Линклар

Shahrixonlik Jahon chempioni Shohasan bir kishini chavaqlashda gumon qilinmoqda​


MMA jangchisi Shohasan Mirzamatov odam o‘ldirishda gumonlanmoqda.

MMA jangchisi Shohasan Mirzamatov odam o‘ldirishda gumonlanmoqda.

Andijon viloyati Shahrixon tuman sudi 6 iyul kuni havaskor sportchilar orasida aralash yakka kurashlar (MMA) bo‘yicha Jahon va jangovar sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Shohasan Mirzamatovni hibsga olishga sanksiya berdi. Professional sportchi bir shaxsni o‘ldirish va yana bir necha shaxsga og‘ir tan jarohati yetkazishda ayblanmoqda.

Shahrixon prokuraturasi xodimining bildirishicha, Shohasan Mirzamatov Shahrixon shahri markazida 3 iyul oqshomida yuz bergan janjalda bir shaxsni pichoqlagan va yana bir necha shaxsga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Uning ilova qilishicha, 24 yoshli Shohasan Mirzamatov bir shaxsni pichoqlab tashlagan va truba bilan bir shaxsning umurtqasiga shikast yetkazgan.

Ayblanuvchi tesha bilan yana bir kishining bosh chanog‘ini majaqlagan.

Prokuratura xodimining Ozodlikka aytishicha, kamida 12 kishi ishtirok etgan guruh janjalida “kamida 5-6 kishi” turli darajada jarohat olgan.

Pichoqlangan shaxs ko‘p o‘tmay shifoxonada vafot etgani aytiladi.

Janjalda jarohat olganlar shifoxonaga yotqizilgan.

Shahrixon prokuraturasi xodimi "to‘polon maishiy vajlarga asoslangan", deb aytdi.

Shahrixon Ichki ishlar idorasi xodimi esa hodisa yuzasidan faqat bir shaxs - Shohasan Mirzamatov qamoqqa olingani va hozirda tuman tergov izolyatorida saqlanayotganini bildirdi.

Tergov ishiga aloqador prokuratura xodimining aytishicha, Shohasan Mirzamatov “o‘z aybiga hozirga qadar iqror bo‘lgani yo‘q”.

"Osiyolik yo‘lbars"

Shohasan Mirzamatov yakka kurash sporti muxlislari orasida “Osiyolik yo‘lbars” taxallusi bilan mashhur.

Sportchi bir necha oy muqaddam professional sportchilar o‘rtasida MMA xalqaro turnirida ishtirok etib, rossiyaliksportchi Aziz Haydarov ustidan ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozongandi.

O‘zbekistonda sportning nisbatan yangi turi - aralash yakka kurashlarga (MMA) izn berilmagan.

O‘zbekistonlik sportchilar MMA xalqaro musobaqalarida yakka tartibda yoki qo‘shni davlatlar sport klublari tarafidan ishtirok etishmoqda.

XS
SM
MD
LG