Линклар

Tojikistonning Xatlon viloyatida 500 chog‘li ayol odam immun taqchilligi virusini yuqtirib olgan. Xastalikni mehnat muhojirligida bo‘lib qaytgan erlaridan yuqtirgani aytilayotgan bu ayollar oilalarini saqlab qolish uchun bu haqda birovga shikoyat qilishni xayollariga ham keltirmayaptilar.

Xatlon viloyat OITS markazi ma‘lumotlariga ko‘ra, 500 ga yaqin ayolning qariyb hammasi xastalikni mehnat muhojirligida bo‘lib qaytgan turmush o‘rtoqlaridan yuqtirib olgan. Bu erkaklarning ayrimlari OITSga chalinganini bilib turib kasallikni xotinlariga yuqtirgan bo‘lsalar-da, ayollarning birontasi ham “uydagi gapni ko‘chaga olib chiqmaslik” uchun hech joyga shikoyat qilmaganlar.

OITSga chalingan ayollarning ko‘pchiligi kasallik yuqtirib olganlarini homilador bo‘lib qolib, qon analizi topshirish uchun tibbiy markazlarga borgan paytlarida bilganlar.

Boxtar tumanida yashovchi 34 yoshli Mavjudaning to‘rt nafar farzandi bor. U eri 2009 yildan Moskvada ishlaganini, ammo OITSga chalinganidan keyin 2014 yili Rossiyadan badarg‘a qilinganini aytadi.

Mavjudaning eri Tojikistonga qaytganidan keyin kasallikka chalinganini xotinidan yashirgan va virusni unga ham yuqtirgan.

Mavjuda OITSga chalinganini shu yil fevral oyida tug‘ishiga ozgina vaqt qolganida bilib qolgan. Shifokorlar unga OITSga chalinganini aytganlar, keyin esa uning erini suhbatga chaqirganlar. Shifokorlar bilan suhbat chog‘ida Mavjudaning eri xastalikka Rossiyada chalinganini, biroq “oilani saqlab qolish uchun” buni sir saqlaganini aytgan.

Deportatsiya bo‘lib kelganidan keyin Rossiya eshiklari yopilgan bu odam endilikda Dushanbe bozorida hammollik qilmoqda. Hozirda OITSga chalingan bu er-xotin va yaqinda tug‘ilgan farzandlarini shifokorlar nazoratga olganlar.

Uy bekasi bo‘lgan Mavjuda turmush o‘rtog‘ining yaqinlari xastalikni eridan yuqtirganini bilishlariga qaramay, undan va bolalaridan hazar qila boshlaganini, shu tufayli so‘nggi paytlarda ko‘p vaqtini ota-onasining uyida o‘tkazayotganini iztirob bilan qo‘shimcha qiladi.

Xatlon viloyat OITS markazi rahbari Akrom Davlatov Tojikiston qonunchiligiga ko‘ra bu xastalikni bila turib boshqa odamga yuqtirgan shaxs javobgarlikka tortilishi kerakligini aytadi.

- Odam immun tanqisligi sindromiga chalingan kishi bilan suhbat o‘tkaziladi. Unga mazkur kasallikni bila turib boshqaga yuqtirgan kishi 5 yilga ozodlikdan mahrum etilishi uqtirilib, undan tilxat olinadi. Ammo shu paytgacha bu borada birovdan shikoyat tushganini bilmayman, - deydi Akrom Davlatov.

OITSga chalingan ayollar asosan o‘z dardlarini jamoatchilik tashkilotlariga aytadilar va huquqiy yordam so‘raydilar, biroq ularning hech qaysisi bu ishni sudgacha olib bormagan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Xatlon viloyatida OITSga chalinmish 1576 kishi ro‘yxatga olingan. Ularning aksariyatini kasallikni xotinlari va bolalariga ham yuqtirgan muhojir erkaklardir. Ular orasida kasallikni shprits orqali yuqtirib olgan giyohvandlar ham bor.

XS
SM
MD
LG