Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:35

O‘z-TV WhatsApp, Telegram, Facebook foydalanuvchilarini ogohlantirdi​


"O‘zbekiston" telekanalida ijtimoiy tarmoqlarning xalq zehniyati, yoshlar ruhiyati va milliy mustaqillikka tahdididan ogohlantirilgan "Nigoh" nomli ko‘rsatuv namoyish qilindi. WhatsApp, Telegram, Messenger, Viber, Odnoklassniki, Facebook kabi tarmoqlar nomi keltirilgan ko‘rsatuvda yoshlarni "qullikka soluvchi" tarmoqlar zararidan saqlash yo‘llari taklif qilindi.

"Ijtimoiy tarmoqlar xalqni qo‘rquvga soladi"

"O‘zbekiston" telekanali orqali 14 iyul oqshom praym-taym vaqtida namoyish etilgan "Nigoh" ko‘rsatuvida mamlakatda ommalashib ketgan ijtimoiy tarmoqlarning xavfidan ogohlantirildi.

Ko‘rsatuvda axborot texnologiyalari mutaxassisi o‘laroq ishtirok etgan Shuhrat Sattorov tadqiqotlar natijalariga tayanib, ijtimoiy tarmoqlarning xalqni muttasil ravishda "qo‘rquvda saqlab turishi, yurak hovuchlab yashashi"ga sabab bo‘lishini ta‘kidladi:

"Ijitmoiy tarmoqlar xalqni yurak hovuchlab yashashiga, qo‘ruv, xavotir bilan yashashiga olib kelishiga boshlayotgan ekan. Aynan yoshlarga ta‘siri o‘rganilganda, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi yoshlarning aksariyatida manmanlik, kibru havo, xudbinlik kabi illatlarning mavjudligi va shu bilan birgalikda, maydakashlik, jinoyatga moyillik, o‘zini yashirish orqali jinoyat qilish illatlarining paydo bo‘layotgani ham kuzatilgan", deb ta‘kidladi mutaxassis.

Ayni paytda, mutaxassis ijtimoiy tarmoqlarning xalqni qo‘rquv va vasvasaga solishi aniqlangan tadqiqotlarni qay manbalardan olgani haqida to‘xtalmadi.

WhatsApp, Telegram, Messenger, Odnoklassniki, Facebook

Ijtimoiy tarmoqlar sirasida, ko‘rsatuv ishtirokchilari, WhatsApp, Telegram, Messenger, Viber, Odnoklassniki, Facebook kabi tarmoqlar nomini sanab o‘tdilar.

Ayni tarmoqlar so‘nggi bir necha yil ichida o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilari orasida keng tarqalgan va global tarmoqdagi asosiy muloqot vositalaridan biriga aylanib ulgurgan.

Bu tarmoqlarning, aslida, kundalik fikr va axborot almashinuv vositasi ekani ham birrov eslatilgan ko‘rsatuvda ishtirokchilar xalqni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq zararlardan ogohlantirdilar.

"Behayo suratdagi qizning ota-onasi qayda?"

Jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shodiya Abduqodirova WhatsApp, Telegram va Facebook kabi tarmoqlarda o‘zbek qizlarining bahayo suratlari ota-onalar nazaridan chetda qolayotganini ta‘kidladi:

"Eng achinarli tomoni shundaki, aynan bizning o‘zbek qizlarimizning ochiq-sochiq ahvolda o‘zini-o‘zi rasmga olib yoki deylik, boshqalar tomonidan olingan suratlari bemalol, o‘zlarining ishtirokida saytga joylanmoqda. Bu - fojea", deya baho berdi mamlakatda xizmat ko‘rsatgan artist.

Bu munosabat yangragach, ko‘rsatuvda pornografik surat va videolarni tarqatish hamda ijtimoiy tarmoqlarda alohida shasxlarning shaxsiyatiga doir ma‘lumotlar tarqatish, haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik borligiga ishorat berildi.

So‘ngra esa tarmoqlarda nomi chiqqan gurhlar, deya "Vachach", "Pornografia", "Red Bull", "Qaroqchilar", "XXX" nomlari sanab o‘tildi.

"Tarmoqdagi yoshlar xotini/eridan qoniqmaydi"

Ko‘rsatuvda tarmoqlarning o‘zbek xalqi ma‘naviyatiga salbiy ta‘siri ham alohida ta‘kidlandi. Eng ko‘p so‘z olgan axborot texnlogiyalari bo‘yicha mutaxassis yosh oilalarga tug‘ilgan yana bir xavfni keltirdi:

"Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan yosh oilalarning 80 foizi oilasiga nisbatan qanoatsiz. Qoniqmaydi, o‘z oilasidan, o‘z turmush o‘rtog‘idan. Chunki, ular ko‘chada nima bo‘layotganini bilib turibdi", deb ta‘kiladi mutaxassis.

"Ijtimoiy tarmoqlar zinoga eltuvchi yo‘ldir"

Uning ta‘kididan so‘ng so‘z berilgan din peshvosi - "Shayx Ziyovuddin" masjidi imom-xatibi Erdon Esonov esa tomoshabinlarni zinoga eltuvchi yo‘llardan ogohlantirdi:

"Olloh taolo Qur‘oni Karimda" Zinoga yaqinlashmang!" deganlar. "Zino qilmang!" emas, "Zinoga yaqinlashmang!" Bu degani, zinodan saqlaning, bu o‘ta pastkashlik, o‘ta buzuqchilik va zinoga olib boradigan yo‘llarga ham yaqinlashmang, degani. O‘sha pornografik suratlarni tarqatish, uni tamosho qilish ...", deb ta‘kidladi imom-xatib.

Ko‘rsatuv so‘nggida Internet foydalanuvchilari o‘rtasida ommaviyligicha qolishi muqarrar ekaniga urg‘u berilgan ijtimoiy tarmoqlardan yoshlarni himoya qilishga oid tavsiyalar yangradi.

"Yoshlarni va‘z bilan tarmoqdan chiqarolmaysiz"

Pedagog sifatida taklif qilingan ishtirokchi, yoshlarga tarmoqlarning zararli oqibatlarni ob‘ektiv, konkret misollar vositasida tushuntirish zarurligi, pandu nasihat, va‘z metodikasidan voz kechish kerakligini ta‘kidladi.

Huquqshunos sifatida taklif qilingan ishtirokchi esa xalqda ma‘naviy immunitetni rivojlantirish fikrini ilgari surdi.

"Internetga filьtr o‘rnating!"

Biroz muqaddam ayni mavzuda efirga uzatilgan davra suhbatida yosh ishtirokchilardan biri Internetdagi axborot oqimini g‘alvirdan o‘tkazib, keyin foydalanuvchilarga uzatish fikrni tilga olgan edi:

"Alohida so‘zlarga filьtr o‘rnatish kerak, masalan, o‘sha so‘z bor matnlarni provayder avtomatik ravishda blok qilib qo‘yadigan dasturlardan foydalanish kerak", deb ta‘kidlagan edi yoshgina qiz O‘zbekiston rasmiy televideniyesida Internet va undagi ijtimoiy tarmoqlarning xavfi borasida qurilgan davra suhbatida.

Uz-TV radikalizm va buzuqchilikdan qo‘rimoqda

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston rasmiy televideniyesida aholini "terrorizm, radikalizm, buzuqchilik, ahloqsizlik, tashqi kuchlar ta‘siri"dan himoya qilishga qaratilgan turkum ko‘rsatuvlar namoyish qilinmoqda.

Ana shunday ko‘rsatuvlardan so‘nggisida Suriyaga ketayotgan jihodchi o‘zbek ayollari mavzui tilga olingan va o‘zbekistonliklar "intim jihod"dan ogohlantirilgan edi.

Yana bir ko‘rsatuv "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘iga bag‘ishlangan va unda bu tarmoqdan yoshlarga keladigan zararli oqibatlardan ota-onalar va ta‘lim muassasalari xodimlari ogohlantirilgan edi.

Toliblarga uyali telefondan foydalanish cheklangan

Xususan, ta‘lim muassasalari - maktab, litsey, kollej va oliy ta‘lim dargohlarida uyali telefon, noutbuk va tabletlardan foydalanish cheklangan.

O‘zbekiston hukumatining 2012 yilning 21 maydan e‘tiboran kuchga kirgan nizomiga asosan, ta‘lim dargohlarida uyali telefonni cho‘ntakda olib yurish yoki bo‘yinga osib olish qat‘iyan man qilinadi.

Shuningdek, “telefon yordamida atrofdagilarga zo‘ravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targ‘ib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish”, “zo‘ravonlik va vandalizm holatlarini suratga olish va keyinchalik ularni atrofdagilarga namoyish etish” orqali o‘quv yurti obro‘siga putur yetkazish taqiqlanadi.

XS
SM
MD
LG