Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:40

Tojikistonda “Dushanbening ayiq odami”ga haykal o‘rnatishmoqchi


Talabshoh Shayxov va uning ayig‘i Mariya.
Talabshoh Shayxov va uning ayig‘i Mariya.

Tojikistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Dushanbe ko‘chalarini 20 yildan ko‘proq kezib, odamlarning ko‘nglini ovlagan “ayiq odam” Talabshoh Shayxov va uning ayig‘i Mariyaga haykal o‘rnatish uchun mablag‘ to‘plash niyatidalar.

Talabshoh Shayxov “Dushanbening ayiq odami” nomi bilan mashhur edi.

Oq soqolli Shayxov va uning ayig‘i Mariyani Tojikiston poytaxti ko‘chalarida 20 yildan oshiq vaqt davomida ko‘rish mumkin bo‘lgan. Oqsoqol va ayiq shahar ko‘chalarida sayr qilgan, suratlarga tushgan, hatto jamoat transportidan foydalangan.

Endilikda tojik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “ayiq odam” Shayxov va Mariyaga haykal o‘rnatish uchun mablag‘ to‘plash niyatidalar. Shayxov ham, Mariya ham 2013 yilda qazo qilgan.

Facebook foydalanuvchisi Xosiyat Nazarali: “Men ularni eslayman. Talabalik davrimda shahar markaziga ularni ko‘rish uchungina borardim. Ularga haykal qo‘yish ajoyib fikr, chunki Dushanbening ushbu g‘ayrioddiy va o‘zgacha turg‘unlari haqida bolalarimiz ham bilishini xohlaymiz”, deb yozdi.

“Ha, ular Dushanbening o‘ziga xos fazilati edi. Men mablag‘ to‘plash g‘oyasini qo‘llayman!” deb yozdi Aleksey Loginovskiy.

Boshqa yuzlab foydalanuvchi ham bu tashabbusni qo‘llashini bildirdi.

Tojik matbuotiga bergan intervyulari davomida Shayxov Mariyani ilk bor 1990-yillar boshida qo‘shnisinikida ko‘rganini aytgan. O‘sha paytda onasini ovchilar o‘ldirgan ayiqcha olti haftalik bo‘lgan.

Qo‘shnisi ayiqchani sotmoqchi bo‘lgan. Shayxov esa uni bir echkiga almashgan va uyiga olib ketgan.

Shayxov ayiqchaga o‘sha paytda rus telekanalida juda mashhur bo‘lgan serial qahramoni nomini bergan.

Mariya idishchadan sut ichib, keyinchalik Shayxovning “boshqa 13 bolasi” yegan ovqatni bo‘lishib katta bo‘lgan. Shayxovning uyi Tojikiston shimolidagi Jirgatol tumaniga qarashli Yalash qishlog‘ida bo‘lgan.

Ammo Mariyaning tobora kuchayib borayotgan ishtahasi egasi uchun muammo bo‘la boshlagan. Shayxov ayig‘ini erkalab, “qizim” deb atagan.

Bergan intervyularining birida Shayxov Mariya kuniga 10-12 kilogramm ovqat iste‘mol qilishini aytgan.

Shayxov oilasi va qishlog‘ini ortda qoldirib, Dushanbega ko‘chib borgan va ayiqdan xarajatlarini qoplash uchun foydalana boshlagan.

Shahar turg‘unlarining aytishicha, Mariya oldinga o‘mbaloq oshib, bolalarni yelkasiga mindirib o‘ynatgan. Egasi esa ayiqni jilovidan ushlab, nazorat qilib turgan.

Shayxov va Mariya Dushanbeda shuhrat qozongan. Shaharda ularning birga avtobusda ketayotganini, ovqatlanayotganini yoki gavjum ko‘chadan ehtiyotkorlik bilan o‘tayotganini ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Intervyularidan birida Shayxov hatto prezident Emomali Rahmon uni ayig‘i bilan Navro‘z bayrami tadbiriga taklif qilganini, prezident unga 200 dollar to‘laganini aytgan.

Hamma ham Shayxovni qo‘llamagan: ayrimlar uni hayvonlarga shafqatsiz munosabatda ayblagan.

Facebook foydalanuvchisi Lesya Marenkova: “Bechora hayvon. Uning jilovidan qanaqa qilib tortganini eslayman”, deb yozdi.

Shayxov vafot etganida 80 yoshlarda bo‘lgan. Mariya esa egasi vafotidan ikki oy o‘tib o‘lgan.

Yana bir Facebook foydalanuvchisi Taxmina Safarova: “Biz ularga haykal qo‘yishimiz zarur”, deya fikr bildirdi. Safarova fikricha, “odamlarga buncha baxt va xursandchilik hadya qilganlarni yodda tutish kerak”.

Farangiz Najibulla qalamiga mansub ushbu maqola Nodir Atayev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG