Линклар

Moskvaning “Salyut” Madaniyat markazida 16 avgust kuni bir guruh xorazmlik estrada yulduzlari konsert berdi. Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar uchun bepul kontserntni Moskvadagi O‘zbeklar milliy-madaniy avtonomiyasi uyushtirdi. konsert ishtirokchilari orasida Urganchda o‘ndan ziyod odamning o‘limiga sabab bo‘lgan artistlar ham bor edi.

16 avgust yakshanba kuni Moskvaning Tushino mavzesidagi “Salyut” madaniyat saroyida Xorazmdan kelgan bir guruh estrada xonandalari ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi. Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun O‘zbeklar milliy-madaniy markazi tomonidan uyushtirilgan bu tadbirda Yulduz Madaminova, Begzod Ismoilov, Zafar Qurbonboyev, Dilafruz Bekmetovalar ishtirok etdi.

Kechada, shuningdek, estrada xonandalariga Xorazmdan kelgan “Otajon Pot-Pot” qiziqchilar guruhi ham jo‘r bo‘ldi.

konsertni Moskva shahri va viloyati hamda qo‘shni viloyatlardan kelgan mehnat muhojirlari, shu yerda yashayotgan o‘zbeklar jamoasi tomosha qildi. Bepul konsert, tashkilotchilar so‘zlariga ko‘ra, mahalliy o‘zbeklar diasporasi - O‘zbeklar milliy-madaniy avtonomiyasi hisobidan tashkil qilingan.

Moskvadagi O‘zbeklar milliy-madaniy markazi vakillari bu konsert Moskvada an‘anaviy tadbirga aylanishi kutilayotgan bir qator madaniy tadbirlarning birinchisi ekanini aytmoqda. Tashkilot rahbari Habib Abdullayev joriy yilning sentabr va oktabrida o‘tkazilajak bu kabi kechalar Moskva shahar ma‘muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ma‘lum qildi.

Tadbirga taklif etilganlar orasida Yugoslaviya va Serbiyaning sobiq rahbari Slobodan Miloshevichning o‘g‘li Marko Miloshevichni ham ko‘rish mumkin edi.

Ayni paytda, xorazmlik estrada yulduzlari bilan birga “Salyut” madaniyat saroyi sahnasiga Xorazmning “8-kanal” rahbari Ulug‘bek Sobirov ham chiqdi va yig‘ilganlarni “O‘zbekiston mustaqilligi bayrami bilan tabrikladi”.

U Xorazm artistlarining Rossiyaning boshqa shaharlarida Navro‘z va Mustaqillik bayramlariga bag‘ishlab chiqishlari odatiy hol ekani, ammo Moskvada bunday tadbir birinchi marotaba uyushtirilayotganini eslatdi.

- Men eng avvalo kirib kelayotgan davlatimiz Mustaqilligi bayrami bilan tabriklayman va tadbir tashkilotchilariga katta minnatdorchilik izhor etaman. Endi o‘zbekchalab gapirsam mumkinmi? Xush ko‘rdik, sog‘ bo‘linglar, salomat bo‘linglar! Bugun Moskvada sizlarni ko‘rib turganimizdan benihoyat xursandmiz. Tadbirlarimiz davom etadi – bugun-erta. Rossiyada sizlarga o‘xshagan qora ko‘zlarga xizmat qilib, qayerda bo‘lishingizdan tashqari Ollohning panohida bo‘lishingizni so‘rab qolamiz. Topganlaringiz farzandlaringiz to‘ylariga buyursin. Shu to‘ylarda mana shu artistlar borib “ot dushi” xizmat qilsin!- dedi Ulug‘bek Sobirov.

Oldinroq Ozodlik Ulug‘bek Sobirov boshchiligidagi xorazmlik qo‘shiqchilar guruhi “Yoshlar ko‘li”dagi fojiadan 3 kun o‘tib, Rossiya bo‘ylab konsert gastrollarini boshlagani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Sobiq prokuror Ulug‘bek Sobirov ham so‘roqqa chaqirilgani, ammo 8-kanal “Yoshlar ko‘li”dagi konsertlarga faqat axborot ko‘magini ko‘rsatgani bois, telekanal rahbarlariga jinoiy javobgarlik tahdid solmayotgani xabar qilingandi.

Ulug‘bek Sobirov boshchiligidagi xonandalar guruhi Moskvadan tashqari Rossiyaning Tolyatti, Penza, Ulyanovsk shaharlarida konsert dasturlarida ishtirok etib, o‘z turnesini Sankt-Peterburgdagi konsert dasturi bilan yakunlashi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG