Линклар

logo-print

Rossiyaning Anapa shahri yaqinidagi yashirin vino zavodidan ikki o‘zbekistonlikning o‘ligi chiqdi. Politsiya 20 va 22 yoshli o‘zbek muhojirlari vino bochkasini tozalayotgan paytda etil spirtidan zaharlanib o‘lganini taxmin qilmoqda.

Hodisa yuz bergan joy - Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi, Anapa tumani Yurovka qishlog‘ida joylashgan vino ishlab chiqaruvchi xususiy korxonaga etib borgan Anapa shahri Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari nobud bo‘lganlar 1992 va 1994 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarolari ekanini aniqladi.

“O‘liklarni kechki payt hududni ko‘zdan kechirayotgan qorovul topgan”, dedi Ozodlikka hodisa tafsilotlarini gapirib bergan boshqarma navbatchi ofitseri.

- Hodisa 4 iyul kuni sodir bo‘lgan. Hozir tergov bilan Krasnodar o‘lkasi Tergov qo‘mitasi shug‘ullanayapti. O‘liklar Anapa shahar morgiga jo‘natildi. O‘zbeklar bu yerda tayinli joyda rasman ishlamagani ma‘lum bo‘ldi. Dastlabki taxminlarimizga ko‘ra, ular hajmi 45 kubometr bo‘lgan katta bochkaning ichini tozalayotgan bo‘lgan va etil bug‘laridan zaharlanib, bochka ichida qolib ketgan, dedi o‘zini tanishtirmagan politsiya rasmiysi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Anapa tumanidagi Yurovka qishlog‘ida katta vino korxonasi mavjud. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ishlab kelgan shirkat mahalliy tadbirkor tomonidan ijaraga olingan sobiq yog‘-moy zavodi hududida joylashgan.

Yurovkada joylashgan “Yurovskiy” vino zavodi idorasida Ozodlik so‘roviga o‘zbek yigitlar nobud bo‘lgan korxona ularga qarashli emasligi, xususiy shirkat noqonuniy faoliyat yuritib kelgani va kontrafakt vino ishlab chiqarganini bildirishdi.

- Bu hodisadan xabarim bor. Bu Yurovkada sodir bo‘ldi. U korxona bizga qarashli emas: u yerdagi xususiy shirkat yashirincha noqonuniy mahsulot ishlab chiqargan. Ularning na litsenziyasi, na ruxsatnomasi bo‘lgan bunga. Zavod hududida bu ishlar bilan shug‘ullanayotganini odamlar o‘lmaguncha hech kim bilmagan. Chunki bu korxonaning xavfsizlik bo‘yicha injenerlari bo‘lmagan, ehtiyot choralariga mutlaqo rioya qilinmagan, dedi “Yurovskiy” vinzavodi xodimasi Natalya Shchyokotova.

Mutaxassis o‘zbekistonlik ishchilar tagida bijg‘iyotgan suyuqligi bor bochka ichiga kirgan va odam organizmi uchun xavfli bo‘lgan bug‘lardan zaharlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Darhaqiqat, ekspertlarning o‘lganlar qonida katta miqdorda etil qoldiqlarini topgani Ozodlikka ma‘lum bo‘ldi.

Krasnodar o‘lkasi bo‘yicha Tergov qo‘mitasi boshqarmasida ismi ochiqlanmayotgan xorij fuqarolari zaharlanishi yuzasidan dastlabki taftish ishlari olib borilayotgani va jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bildirishdi.

XS
SM
MD
LG