Линклар

Carnegie Europe markazi tahlilchisi, Markazning Strategic Europe rukni bosh muharriri Judi Dempsi 6 iyul kuni Ozodlik radiosining Bryusseldagi muxbiri Rikard Jozviak bilan Gretsiyada bo‘lib o‘tgan referendum natijasi va uning Yevropa Ittifoqi uchun qanday ma‘no kasb etishi haqida suhbatlashdi.

Ozodlik: Gretsiya Yevropa Ittifoqining mamlakatga qarz berish shartlariga qarshi ovoz berdi. Endi nima bo‘ladi?

Judi Dempsi: Men sizga nima bo‘lmasligini aytib beraman. Yevropa kelajagiga milliy hukumatlardan voz kechib, umumevropacha nazar solish amalga oshmaydi. Gretsiya bo‘hroni Evropaning bo‘hron nima haqda ekanligini anglashdagi aql bovar qilmaydigan kamchiligini oshkor qildi.

Bu bo‘hron faqat pul yoki Gretsiya davlatining mudxish ahvoli haqida emas. Bu bo‘hron Evropa kelajagi haqidadir. Muhokamalar asosan Gretsiyaga bosim o‘tkazish, Gretsiyaning jiddiy muammolarni yechishdan qaysarlik bilan bosh tortishi haqida bo‘ldi. Ammo kengroq manzara, ya‘ni Gretsiya yevrozonani tark etadigan bo‘lsa, buning valyuta ittifoqiga katta zarar ko‘rsatishi e‘tibordan chetda qolib kelmoqda.

Eng muhimi, siyosiy va iqtisodiy integratsiya tomon intilish g‘oyasi to‘xtab qoldi. Bu Evropa yetakchilari uchun katta muvaffaqiyatsizlik bo‘ladi.

Ozodlik: Gretsiya bo‘hroni butun yevrozonaga tahdid soladi, deb o‘ylaysizmi?

Dempsi: Ha, yuz foiz. Bu dahshatli bo‘lishi mumkin. Kichik mamlakat bo‘hronini – bilaman, bu juda-juda katta tuyiladi – hal qila olishmagani Yevropa va Yevropa integratsiyasining kelajagiga tahdid soladi.

Ozodlik: Yevrozona moliya vazirlari Bryusselda 7 iyulda uchrashadi. Uning ortidan evrozona mamlakatlari yetakchilari uchrashadi. Nima deb o‘ylaysiz, ular biror murosaga kela oladimi?

Dempsi: Buni aytish juda qiyin. Men olmon sharhlovchilarga hamda Germaniya va boshqa Evropa mamlakatlari siyosiy elitalariga quloq solib kelyapman. Ular Gretsiyaning tark etishi nimalarga olib kelishini to‘liq anglab yetganlari yo‘q yoki buni xohlamaydilar, deb o‘ylayman.

Tsipras yangi jiddiy paket ishlab chiqsa va yangi moliya vazirini tayinlasa atmosfera ozgina o‘zgarishi mumkin. Ammo shov-shuvlarining o‘zi yetarli emas. Nima bo‘lishini bilmayman. Gretsiya chiqib ketmaydi, deb umid qilaman. Men rostdan nima bo‘lishini bilmayman. Men istagan narsa ular buning Yevropa uchun qanday ma‘no anglatishini va g‘arbiy Bolqonlar, Gretsiya, qochqinlar, Kipr, transatlantik aloqalar, Evropaning o‘z a‘zolari bilan, biqinidagi mamlakatlarning emas, balki o‘z a‘zolarining bo‘hronini hal qilishiga ta‘sir qiladigan strategik oqibatlarini kun tartibiga qo‘yishlari kerak.

Agar yevropaliklar institut va Yevropa Ittifoqi sifatida bu muammoni hal qila olmasa, demak biz g‘aflat tomon ko‘r-ko‘rona ketmoqdamiz.

Ozodlik: Rossiya mazkur bo‘hron yaratgan bo‘shliqni to‘ldira oladimi, nima deb o‘ylaysiz?

Dempsi: Menimcha, bu juda muhim savol. Gretsiya chiqib ketadigan bo‘lsa, biz Ukraina bo‘hronini ham hal qila olmaymiz, sababi ikkisi ham bardoshlilikka borib taqaladi.

Ikkisi orasida osmon bilan yercha farq bordek tuyilishini bilaman, ammo ikkisi ham Evropaning uzoq kelajagi haqida. Tubdan isloh qilish uchun, oligarxlardan qutulish uchun, korruptsiyani tugatish uchun, shaffoflik yaratish uchun… sizga ma‘lum bo‘lganidek, Rossiya bizni Ukrainada muvaffaqiyatsizlikka uchrashimizni xohlaydi, Gretsiyada ham mag‘lubiyatga uchrashimizni kutyapti. Rossiyaning Yevropa Ittifoqining ushbu o‘taketgan zaifligidan foydalana olishi aniq.

Intervyudan so‘ng:

Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsipras7 iyul kuni Bryusselda Yevropa davlatlari liderlariga Afinaning qarzlari masalasini “ijtimoiy adolat va iqtisodiy asoslangan holda hal etish” yuzasidan loyihani taqdim etdi.

Evropa Ittifoqi rahbari Donald Tusk mazkur masala shu hafta oxirigacha ko‘rib chiqishi lozimligini bildirdi. Tusk Yevropa Ittifoqiga a‘zo 28 davlat rahbarini Bryusselda bu borada o‘tadigan sammitda ishtirok etishga chaqirdi.

“Bu inqiroz uchun barchamiz mas‘ulmiz va uni bartaraf etish ham barchamizning zimmamizda”, deb bildirdi Donalьd Tusk.

Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsiprasning mazkur masalada bugun Yevropa parlamentida chiqish qilishi kutilmoqda.

5 iyul kuni Gretsiyada o‘tgan referendumda saylovchilarning 60 foizdan ko‘prog‘i kreditor davlatlar Afinaga taklif qilgan inqirozdan chiqish dasturiga qarshi ovoz bergan edi. Gretsiyaning kreditorlardan 240 milliard yevro qarzi bor.

Mazkur davlat 30 iyul kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasiga mazkur qarzning bir qismi bo‘lgan 1 milliard 550 million yevroni to‘lay olmagani ortidan rasman “bankrot davlat” deb e‘lon qilingan edi.

XS
SM
MD
LG