Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:55

O‘zbek maxsus xizmatlariga josuslik dasturlari yetkazib beradigan shirkat hakerlik hujumiga uchradi


Odamlarning Internet tarmog‘idagi faoliyatini kuzatib borish uchun kompьyuter dasturlari ishlab chiqaradigan Hacking Team shirkatiga hakerlik hujumi uyushtirildi. Qarorgohi Italiyada bo‘lgan bu shirkat mijozlari orasida O‘zbekiston maxsus idoralari ham bor.

Hacking Teamga hujum qilgan hakerlar shirkatga qarshi 400 gigabayt hujjatni o‘g‘irlash bilan birgalikda uning Tvitterdagi sahifasiga ham kirganlar. Mazkur akkaunt orqali ular shirkat kompyuteridan olingan ayrim skrinshotlarni e‘lon qilib, shu tariqa Hacking Team hujumga uchraganini ochiqlaganlar.

Shirkatdan o‘g‘irlangan audioyozuvlar, elektron pochta yozishmalari va moliyaviy hisobotlarni hakerlar BitTorrent torrent-trekeriga joylashtirganlar.

Hakerlar yoyinlagan ma‘lumotlarga ko‘ra, shirkat mijozlari orasida 36 mamlakat, shu jumladan, postsovet o‘lkalaridan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya va Ozarbayjon idoralari bor.

Hacking Team vakillari haqiqatan shirkatga hakerlik hujumi uyushtirilganini tasdiqlab, bu borada tekshiruv boshlanganini bildirganlar.

Hacking Team turli mamlakatlarning maxsus xizmatlari va huquq-tartibot idoralari kiberfazoda ishlatadigan Remote Control Systems (Masofadan nazorat qilish tizimlari) deb umumiy nom bilan ataluvchi josuslik dastur ta‘minotini ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Shirkat mahsulotlaridan turli platformalarda, shu jumladan, Windows, Android, OS X operatsion tizimli qurilmalarda foydalansa bo‘ladi. Hacking Team shirkatining eng mashhur mahsulotlari DaVinci yoki Galileo josuslik dasturlari bo‘lib, ular ko‘p marotaba antivirus dasturlarini ishlab chiqaruvchi shirkatlar diqqat-e‘tiborini o‘ziga jalb etgan. Bu dastur ilovalari odamlarning global tarmoqdagi faolligini kuzatibgina qolmay, ularning ochiq va himoyalangan kanallar orqali amalga oshirayotgan yozishmalarini o‘qish, o‘zaro telefon so‘zlashuvlarini tinglash imkoniyatini yaratadi.

Hacking Team ancha yopiq tashkilot bo‘lib, uning faoliyati haqida yaqin-yaqingacha uncha ko‘p narsa ma‘lum emasdi. Shirkat faoliyati haqida jahonga jar solgan ilk tashkilotlardan biri Wikileaks bo‘lgan.

Italyan shirkati faoliyati ko‘pchilikka oshkor bo‘lgach, uning do‘stlaridan dushmani ko‘paydi. O‘zlariga qarshi uyushtirilgan so‘nggi hujumni ham Hacking Team vakillari butun dunyo bo‘ylab ularga qarshi bo‘lgan tashkilot va odamlar ko‘pligi bilan izohlaganlar.

Shirkat faoliyatini nomaqbul sanaydigan xalqaro tashkilotlardan biri “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotidir. “Chegara bilmas muxbirlar” o‘z hisobotlarida Hacking Team shirkatini “Internet dushmanlari” sanalmish tashkilotlar qatoriga qo‘shgan. Mazkur ro‘yxatda Hacking Team shirkatidan tashqari Yevropada faoliyat yuritadigan hamda Internetda kuzatuvni amalga oshiruvchi dasturlar yaratish bilan shug‘ullanadigan Gamma, Trovicor, Amesys va Blue Coat kabi tashkilotlar ham bor.

Eslatib o‘tamiz,“Chegara bilmas muxbirlar” O‘zbekiston hukumatini ham bir necha yillardan buyon “Internet dushmanlari” ro‘yxatidan tushirmay keladi. Ayni tashkilot O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovni yillardan buyon “erkin matbuot kushandasi” o‘laroq taqdim qilib keladi.

XS
SM
MD
LG