Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:38

Dakki eshitgan “Bilayn” xizmat sifatini yaxshilash maqsadida monitoring boshladi


O‘zbekistondagi eng yirik mobil aloqa operatori bo‘lib qolayotgan “Bilayn” shirkati o‘z xizmatlari sifatini monitoring qilishga qaratilgan yangi dasturni ishga tushirdi. Shirkat vakillari Mobile Quality Analyzer (MQA) uskunasi vositasida ovozli xizmatlar va mobil Internet sifatini muntazam kuzatish imkonini kengaytirish maqsad qilinganini ta‘kidlamoqda.

Yaqin kunlarda“Bilayn” mijozlari o‘z smartfonlariga ushbu dasturni yuklab olish va shirkat xizmatlari sifatiga muntazam baho berish imkoniga ega bo‘ladilar.

“Bilayn” jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi xodimasining aytishicha¸ hozircha bu monitoring moslamasi shirkat xodimlari ichidagi ko‘ngillilar telefoniga o‘rnatilgan va yaqin orada mijozlarga taqdim etiladi:

- Bu monitoring xizmatlarimiz sifatini yaxshilash maqsadida taqdim etilayotgan xizmat. Yangi baza stansiyalari ishga tushishi munosabati bilan hozir shirkatimizda modernizatsiya jarayoni ketayapti. Baza stantsiyalar¸ ya‘ni yangi antennalar hozir test rejimidan o‘tgan. Boshqarmadan litsenziya tegishi bilan biz antennalarni yoqamiz¸ albatta. Hozircha abonentlarimiz uchun monitring xizmati yoqilmadi¸ tashkilot ichidagi monitoring bor. Bu monitoring asosida qaysi tomondan kamchilik¸ cheklanish bo‘layotgan bo‘lsa¸ shuni bartaraf etishga harakat qilishadi mutaxassislarimiz. Bu monitoring oqibatida¸ aloqa sifati¸ Internet tezligi¸ umumiyatla biz ko‘rsatadigan xizmatlar sifati yaxshilanadi¸ deydi “Bilayn” xodimasi.

O‘zbekistondagi besh mobil aloqa operatori orasida eng yirigiga aylangan “Bilayn” shirkati faoliyati o‘tgan oy rasmiy idoralar tashabbusi bilan mahalliy matbuotda tanqidga uchragan edi.

Rasmiy o‘zbek nashrlari yaqinda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspektsiyasining “Bilayn” mobil aloqa operatori faoliyati yuzasidan xulosasini e‘lon qilgan edi.

Inspektsiya xulosasiga ko‘ra¸ kompaniya mijozlar hisobidan asossiz ravishda pul yechib olgan, ayrim hududlarda uzoq vaqt davomida aloqaning yo‘qolib qolishi kuzatilgan.

Joriy yilning yanvar-may oralig‘ida inspektsiyaga “Bilayn” faoliyati yuzasidan kelib tushgan shikoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 29,7 foizga ortgan. Davlat inspektsiyasi shikoyatlar asosida monitoring olib borib, “Bilayn”ning xizmat ko‘rsatishini qoniqarsiz deb baholagan.

Qayd etilishicha, davlat inspektsiyasi “Bilayn” shirkatiga ko‘p marotaba kuzatilayotgan qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan, aks holda, choralar ko‘rilishidan ogohlantirgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekiston aloqa tizimi rasmiylari e‘tirozi ortidan litsenziyadan mahrum etilgan Rossiyaning MTS shirkati tajribasidan kelib chiqqan xorij operatorlari¸ xususan¸ “Bilayn” bunday ogohlantirishni jiddiy qabul qilgan ko‘rinadi.

Hozirga kelib abonentlari soni 10¸5 milliondan oshgan “Bilayn” xizmatlari¸ ayrim mijozlarning aytishicha¸ tariflari boshqa operatorlarga nisbatan qimmat ekaniga qaramay¸ sifat jihatdan qoniqarsiz bo‘lib qolmoqda.

Hozirga qadar telekom shirkatlari xizmatchilari telefon qilib¸ kamida 10-15 minut vaqtingizni olib¸ xizmat sifati haqida savol berishar va javoblaringiz avtomatik tarzda yozib olinar edi. Endi “Bilayn” O‘zbekistonda birinchi bo‘lib smartfon uchun monitoring yuklamasi taklif qilsa¸ demak shirkat o‘ziga xos ijtimoiy so‘rovning yangi va qulay shakliga o‘ta boshlaganini ko‘rsatadi¸ deydi “Bilayn” mijozlaridan biri:

- Bunaqa yuklamani¸ har qalay O‘zbekistonda birinchi marta “Bilayn” kiritayapti¸ adashmasam. Xizmat sifatiga oddiy odamlarning o‘zi baho beradigan qilib qo‘ysa¸ albatta¸ yaxshi bo‘ladi. “Bilayn” hozir O‘zbekistondagi eng katta¸ abonent soni bo‘yicha birinchi hisoblanadi. Lekin sifat bo‘yicha emas. “Bilayn” eng qimmati¸ lekin unda ham mobil aloqa ba‘zan o‘z-o‘zidan ishlamay qoladi. Toshkentdan boshqa aksar hududda ularning antennalari umumiy elektr ta‘minotiga bog‘liq va svet o‘chishi bilan o‘sha hududdagi antenna ham ishlamay qoladi¸ aloqa yo‘qolib qoladi. Bu endi¸ shirkatlardan ko‘ra kattaroq muammo¸ deydi birgina “Bilayn” emas¸ balki uning raqobatchilari xizmatidan ham foydalanib kelayotgan mijozlardan biri.

O‘zbekistonda “Bilayn” brendi ostida xizmat ko‘rsatayotgan shirkat bosh qarorgohi Amsterdamda joylashgan Rossiyaning Vimpelcom shirkati sho‘‘basidir.

Asosan postsovet davlatlari¸ qolaversa¸ Osiyo va Afrikadagi jami 14 mamlakatda faoliyat yurg‘izayotgan Vimpelcom 2006 yilda o‘zbek mobil aloqa bozoriga kirgan.

Ayni kunlarda¸ aktsiyalari AQSh birjalarida ochiq savdoga qo‘yilgan Vimpelcom faoliyati, O‘zbekistonga kirish uchun prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga katta miqdorda pora berganlik yuzasidan mavjud jiddiy ayblovlar munosabati bilan Amerika¸ qolaversa¸ Yevropa tergovchilari tomonidan taftish qilinmoqda.

Mazkur tergov doirasida AQSh prokurorlari Vimpelcom shirkatining yuzlab million dollarini muzlatish harakatini boshlagan.

XS
SM
MD
LG