Линклар

MXX generali Hayot Sharifxo‘jayev hibsga olindi, ukasi esa "raskrutka" qilindi​


Hayot Sharifxo‘jayevning noma‘lum rassom chizgan surati.

Hayot Sharifxo‘jayevning noma‘lum rassom chizgan surati.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisining o‘rinbosari¸ MXX shaxsiy tarkib xavfsizligini ta‘minlovchi nazorat xizmatining boshlig‘i, Hayot Shavkatovich Sharifxo‘jayev, qamoqqa olingan. Mamlakat boshqaruv elitasiga yaqin va bir-biridan mustaqil ikki manbaning Ozodlikka ma‘lum qilishicha¸ general Hayot Sharifxo‘jayev bundan bir hafta ilgari qo‘liga kishan solinib, uyidan xalq orasida "Gvardeyskiy" deb ataladigan qamoqqa olib ketilgan.

General Sharifxo‘jayev va uning ukasi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani "jazolash ma‘rakasi" boshida turgan mulozimlar sifatida ko‘riladi.

Manbalarga ko‘ra, hibsga olish paytida sobiq SNB mulozimi qarshilik ko‘rsatmagan.

52 yoshli Sharifxo‘jayev o‘tgan oy ishdan olinib, Toshkent Oliy MXX maktabiga oddiy o‘qituvchi qilib yuborilgan va tergov ostida edi.

Hayot Shavkatovich ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida uning uyida bir necha bor tintuv o‘tkazilganidan keyin, general korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha gumonlanib, ehtiyot chorasi sifatida sudgacha hibsga olingan. Yuqori rutbali mahbus SNBning SIZOsida bir kishilik kameraga qamab qo‘yilgan,” dedi Ozodlik manbalaridan biri.

Bundan oldin Ozodlik manbalari tintuv paytida sobiq general uyidan tasviriy san‘at asarlari va qadimiy qo‘lyozma kitoblar topilganini bildirgan edi.

Ozodlik bilan bog‘langan va o‘zini Hayot Sharifxo‘jayevdan jabr ko‘rgan mazlum sifatida taqdim qilgan manba iddaosiga ko‘ra, “sobiq MXX raisi o‘rinbosari mahkumlarni noinsoniy qiynagani uchun O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyayev tashabbusi bilan" qamoqqa olingan.

Ikkita IIV xodimi va bitta prokurorni qamab, ularni, tez bo‘yniga olsin deya, qiynoqqa solgan. Qiynalganlar yaqinlarini Mirziyayev qabul qilib, Hayot Sharifxo‘jayevni jazolash masalasini ko‘targan,” dedi mazkur manba.

Ozodlikning mamlakat boshqaruv elitasiga yaqin yana bir manbaning aytishicha¸ Hayot Sharifxo‘jayev va uning ukasi, MXXning korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Javdat Sharifxo‘jayevlar "muammolari o‘tgan yili boshlangan”.

"Iyulь jaziramasida Hayot Sharifxo‘jayevni o‘zi ishlagan MXX podvalidagi o‘ta xavfli jinoyatchilar saqlanadigan kameraga qamalishi o‘tgan yildan beri kutilayotgan voqea edi. Sal oldin ayni podvalga Hayotninng ukasi, MXX polkovnigi Javdat Bekoboddagi koloniyadan olib kelindi va qayta so‘roq qilinib, "raskrutka" qilindi. Unga yana to‘rt yil qo‘shib berildi¸" deya iddao qildi Ozodlik manbasi.

Uning ilova qilishicha¸ joriy yil boshida sud hukmi bilan 15 yilga qamalgan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi sobiq boshlig‘i, Ibrohim Dehqonboyev, ham Hayot Sharifxo‘jayevga qarshi ko‘rsatma bergan.

O‘tgan yilning avgust oyida hibsga olingan MXX polkovnigi bilan birga u tashkil qilgani aytilayotgan guruhga aloqadorlik gumonida yana o‘nlab odam qamalgan edi.

"Tabiiy jarayon"

Ozodlikning yana bir manbasi esa “Hayot Sharifxo‘jayev turma loxmachlari ko‘magida mahbuslarni o‘ta noinsoniy tarzda qiynagani faktlari bo‘yicha ayblov ochilganligini” ta‘kidladi.

Unga ko‘ra¸ general Hayot Sharifxo‘jayev ishdan olinishi “keyingi bir yil ichida Milliy Xavfsizlik Xizmatining o‘nlab nufuzli zobitlari ishdan olinib, uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilishi ortidan kutilgan tabiiy jarayondir.

"Jinoyat olamida Husan Moskovskiy deya tanilgan avtoritet ham qamoqqa olingach, eng avvalo Hayot Sharifxo‘jayevga qarshi ko‘rsatma bergan¸" dedi bu manba.

O‘tgan oyda Hayot Sharifxo‘jayevning "tug‘ishgan jiyani" O‘zbekiston Adliya vazirligi Sud departamenti Toshkent shahar hududiy boshqarmasining sobiq boshlig‘i Jahongir G‘ulomov hibsga olingan edi.

Ozodlik o‘tgan yili qamoqqa olingan o‘ndan ortiq MXX zobitlarining hozirda ishdan chetlashtirilgan MXX generali Hayot Sharifxo‘jayevga aloqador ekaniga doir maqolani nashr etgan edi.

Ichki kurash

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ bu voqeani MXXning yana bir generali Shuhrat G‘ulomov boshqarayotgan guruhning g‘alabasi sifatida malakalash mumkin.

Sobiq MXX xodimiga ko‘ra¸ keyingi bir yildan ortiq vaqt ichida MXXning ikki generali – Hayot Sharifxo‘jayev va Shuhrat G‘ulomovlar boshqarayotgan ikki guruh MXXda ustuvor mavqega ega bo‘lish uchun kurash olib borgan.

Iddao qilinishicha, Hayot Sharifxo‘jayev guruhi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri, Shavkat Mirziyoyevning manfaatlarini himoya qilgan.

Yana bir MXX generali Shuhrat G‘ulomov esa, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tarafdori ekani aytiladi.

yovlashayotgan bu ikki generalning 2005 yil 13 may kuni Andijonda yuz bergan isyonni bostirish paytida rahbariyat nazariga tushib¸ mansab zinapoyalaridan ko‘tarilgani haqida ma‘lumotlar bor.

Hayot Sharifxo‘jayev O‘zbekiston mustaqilligining 16 yilligi munosabati bilan “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan edi.

U MXX zobitlari va turli pog‘onadagi rahbarlar haqida kompromatlarga ega bo‘lgan ikkinchi rahbar hisoblangan.

O‘z ismi sir qolishini istagan MXX sobiq xodimlaridan birining mikrofonsiz suhbatda aytishicha¸ xavfsizlik xizmatining barcha xodimlari, birinchi navbatda, Sharifxo‘jayevdan, undan keyin esa MXX Raisi Inoyatovdan qo‘rqqanlar.

Ozodlik suhbatdoshlari nazarida, “qudratli” Sharifxo‘jayev MXXning yana bir generali G‘ulomov tarafidan “ustalik bilan olib borilgan taktik” kurash qurboni bo‘lgan.

MXX generali Shuhrat G‘ulomov o‘z faoliyatini Surxondaryo viloyati MXX boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan boshlagan.

MXX va Xavfsizlik kengashida u Afg‘oniston va Tojikiston bo‘yicha mutaxassis hisoblangan.

2005 yilda Andijon shahrida norozilikni bostirish amaliyotidan so‘ng G‘ulomov Islom Karimovning e‘tiboriga tushgani aytiladi.

General G‘ulomov Andijon fojialaridan so‘ng "O‘zbekiston qahramoni" unvoniga sazovor bo‘lgan.

Ortiqcha g‘ayrat

O‘tgan yili prezidentning qizi, Gulnora Karimova, Turkiyaning “Hurriyat” nashriga bergan intervyusida Hayot va Javdat Sharifxo‘jayevlarning korrupsiyaga arlashganini ta‘kidlagan edi.

Sal o‘tib Gulnora Karimova Bilan jurnaliga bergan intervyusining to‘liq varianti deb taqdim qilingan matn ham MXX raisining o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jayevning korruptsion oldi-berdilarini “fosh qiladi”.

Ozodlik manbalari Gulnora Karimova Twitter-da qolidirgan yozuvlar va matubuotga bergan intervьyularida ismi zikr bo‘lgan mulozimlarning ishi “chappa ketyotgani”ga e‘tibor qaratadi.

MXX sobiq xodimiga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidentiga tegishli mol-mulklarni musodara qilish jarayonida qatnashgan mulozimning qamoqqa olingani ko‘p narsaga ishora qiladi.

Qamoqda so‘roq qilinayotgan Jahongir G‘ulomov aka-uka Hayot va Javdat Sharifxo‘jayevlar bilan birgalikda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli mol-mulklarni musodara qilish jarayonida qatnashgani bir fakt. Yana bir fakt - Jahongirning Hayot Sharifxo‘jayevga qarindosh bo‘lgani. Qarang, bu qarindoshlar atigi bir yilcha oldin Gulnora Karimovani jazolashda ishtirok etgandi. Bugun bu qarindoshlarning uchalasi ham qamoqda, Darvoqe, o‘tgan oy ishdan olingan Rashidjon Qodirov (sobiq bosh prokuror-tahr.) O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizini uyushgan jinoyatchilika aloqador, degan hujjatlarni chiqargandi”, - deydi MXX sobiq xodimi.

Uning taxminicha, Gulnora Karimovaga qarshi tadbirlarda ishtirok etgan mulozimlarning ortiqcha g‘ayrat ko‘rsatgani “kimgadir yoqmagan bo‘lishi mumkin”.

XS
SM
MD
LG