ga qo‘shilgani taxmin qilinmoqda.

Maqola xalqaro agentliklar materiallariga asoslanib tayyorlandi

XS
SM
MD
LG