Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:00

Rossiyada "Amnistiya-2015"ga o‘zbekistonliklar ham ilinishi mumkin​


Amnistiya qilinganlarning asosiy qismini hozircha ayollar tashkil etmoqda.
Amnistiya qilinganlarning asosiy qismini hozircha ayollar tashkil etmoqda.

Rossiya qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan muhojirlar Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 70 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan amnistiyaga davo qilishi mumkin. “Amnistiya-2015” aksiyasi qoidasiga muvofiq “engil” va “o‘rta og‘irlikdagi” jinoyat uchun jazo o‘tayotgan xorij fuqarolari avf etilish huquqiga ega bo‘ldi. Bu tadbir yarim yil davom etib, joriy yilning oktyabrida yakunlanadi.

2015 yilning aprel oyida Rossiya parlamenti Ulug‘ Vatan urushi G‘alabasi 70 yilligi munosabati bilan og‘ir bo‘lmagan moddalar asosida sudlangan fuqarolarga umumiy avfga davogarlik qilishga imkon yaratib beruvchi qarorni imzoladi.

Loyihani Dumaga olib chiqqan Rossiya prezidentining Dumadagi rasmiy vakili Garri Minx, eng avvalo, jangovar harakatlarda ishtirok etgan harbiylar va birinchi marta javobgarlikka tortilayotganlarga tegishli ekanini bildirdi.

- Amnistiya qilinayotgan shaxslar qatoriga Rossiyani qo‘lida qurol bilan himoya qilgan yoki boshqa xavfsizlik masalasi bilan jangovar harakatlarda ishtirok etganlar kiritiladi. Masalan, Afg‘oniston yoki Chechenistondagi urushlar ishtirokchilari. Shuningdek, voyaga yetmagan bolalar, ayollar, keksalar va invalidlar ham shular qatorida, ta‘kidlagan edi Garri Minx.

Rossiyadagi “Yoshlar” harakati mamlakatning turli mintaqalarida faoliyat yuritayotgan o‘zbek diasporalari va madaniy markazlarini qamoq jazosini o‘tayotgan markaziy osiyolik muhojirlar, xususan O‘zbekiston fuqarolariga amnistiyaga hujjat topshirish bo‘yicha aktsiyaga faolroq qo‘shilishga chaqirmoqda.

Harakat rahbari Maxsud Abdujabborov Ozodlik bilan suhbatda bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi mahbusxonalari va koloniyalarida 65343 O‘zbekiston fuqarosi, yana 7640 nafari tergov izolyatorlarida qolayotganini ta‘kidladi.

- Ulug‘ Vatan urushi G‘alabasi 70 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan “Amnistiya-2015” yarim yilga mo‘ljallangan. Unga 40-qa yaqin moddalar, jumladan hatto “qotillik” moddasining 1 qismi ham kiritilgan, lekin asosan “yengil” va “o‘rta yengillikdagi” moddalar. Vujudga kelgan katta muammomiz – bu amnistiya faqat Rossiya fuqarolariga nisbatan qo‘llanilmoqda. Duma kiritgan qoidaga ko‘ra, avf dasturiga davogarlik qilish uchun kimdir tashabbuskor bo‘lishi va ariza yozishi shart. Ariza bilan mahbusning o‘zi yoki oila a‘zolari yoki advokati chiqishi mumkin. Ariza sud jarayonida, qamoqxona rahbari yoki tergovni olib borayotgan xodim nomiga yoziladi. Afsuski, bu haqda eshitmagan va bilmaysdan qolgan xorijliklar uchun 3 oy vaqt qoldi uni amalga oshirishga, dedi Maxsud Abdujabborov.

Huquq faoli bugungi kunga kelib minglab sudlangan muhojirlardan atigi 30 o‘zbekistonlikka ularning iltimosi bilan amnistiyaga ariza hozirlashda ko‘maklashayotganini bildirdi.

Maxsud bugunga kelib ayrim mintaqa diasporalari va huquq himoyasi tashkilotlari bilan hamkorlikda Amnistiya-2015 huquqidan ko‘proq muhojir foydalanishiga imkon yaratish ustida ish olib borayotganini bildirdi.

Suhbatdosh sudlangan o‘zbeklar ko‘p hollarda na advokat va na ular huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi qarindoshlarga ega, deya davom etadi.

- Markaziy va Shimoli-G‘arbiy okruglar bo‘yicha allaqachon juda faol ish olib borayotgan komanda ishga tushdi. Amnistiya butun Rossiyaga qo‘llanilgan. Sud ayniqsa biror ish beruvchi tashkilot yoki shaxsning kafilligini olgan shaxslarga muddatdan oldin avf e‘lon qilishi mumkin. Ammo bunday holatlar juda kam! Shu sababli, biz Rossiyaning har bir mintaqasida faoliyat yuritayotgan diaspora vakillarini “Amnistiya-2015”da ishtirok etishga da‘vat etamiz. Axir amnistiyaga turli imtiyozlarga, davlat mukofotlari yoki xizmatlarga ega, ko‘p bolali o‘zbekistonliklar ham davogarlik qilishlari mumkin, dedi u.

Maxsud Abdujabborov umumiy avf aktsiyasida ishtirok etish istagida bo‘lgan mahbuslar va ayblanuvchilar o‘zining to‘liq ismi-sharifi, qayerda jazo o‘tayotgani yoki tergov qilinayotgani, qaysi moddalar asosida sudlangani yoki tergov qilinayotgani to‘g‘risida ma‘lumotlarni berishi shartligini ko‘rsatdi. Bunga javoban tashkilot yuristlari qanday va qayerga murojaat qilish kerakligi borasida har bir vaziyat yuzasidan batafsil tushuntirish berishlarini bildirdi “Yoshlar” vakili.

O‘z himoyachisi yoki boshqa rasmiy vakiliga ega bo‘lmagan o‘zbekistonlik tashkilot advokatlariga berilgan ishonchnoma asosida o‘z haq-huquqlarini himoya etishlari mumkinligi ham aytildi.

“Yoshlar” harakati boshlig‘i Rossiya qamoqxonalari va tergov izolyatorlarida qolayotgan yaqinlariga ko‘mak berishni xohlovchilarni +7 960 255 81 64 telefoni yoki amnistia2015@rambler.ru elektron manziliga xabar yuborishlarini so‘radi.

Rossiya Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi ochiqlagan ma‘lumotlarga ko‘ra, bugunga kelib G‘alabaning 70 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan umumiy avf bo‘yicha allaqachon 155 ming 413 kishi kishi ozod etilgan. Ulardan 4600 nafari tergov izolyatorlari, 20 mingi esa koloniyalardan chiqarilgani ma‘lum bo‘ldi.

Rossiya hukumati rejalaganidek, amnistiyaga tushganlarning asosiy qismini Chernobil AESidagi hakolatini bartaraf etish ishtirokchilari, voyaga yetmagan farzandlari bor ayollar, homiladorlar, sil va boshqa onkologiya kasalliklariga duchor bo‘lganlar hamda jangovar harakatlarda ishtirok etgan fuqarolar tashkil etdi.

“Amnistiya-2015” tashabbuschilari aktsiyaning 6 oyi davomida 400 mingga yaqin odam avf qilinishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

XS
SM
MD
LG