Линклар

logo-print

Ukrainada minaga uchragan o‘zbekistonlik shifoxonaga yotqizildi


O‘zbekistonlik temiryo‘l relsi orqali Rossiyaga piyoda borishni rejalashtirgan.

O‘zbekistonlik temiryo‘l relsi orqali Rossiyaga piyoda borishni rejalashtirgan.

19 iyul kuni Ukrainaning Lugansk viloyatida O‘zbekiston fuqarosi minaga uchrab, yaralandi. Hozirda shifoxonaga yotqizilgan o‘zbekistonlik temiryo‘l relsi orqali Luganskdan Rossiyaga piyoda borishni rejalashtirgan ekan. Uning yonida haydovchilik guvohnomasidan boshqa birorta ham hujjati bo‘lmagan.

Minaga uchgan o‘zbekistonlik

Voqea yakshanba kuni kechqurin Stanichno-Lugansk tumani hududidagi temiryo‘lda yuz bergan.

Lugansk viloyat harbiy-fuqaroviy ma‘muriyati tarqatgan xabarga ko‘ra, o‘zbekistonlik temiryo‘l relsidan ketayotgan payti mina simi tortilgan joyga duch kelgan.

"Yakshanba kuni temiryo‘l relsi orqali Rossiyaga bormoqchi bo‘lgan, lekin minaga uchragan O‘zbekiston fuqarosi Stanichno-Lugansk tumani hududiy tibbiy bo‘limiga yotqizildi", deyiladi rasmiy xabarda.

O‘zbekiston fuqarosining yonida faqat haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan.

Stanichno-Lugansk tumani harbiy ma‘muriyati mas‘uli Ozodlik bilan suhbatda minaga uchragan o‘zbekistonlikning millati rus, ism-sharifi Smirnov Aleksandr Ivanovich ekanini aytdi.

Ozodlik iltimosiga ko‘ra, mas‘ul Smirnov yotgan shifoxona bilan bog‘lanib, uning ahvolini o‘rgandi:

"Uning ahvoli yaxshi. Shifokorlar bilan gaplashdim. O‘lmaydi, yashaydi deyishdi", dedi Stanichno-Lugansk tumani harbiy ma‘muriyatining mas‘uli.

Kiyevdagi O‘zbekiston elchixonasidan ushbu voqea bo‘yicha biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik muxbiri 20 iyul kuni elchixonaga bir necha bor bog‘landi, biroq Smirnov voqeasi bo‘yicha savollariga javob ololmadi.

Minalashtirilgan hududda o‘zbekistonlik nima qilayapti?

Stanichno-Lugansk tumani harbiy ma‘muriyati mas‘uliga ko‘ra, Smirnov tergovchilar bilan suhbat chog‘ida temiryo‘l relsi orqali Luganskdan piyoda yurib, Rossiya hududiga o‘tmoqchi bo‘lganini aytgan.

"U Luganskdan temiryo‘l orqali yurib, Rossiyaning chegaradagi eng yaqin qishloqlaridan biriga o‘tishni rejalashtirgan. Biroq, Stanichno-Lugansk tumanining Kondrashova qishlog‘ida minaga uchragan va mina parchasidan jarohatlangan", dedi harbiy ma‘muriyat mas‘uli.

Lugansk viloyat harbiy-fuqaroviy ma‘muriyati rasmiysi Yuriy Klimenkoning matbuotga aytishicha, Luganskning voqea yuz bergan hududidagi temiryo‘llarda poyezdlar qatnovi to‘xtatilgan.

Boisi, Klimenkoga ko‘ra, bu hududlarda temiryo‘llar va avtomobil yo‘llari rossiyaparast ayirmachilar tomonidan minalashtirilgan.

Hozirda Smirnovning qanday qilib bu hududga borib qolgani, nima maqsadda Ukrainaga kelgani va Luganskda nima qilib yurganini harbiy prokuratura xodimlari o‘rganmoqda.

Smirnovning ayirmachilarga aloqasi bor yoki yo‘qligi ham tekshirilayotgani aytildi.

Ayirmachi va hukumat tarafdori bo‘lgan o‘zbeklar

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, mamlakat sharqida ayirmachilar safida jang qilayotganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor, ularning​ asosiy qismi Rossiya maxfiy idorasi xodimlari va harbiylari tomonidan “verbovka” qilinmoqda.

Ayni paytda Ukraina harbiylari tomonida turib, ayirmachilarga qarshi kurashayotganlar orasida ham o‘zbeklar talaygina.

Shulardan biri Ukraina Mudofaa vazirligi qoshidagi “Aydar” ko‘ngillilar batalyoni safida turib, o‘n oydan beri ayirmachilarga qarshi kurashayotgan o‘zbekistonlik Shavkat Muhammaddir.

- "Aydar" batalyonida men taniydigan o‘zbekistonlik olti kishi bor. Ular orasida kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lgan rus, koreys millatidagilar bor. Keyin "Donbass" batalьonida ham o‘zbeklar bor. Keyin o‘zbeklar "Azov" batalyonida ham bor deb eshitdim. Lekin ularni hali o‘zim ko‘rmadim. Eshitganim, "Azov" bilan "Donbass"da to‘rtta o‘zbek bor. Ukraina tomonida jang qilayotganlardan o‘tgan yili bir o‘zbek yigiti o‘lgan. Lekin u Ukraina fuqarosi. Keyin "Aydar" batalyonidagilar aytishdi, ikkita o‘zbekni asirga olgan. O‘tgan yilning noyabrida asirga olgan. Razvedkachilar tutgan ularni. Ularni artillerist deyishdi. Shu artilleristlarni tutgan joyida otib o‘ldirishgan,- dedi Shavkat Muhammad.

Hozirda Ukrainadagi ayirmachilar safidagi o‘zbeklar soni ham, ayirmachilarga qarshi kurashayotgan o‘zbeklarning qanchaligi ham ma‘lum emas.

XS
SM
MD
LG