Линклар

Bir hafta avval Toshkentdagi turar va noturar joy ob‘ektlarini tekshirish jarayoni boshlandi. 20 avgustgacha davom etadigan taftishni militsiya, soliq, kommunal to‘lovlar kabi jami 10 ta soha vakillari olib bormoqda. Taftishchilarga aholining propiskasi va kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligini aniqlash topshirilgan.

Poytaxt xonadonlarini yoppasiga tekshirish Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov qaroriga ko‘ra boshlangan.

Toshkent mahallalaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hokim qarorini bajarish uchun har bir mahallada militsiya, soliq, mahalla qo‘mitasi, sanitariya-epidemologiya stantsiyasi, gaz, elektr va suv ta‘minoti bo‘limlaridan jami o‘n kishidan iborat maxsus guruh tuzilgan.

“Biz uyma-uy yurib shahar hokimining “Toshkent shahridagi turar va noturar joy ob‘ektlari hamda ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning monitoringini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorini bajarayapmiz. Monitoringni 20 avgustgacha tugallashimiz shart. Har bir uyni tekshirib, ularda yashayotgan shaxslar soni va ro‘yxatga olinmagan fuqarolarni aniqlayapmiz. Bir paytning o‘zida kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlarni ham aniqlayapmiz”, dedi Yunusoboddagi mahallalardan birining faoli.

Toshkent shahar hokimi qaroriga ko‘ra, taftishchilar guruhi ichki va tashqi migratsiya bo‘yicha hisob-kitobni ham aniqlashlari zarur.

“Kim Rossiyaga ketgan, kim Qozog‘istonda ishlayapti yoki o‘zimizda boshqa viloyatdan kelib Toshkentda ishlayotganlarning ham hisobini qilayapmiz”, dedi mahalla faoli.

Taftishchilar shahardagi bo‘sh turgan va egasi noma‘lum xonadonlarni aniqlab, ular ustidan nazorat o‘rnatish hamda noqonuniy ravishda ijaraga berilgan uylarni aniqlab, javobgarlarga chora ko‘rish masalasini ham ko‘rayapti.

Jumladan, poytaxtning Yashnaobod tumani Tuzel mahallasidagi 37 ta ko‘p qavatli uydan o‘ntasi 21 iyulgacha taftish qilingan. Mahalla faollariga ko‘ra, o‘nta uyda 78 nafar ro‘yxatdan o‘tmagan shaxs aniqlangan:

“78 kishi bilan hozir uchastka noziri shug‘ullanayapti. Keyin 19 ta xonadonda shartnomasisiz yashayotganlar aniqlandi. 9 ta uyni esa egasi yo‘q ekan. Ularni pechatlab qo‘ydik. Bu uylarni sotib olishgan, lekin egalari boshqa joyda yashaydi. Hammasi bilan uchastka noziri shug‘ullanadi”, dedi Tuzel mahallasi faoli mikrofonsiz suhbatda.

Taftishchilar guruhi zimmasiga shahardagi bo‘sh qolgan yoki qarovsiz turgan binolar, avtotransportlarni yuvish va ta‘mirlash, umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda ishlab chiqarish ob‘ektlarida noqonuniy yashab yurgan shaxslarni aniqlash va ularga chora ko‘rish vazifasi ham yuklatilgan.

Kuzatuvchilar poytaxt xonadonlarini yoppasiga monitoring qilinishini har yili Mustaqillik bayrami oldidan bo‘ladigan tekshir-tekshirlarga bog‘layapti.

Toshkent shahar hokimligi rasmiylari esa bu tadbir O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining bir yil avvalgi "Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorini bajarish yuzasidan amalga oshirilayotganini ta‘kidlayapti.

XS
SM
MD
LG