Линклар

Surxondaryo viloyati Termiz tumani pensiya jamg‘armasi boshlig‘i o‘z qo‘li ostida ishlaydigan xodimlarga qo‘l ko‘tarayotgani iddao qilinmoqda. Ozodlikka murojaat qilgan termizliklardan biri, shu hafta boshrog‘ida pensiya jamg‘armasiga nafaqasini rasmiylashtirgani borgan paytda boshliqning xodimlardan birini kaltaklaganiga guvoh bo‘lganini gapirib berdi. Jamg‘arma boshlig‘i Sattor Daminov Ozodlik bilan suhbatda bu iddaolarni mutlaqo inkor qildi, lekin ish yuzasidan xodimlarga qattiqqo‘llik qilishini e‘tirof etdi. O‘zbekistonda davlat idoralari rahbarlari va hokimiyat vakillarining zo‘ravonlik qilishi odatiy holga aylangan.

Surxondaryo viloyati Termiz tumani pensiya jamg‘armasiga shu hafta boshrog‘ida o‘z nafaqasini rasmiylashtirgani borganini aytgan termizlik ayol Ozodlikka murojaat qilib, davlat tashkilotida rahbarning o‘z qo‘li ostida ishlaydigan xodimlarga nisbatan zo‘ravonlik qilganiga guvoh bo‘lganini iddao qildi.

“Kechagi kuni pensiya jamg‘armasiga ish bilan kirgan edim. Tashkilot boshlig‘ining ikkita xodimni baqir-chaqir qilib, og‘ziga kelgan so‘zlar bilan so‘kayotgani ustidan chiqib qoldim. Hamma xayron bo‘lib, qarab turdi. Boshliq yoshroq yigit ekan, keyin haligi xodimlardan biriga musht otgan edi, og‘zi burni qon bo‘lib, chiqib ketdi. Men ham ishimni bitirmasdan chiqib ketishimga to‘g‘ri keldi”, deya iddao qildi termizlik ayol.

Pensiya jamg‘armasi rahbarining bunday xatti-harakatlariga nima sabab bo‘lganini aniq bilmasligini aytgan suhbatdoshimiz, aftidan jismonan jazolangan xodim qandaydir xatolikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa kerak, deya taxmin qildi.

“Aniq bilmadimu, lekin boshliqning baqir-chaqiridan haligi ikkita yigit qandaydir topshiriqni noto‘g‘ri bajarganini tushundim xolos. “Senlar qachon odam bo‘lsan”, deb ularni og‘ziga kelgan gap bilan haqorat qildi. Tashkilotda ayollar borligiga ham qaramasdan, rosa haqorat qildi”, deya iddao qildi Ozodlik bilan 8 iyul kuni gaplshgan termizlik ayol.

Ozodlik Termiz tumani pensiya jamg‘armasi rahbari Sattor Daminovning o‘zi bilan bog‘lanib, vaziyatni o‘rganishga harakat qildi. 29 yoshli Daminov termizlik nafaqaxo‘rning iddaolarini mutlaqo inkor qilib, shu bilan birga ish yuzasidan xodimlarga ba‘zan ovozini balandlatishini e‘tirof etdi.

- Yo‘q, unday bo‘lishi mumkin emas. Baqirib-chaqirayotganimiz uchun shunday degan bo‘lishi mumkin. Lekin unaqa zo‘ravonlik yo‘q bizda. O‘zingiz bilasiz, ishda har xil vaziyat bo‘ladi, baqir-chaqir bo‘ladi. Kimdir topshiriqni bajarmaydi, shunda baqirib-chairqgan bo‘lishim mumkin. Lekin unaqa zo‘ravonlik muammosi yo‘q. Hozir zamoni emas, o‘zingiz tushinib turibsizku,- dedi Termiz tumani pensiya jamg‘armasi boshlig‘i.

Sattor Daminov o‘z so‘zlarini tasdiqlatish maqsadida jamg‘armaning ijro-intizom masalalari bo‘yicha mutasaddisini Ozodlik muxbiri bilan suhbat uchun taklif qildi. O‘zini Gulzor, deb tanishtirgan mutasaddi ayol ham tashkilot boshlig‘ining xodimlarga jismoniy bosim o‘tkazishiga doir iddaolarni rad etidi, lekin Sattor Daminov intizom va topshiriqlarning bajarilishi masalasida talabchan rahbar ekanini ta‘kidladi.

- Ish paytida gapirishlar bo‘ladi. Topshiriqlar bajarilmagan paytda tanbeh beriladi-da “bajaringlar ishlaringni”, degan ma‘noda. Boshliq baribir aytadi-da vazifalarni bajarish kerakligini. Boshliq bo‘lganidan keyin xodimlardan talab qiladi-da,- dedi pensiya jamg‘armasi mutasaddisi.

Termiz tumani pensiya jamg‘armasi boshlig‘i ikki kun avval qaysi xodimlarga “baqir-chaqir” qilganini ochiqlashni va yoki Ozodlik muxbirining ulardan birortasi bilan muloqot qilishiga imkon berishni istamadi.

O‘zbekistonda hokimiyat vakillari va davlat idoralari rahbarlarining o‘z qo‘li ostidagilarga nisbatan zo‘ravonlik qilishi tez-tez uchrab turadi. Ko‘pincha bunday holatlar fojia bilan tugaydi.

Shu oy boshida Andijon viloyatining Izboskan tumanida hokimiyat vakillari tomonidan tahqirlangan fermer o‘z joniga qasd qilgani haqida Ozodlik xabar berdi. 2 iyul kungi voqeada 29 yashar fermer Nodirbek Haydarov majlisda hammaning oldida tuman hokimi va prokurordan qattiq gap eshitishi ortidan, hokimlik binosidagi hojatxonada o‘zini osib qo‘ydi.

May oyida esa, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi mahalliy maktabda 7-sinf o‘quvchisi maktab direktori tomonidan uyaltirilishi ortidan o‘zini osgan edi.

O‘zbekistonda, ayniqsa paxta yig‘im-terim mavsumi bilan bog‘liq vaziyatlarda hokimiyat vakillari fermer va dehqonlarni haqoratlashi va kaltaklashi holatlari odat tusiga kirgan.

XS
SM
MD
LG