Линклар

Ohangaron konidan topilgan oltin izlovchilar jasadi 13 taga yetdi​


Ko‘chbuloq qishlog‘i yaqinidagi tashlandiq konga borish yo‘li.

Ko‘chbuloq qishlog‘i yaqinidagi tashlandiq konga borish yo‘li.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Ohangarondagi tashlandiq konida ro‘y bergan yong‘inda nobud bo‘lganlardan 13 nafarining jasadi olib chiqildi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, oltin qidiruvchilar boshqa tumanlardan ham kelgani sabab, o‘tgan hafta yong‘in chiqqan kon ichida yana qancha odam qolgani noma‘lum.

Toshkent viloyati Ohangaron tumanining Ko‘chbuloq qishlog‘i yaqinida joylashgan Olmaliq kon metallurgiya kombinatiga qarashli tashlandiq konda 13 iyul kungi portlash oqibatida nobud bo‘lganlardan 13 nafarining jasadi olib chiqilgan.

Bu xabarini tasdiqlagan Ozodlikning O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi manbasiga ko‘ra, tashlandiq kon ichida halok bo‘lganlar faqat Ko‘chbuloq qishlog‘idan emas, balki boshqa tumanlardan kelgan oltin izlovchilar bo‘lgan:

"Shu kungacha tashlandiq kondan 13ta jasad olib chiqildi. Ularning besh nafari Ohangaron tumanidan, 7 kishi Angren shahridan va yana bir kishi Qo‘qondan ekan. Ichkarida yana qancha odam qolgani noma‘lum. Bizning mutaxassislarimiz imkoni boricha ichkariga kirib, odam qidirishda davom etmoqda", dedi vazirlikdagi manba.

Mulozimning aytishicha, Ko‘chbuloq qishlog‘ida yashagan bir kishining jasadi olib chiqilgan.

Ozodlik 16 iyul kuni konda nobud bo‘lganlardan besh kishining jasadi olib chiqilgani haqida xabar bergan edi.

Ayni paytda, Angren shahri va Ohangaron tumanida tashlandiq konda o‘lganlar soni 50 kishidan ko‘p bo‘lishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar urchigan.

Ko‘chbuloq qishlog‘idagi manbaga ko‘ra, haqiqatan ham kon ichida qancha odam qolib ketgani haqida aniq ma‘lumot yo‘q:

“Gapning rosti, MChS konning ichkarisigacha kirib borgani qo‘rqyapti. Yana yong‘in chiqishi mumkin, yana bir balo bo‘lishi mumkin, deb. Jasadlarni ham, asosan, o‘lgan odamlarning yaqinlari olib chiqyapti. Konga kirish joyi militsiya va qo‘riqchilar tomonidan qattiq qo‘riqlanyapti. Lekin biz eshitgan xabarga ko‘ra, odamlar yashirincha yo‘llar bilan konga kirib, yaqinlarini topib olib ketishyapti. Bu esa rasman qayd etilmayapti”, dedi manba.

Manbaning aytishicha, mahalla oqsoqoli odamlarni bilib-bilmay, har qanday mish-mishlarni tarqatmaslik haqida ogohlantirgan.

Ko‘chbuloq qabristonida yangi qazilgan qabr

Ko‘chbuloq qabristonida yangi qazilgan qabr

Ozodlik ilgari xabar berganidek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Ko‘chbuloq qishlog‘i yaqinidagi tashlandiq konda 13 iyul kuni sodir bo‘lgan portlash oqibatida tuproq tagida o‘nlab odam qolib ketgan edi.

Oltin izlovchilar¸ aytilishicha¸ 16-30 yoshdagi yigitlar bo‘lgan.

Ozodlik manbalari bu fojeaning sodir bo‘lishiga oid ikki xil taxminni ilgari surgan edilar.

Birinchisi, fojia kombinatning tashlandiq konida oltin izlovchi raqobatchi guruhlar o‘rtasida chiqqan janjal oqibatida ro‘y bergan. O‘sha kuni joy talashib ikki guruh o‘rtasida janjalda mag‘lub bo‘lgan guruh kondan chiqayotganda konni mustahkamlab turuvchi ustunlarga o‘t qo‘ygan. Ichkarida qolgan odamlar tog‘ bosishi va zaharli tutundan dimiqib o‘lgan.

Ikkinchisi, kon ichkarisida texnika xavfsizligiga rioya qilmaslik natijasida yong‘in kelib chiqqan va oltin izlovchilar zaharli gazdan dimiqib o‘lgan.

Ozodlikning Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi manbasi ham ikkinchi taxmin haqiqatga yaqin ekanini aytdi.

Vaziyat bilan yaqindan tanishish uchun Ko‘chbuloq qishlog‘iga borgan mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning aytishicha, bo‘lib o‘tgan voqea haqida aniq ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmagan:

- Kun juda issiq bo‘lgani uchunmi biz qishloqqa kirib borganimizda ko‘chada odam juda kam edi. Mahalliy odamlar biz bilan suhbatdan qochdi, konning qo‘riqchilari esa bizda hech qanday ma‘lumot yo‘q, dedi. Lekin odamlarning nimadandir xavfsirab qo‘rqib turganiga guvoh bo‘ldik, deydi Aleksey Volosevich.

Ohangaron ichki ishlar bo‘limidan bu haqda ma‘lumot olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG