Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:20

O‘sh o‘zbek milliy markazi Azimjon Asqarovning kimligini bilmaydi​


Azimjon Asqarov Qirg‘izistondagi 47-sonli qamoqxona kamerasida.
Azimjon Asqarov Qirg‘izistondagi 47-sonli qamoqxona kamerasida.

AQSh Davlat departamenti O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan etnik o‘zbek inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovga mukofot bergani ortidan Qirg‘iziston Bosh vaziri Temir Sariyev AQSh bilan hamkorlik bitimini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. O‘zbek milliy madaniy markazi esa "Azimjon Asqarovning kimligini bilmaymiz, bilishni ham istamaymiz" qabilida bayonot tarqatdi.​

“Moskva ta‘sirida qabul qilingan qaror”

"Qirg‘iziston Respublikasi xalqining farovonligi yo‘lidagi gumanitar yordam, hamda iqtisodiy va texnik yordamlarni ko‘rsatishni yengillashtirish"ni ko‘zlovchi mazkur bitim 1993 yilning may oyida Vashingtonda imzolangan edi.

AQSh ushbu bitim doirasida Qirg‘izistonga yiliga bir necha o‘n million dollarlik gumantir yordamini yetkazib kelgan.

21 iyul kuni Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati Bosh vazir Temir Sariyev shartnomani shu yilning 20 avgustidan bekor qilish haqidagi qarorga imzo chekkani haqida ma‘lum qildi.

15 iyun kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi AQSh Davlat departamentining O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan etnik o‘zbek inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovga mukofot berish qaroridan norozilik bildirib, AQSh elchisiga nota topshirgan hamda Vashington bilan imzolangan hamkorlik shartnomasini bekor qilishini bildirgan edi.

Bishkeklik siyosatshunos Marat Kazakbayev Qirg‘iziston hukumati uchun 2010 yilgi O‘sh voqealarining qay tarzda baholanishi printsipial masala bo‘lgani uchun ham shunday qaror qabul qilingan, deb hisoblaydi.

- Azimjon Asqarov masalasi qirg‘iz tomoni uchun printsipial masaladir. Chunki sud tomonidan uning aybdorligi isbotlangan va u jinoyatchi deb hisoblanadi. Qirg‘izistonning AQSh bilan shartnomani bekor qilishi qiziqqonlik ortidan qabul qilingan qaror sifatida ham baholanishi mumkin. AQSh juda katta bosim ko‘rsatish resurslariga ega va bu resurslardan foydalanishi mumkin, - dedi Marat Kazakpayev.

Uning fikricha, AQSh bilan shartnomaning bir tomonlama bekor qilinishiga keyingi yillarda Qirg‘iziston hukumatining rossiyaparastlashayotgani ham turtki bo‘lgan.

Qirg‘iziston fuqarolik jamiyati vakillari orasida esa AQSh bilan shartnomaning bekor qilinishi ortida Moskva turibdi, degan fikr ustunlik qilmoqda.

- Biz Rossiyaga taqlid qilayapmiz. Rossiya avtoritar rejimga qadam tashlaganiga bir necha yil bo‘ldi. AQSh bilan shartnomaning bekor qilinishi demokratik tamoyillardan chekinish yo‘lidagi birinchi qadam sifatida baholanshi mumkin, - dedi taniqli huquq faoli Aziza Abdurasulova.

O‘zbek milliy madaniy markazi: “Azimjon Asqarovning kimligini bilmaymiz”

Bishkek AQSh bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilgani to‘g‘risidagi xabar tarqatilishi ortidan O‘shda bu voqea bilan bog‘liq yana bir ma‘lumot tarqatildi.

Qirg‘iziston milliy jamoatchilik televideniyasi saytida xabar berilishicha, O‘sh o‘zbek milliy madaniy markazida Azimjon Asqarovga AQSh mukoftoti berilishi masalasi muhokama qilingan.

“O‘zbek milliy madaniy markazlari Asqarov masalasida gaplashdik. Ma‘lum bo‘ldiki, birorta odam ham Asqarovni tanimas ekan. Uni huquq faoli sifatida ham hech kim bilmas ekan. AQShning yomon niyati shu yerda bilinib qoldi. Iroqda, Afg‘onistonda va Ukrainada nima bo‘layotganini bilamiz. Shuning uchun tinchlikda yashayotgan xalqlarimiz o‘rtasiga o‘t qo‘ygisi kelgan Amerikaning niyati oshkor bo‘ldi”, deb iqtibos keltirgan milliy telekanal O‘sh o‘zbek milliy madaniy markazi raisining o‘rinbosari Mahamadimin Ismoilov so‘zlaridan.

O‘shlik huquq faoli Izzatulla Raxmatullayev O‘zbek milliy madaniy markazining mazkur bildiruvini buyurtma sifatida qabul qilishini aytdi:

- Milliy markaz nodavlat tashkilotidir. O‘zbek milliy madaniy markazining u yoki bu odamni muhokama qilishga haqqi yo‘q. Agar vijdonan aytadigan bo‘lsak, Azimjon Asqarovning qilgan xizmatlarini hali birorta o‘zbek milliy madaniy markazi qilgan emas. Azimjon Asqarov Qirg‘izistonning haqiqiy patrioti, u korruptsiyaga qarshi, jinoyatchilikka qarshi kurashib kelgan.Milliy markaz bunday “zakaz”larni avvaldan bajarib kelgan. Masalan, taniqli huquq faoli Ravshan Gapirovning ustidan ham yozishgan, uni muhokama qilishgan. Nodavlat tashkiloti bo‘lganidan keyin bular o‘z ishini qilavermaydimi... Ularning siyosiy ambitsiyalar bilan chiqishi umuman qonunlarga to‘g‘ri kelmaydi. Bugungi kunda o‘zbek nomidan spekulyatsiya qilishni ular to‘xtatishi kerak, -dedi Izzatulla Raxmatullayev.

AQSh munosabati

Rossiyaning TASS agentligi AQSh Davlat departamentining Qirg‘iziston hukumati harakatiga munosabatini o‘rgandi. TASSning Davlat departamenti vakiliga tayanib xabar berishicha, “o‘zaro hamkorlik shartnomasining bekor qilinishi Qirg‘izistonga ko‘rsatilayotgan yordam dasturlarini “tahdid ostida” qo‘yishi mumkin”.

Mazkur dastur asosida Qirg‘izistonga ekstremizmga qarshi kurash, iqtisodni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, maorif sohasini mukammallashtirish, demokratik taraqqiyot sohalariga katta miqdorda moliyaviy ko‘mak berib kelingan.

AQShning Bishkekdagi elchixonasi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, mazkur dasturlar asosida mustaqillik yillarida ko‘rsatilgan yordam miqdori pul hisobida 2 milliard dollarni tashkil qilgan.

“Ba‘zida bizning fikrlarimiz bir-biridan farqlanishi mumkin. “Inson huquqlari himoyachisi” mukofotini topshirishda ham shunday bo‘ldi. Biroq fikrlar kelishmay qolganida ularni muhokama qilish bizning aloqalarimizni mustahkamlanishiga xizmat qiladi”, deb iqtibos keltiradi TASS Davlat departamenti rasmiysi so‘zlaridan.

Bishkekdagi AQSh elchixonasi esa Vashington “Qirg‘izistonga ko‘mak ko‘rsatishda davom etishi”ni bildirdi.

A‘zimjon Asqarov haqida

Azimjon Asqarov 2010 yil 15 sentyabrida O‘sh voqealariga aloqadorlikda ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan. Xalqaro va mahalliy huquqni himoya qilish tashkilotlari Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini ta‘kidlaydilar. Uning hamkasblari va xalqaro tashkilotlar Asqarovning aybsiz ekaniga amin bo‘lgan holda, qariyb besh yildan buyon huquq faolining ozod qilinishi uchun harakat qilib keladi.

Azimjon Asqarov 2011 yilning martida People in Need huquq hamjamiyatining Homo Homini, 2012 yilda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Xalqaro matbuot erkinligi mukofoti bilan taqdirlangan.

Shu yilning 15 iyulida Azimjon Asqarovga Vashingtonda Davlat departamentining "Inson huquqlari faoli" mukofoti topshirildi. mukoftoni uning o‘g‘li Sherzod qabul qilib oldi.

Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish masalasi prezident Atambayevning Yevropaga qilgan safarlari davomida yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari tomonidan bir necha marotaba ko‘tarilgan. Prezident Atambayev esa "Asqarovning aybsiz ekaniga dalil yo‘qligi"ni aytish bilan cheklangan.

XS
SM
MD
LG