Линклар

Chegarada otishma: O‘zbekiston chegarachisi yaralangani aytilmoqda​


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi ko‘prikni qo‘riqlayotgan o‘zbek chegarachilari.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi ko‘prikni qo‘riqlayotgan o‘zbek chegarachilari.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida sodir etilgan otishmada bir o‘zbek chegarachisi yaralangani aytilmoqda. Qirg‘iz tomoni otishma o‘zbek chegarachilari chegarani nazorat qilish tartibini buzgani ortidan yuz berganini bildirdi. O‘zbekiston bu borada hozircha rasmiy ma‘lumot bergani yo‘q.

Qirg‘iziston Chegara xizmatining bildirishicha, otishma 29 iyun kuni ertalab o‘zbek-qirg‘iz chegarasining hali aniqlanmagan hududida sodir etilgan. Chegara xizmati rasmiysi Sajira Cho‘qo‘lo‘yevaning Ozodlik radiosiga aytishicha, voqea Haydarkon otryadi nazorat qilayotgan Qorasho‘ra chegara zastavasining Mashalang nazorat punktida bo‘lib o‘tgan. Mazkur hudud O‘zbekistonning Shohimardon eksklavi bilan chegaradosh.

Sajira Cho‘qo‘lo‘yevaga ko‘ra, bir necha yil avval tomonlar aniqlanmagan hududlarni muayyan masofadan turib nazorat qilishga kelishib olgan. O‘zbekiston chegarachilari 29 iyun kuni mana shu bitim shartlariga amal qilmay, Shohimardon eksklavidan belgilangan nazorat chizig‘ini buzib, aniqlanmagan hududga o‘tib kelgan.

- Ikki respublika chegara naryadlari o‘rtasidagi otishma chegaraning aniqlanmagan hududida sodir etilgan. Qirg‘iz tomonidan halok bo‘lganlar va yaralanganlar yo‘q. O‘zbekiston tomoni bir chegarachisi yaralanganini bildirdi. Qirg‘iz chegarachilari belgilangan nazorat chizig‘ini buzib, aniqlanmagan hududga kirib kelgan o‘zbekistonliklarga hududni belgilangan masofadan turib nazorat qilish kerakligini eslatgan. Bunga javoban O‘zbekiston chegarachilari qirg‘iz chegarachilariga qarata o‘q ota boshlagan. O‘zbek chegarachilari birinchi bo‘lib o‘q otgan,- dedi Sajira Cho‘qo‘lo‘yeva.

Qirg‘iz Chegara xizmati vakilining Ozodlik radiosiga bildirishicha, mazkur voqea yuzasidan 29 iyun kuni ikki davlat chegara rasmiylari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

- Uchrashuvda tomonlar murosaga kela olmadi. Tomonlar har biri o‘z fikrida qoldi. Ya‘ni, Qirg‘iziston tomoni o‘zini haq deb hisoblamoqda, O‘zbekiston esa o‘z chegarachilari harakati to‘g‘ri bo‘lgan, degan fikrda qolmoqda. Buning natijasida tomonlar bu voqea yuzasidan alohida-alohida tekshiruv o‘tkazadigan bo‘ldi, - dedi Sajira Cho‘qo‘lo‘yeva.

Qirg‘iziston Chegara xizmatining iddao qilishicha, O‘zbekiston chegarachilari hech qanday ogohlantirishsiz o‘q ota boshlagan. Belgilangan tartib bo‘yicha esa avval og‘zaki ogohlantirish berilishi lozim. Bu ogohlantirish inobatga olinmagan taqdirda havoga o‘q uziladi. Shundan so‘nggina chegarabuzarga qarata o‘q otilishi kerak.

Mazkur voqea sodir etilganidan so‘ng Qirg‘izistonning Botken viloyati rasmiylari O‘zbekiston harbiylari davlat chegarasini buzib o‘tganlarga qarata ogohlantirishsiz qurol qo‘llayotgani iddaosi bilan chiqdi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga so‘zlagan rasmiy o‘zbek chegarachilarini qonunbuzarlarni to‘xtatish uchun dastlab osmonga o‘q otish orqali ogohlantirish qoidasiga amal qilmayotganlikda aybladi.

O‘zbekistonlik chegarachilar may oyida Botken viloyati bilan chegaradosh hududlarda chegarani buzganlarga qarata ikki marta ogohlantirishsiz o‘q otgani aytiladi.

Ayni paytda Qozog‘iston matbuoti 28 iyun kuni kechqurun o‘zbek chegarachilari Sirdaryoda qayiqda suzib baliqchilik qilayotgan qozoq fuqarolariga nisbatan o‘q otganini yozib chiqdi. Xabarlarda aytilishicha, Qozog‘iston fuqarosi Ualixan Axmetov o‘zbek chegarachisi o‘qidan voqea joyida halok bo‘lgan. Qayiqdagi ikkinchi qozog‘istonlik Jenis Bekeshov esa qozog‘iston qirg‘og‘iga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

“Biz Qozog‘iston chegarasi tomonidan qayiqda suzib borayotgan edik. Kutilmaganda o‘zbek chegarasi tomonidan to‘xtash haqida ogohlantirish berildi. Mening sherigim qayiqni to‘xtatmadi. Shunda o‘q otila boshlandi. Sherigim qayiq ichiga yiqilib tushdi. Qarasam, unga o‘q tekkan ekan. Men o‘zimni daryoga otib, Qozog‘iston sohiligacha suzib keldim”, deb iqtibos keltiradi Jenis Bekeshov so‘zlaridan Qozog‘iston matbuoti.

O‘zbekiston tomoni bu ikki voqea yuzasidan hozircha rasmiy bildiruv tarqatgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG